VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

05 Yanvar 2009 

Bugun Amerika Ovozida :

45 tilda xabarlar
Tahlil: Guantanamo qachon yopiladi?

05/01/2009

'Camp Justice' sign near the high-security courtroom in Guantanamo, Cuba, 08 Dec 2008
Yetti yil oldin ochilgan Guantanamo qamoqxonasi qachon yopiladi va u yerdagi mahbuslar taqdiri qanday hal etiladi? 

Barak Obama prezidentlikka kelgach bu masalaga yechim topishga so’z bergan. Xalqaro hamjamiyat unga ishonch bilan qaramoqda, deydi huquq himoyachilari. 

Lekin achchiq haqiqat shuki bu harbiy turmani yopish tez va oson kechmaydi.

Har safar Guantanamo masalasi ko’tarilganda Barak Obama “xavotir olmang, uni albatta yopamiz” deydi. Ammo Bush ham shunday degan. Mudofaa vaziri ham.

Oq Uy matbuot kotibasi Dana Perino “muammoga realistik yondashing” deydi.

“Tamom, Guantanamo qamoqxonasini yopamiz deya olmaysiz. Bu oson ish emas. Buni hatto bizning hukumatimizni tanqid qilib keladigan tomonlar ham tan olmoqda. Navbatdagi prezident ham, tabiiyki, bu ishni bir kunda bitira olmasligini tushunadi. Murakkab, juda murakkab…”

Guantanamo detainees stand side by side during midday prayers (file photo)
O’tgan yillar ichida Guantanamodan 500 dan ortiq mahbus ozod etildi. Bugunga kelib u yerda qariyb 250 asir qolgan. Ayrimlari allaqachon oqlangan, qolganlarining ishi mavhum. Ba’zilar u yerda yetti yildan beri o’tiribdi.

Mahbuslar uch guruhga bo’linadi: erkinlikka munosib, ammo borishga joyi yo’q insonlar; terror aybi qo’yilganlar va gumon ostida bo’lsa-da, aybini isbotlovchi dalil yo’q odamlar.

“Uchinchi guruhdagi odamlar - arosatda qolganlar",- deya tushuntiradi Maykl Oxanlon, Guantanamodagi vaziyatni o'rgangan tahlilchi.

"Hukumat ularni aybdor deb biladi, ammo buni tasdiqlovchi biror dalil topilmagan. Ularni qo’yib yuborishga xavfsirashayapti. Pentagon nima qilishini bilmaydi”.

A detainee at Guantanamo Bay, Cuba being escorted by two U.S. soldiers
Pentagon esa “bilamiz” deydi. Mudofaa vazirligi ularni sud qilmoqchi emas, chunki, rasmiylarga ko’ra, o’ta maxfiy ma’lumotlar oshkor etilishi mumkin. Qolaversa, bu mahbuslar aybiga qiynoqlar ostida iqror bo’lgan va sud bu ma’lumotni tan olmaydi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti xodimi Anna Mariya Brennan fikricha Guantanamo darhol yopilishi kerak.

“Tashkilotimizning talabi shuki mahbuslar yo ozod etilsin, yo ularning ishi odil sud oldida muhokama qilinsin. Bu insonlarni hech qanday aybsiz turmada saqlashga hech bir davlatning haqqi yo’q. Aybdor ekaniga isbot bormi, ko’rib chiqilsin”.

Camp Delta Cell Block for uncooperative dedtainees
Guantanamodagi mahbuslar orasida terrorchilar ham bo’lib, ular erkinlikka chiqarilsa, deydi Dana Perino, bunga qonunan prezident javobgar bo’ladi.

“Hozirgacha ozod etilganlarning yetti foizi, sizga aytsam, hozirda terrorchilarga qo’shilgan. Ayrimlari yana qo’lga tushgan. Sobiq asirlardan biri Iroqning Mosul shahrida o’zini portlatib, yana 40 kishining hayotiga zomin bo’lgan”,- deydi Perino.

Xullas mahbuslar taqdiri hal etilmaguncha, Guantanamo ham yopilmaydi.

Ba’zi siyosatdonlar asirlarni AQSh federal qamoqxonalariga ko’chirishni maslahat bermoqda. Boshqalar ta’biricha esa ularni hozirgi tizimda saqlagan ma’qul. Bu, deydi ular, hukumatga ular masalasini bir yoqli qilish uchun ko’proq imkoniyat beradi, jumladan so’roq qilish, tekshirish, sudlash.

Guantanamo Bay Dertainee
Dunyoning turli burchaklaridan chiqqan bu mahbuslar uchun alohida sudlar tashkil qilinsin deb chiqayotganlar ham bor. Bu eng ma’qul yo’l, deydi tahlilchi Maykl Oxanlon.

“Sizning nazaringizda xavfli bo’lsa, bu mahbusni panjara ortidan chiqarmaslik kerak. Guantanamodagi asirlar orasida bunday shaxslar borligiga shubha yo’q”.

Amerika jamoatchiligi bu borada turlicha fikrda. Kimdir Guantanamo xalq sha’nini bulg’ayapti desa, yana kimdir “bu terrorga qarshi kurash” deydi.

Hozirda AQSh Yevropa davlatlari bilan bu borada muzokara boshlagan. Masalani ular yordamida hal etishga urinmoqda.


E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
  Shu mavzuda
Guantanamodagi o'zbek mahbus ishi amerikalik advokat qo'lida
Apellyatsiya sudi Guantanamodagi uyg'urlar ishini ko'rib chiqmoqda
Xorijlik jurnalistlar Barak Obama haqida nima demoqda?
17 nafar uyg'ur taqdiri AQSh appelyatsiya sudi ixtiyorida
Makkeyn va Obama Markaziy Osiyo haqida nima biladi?
Guantanamodagi uyg'ur mahbus ishi qayta ko'riladi
Barak Obama prezident bo'lsa, "dushmanlar" bilan gaplashadi
AQSh Guantanamodagi mahbuslar taqdirini hal etishga urinmoqda
AQSh inson huquqlarini poymol etayotganlikda ayblanmoqda
Xalqaro Amnistiya: dunyoda xavfsizlik erkinlikdan ustun qo'yilmoqda
Guantanamodagi olti mahbus sudga tortilishi mumkin
Gollivud kino ustalari urush mavzusiga qaytmoqda
Uyg'urlar mustaqillik va xalqaro nufuz so'rashda davom etmoqda
Uyg'urlar uchun Albaniyada hayot "zerikarli"
AQSh yana qiynoqlarda ayblanmoqda
AQSh inson huquqlari bobida tanqid ostida
Uyg'urlar adolat talab qilmoqda, Xitoydan va jahon hamjamiyatidan
 
  Bosh mavzu

  Boshqa xabarlar