Ga'zo sektorida Isroil hujumidan o'lganlar soni soat sayin oshar ekan, xalqaro hamjamiyat Isroil va Xamasni sulh tuzishga undamoqda.Mojaroni hal qilishda, deydi siyosatdonlar, har ikki tomon bilan va mintaqa davlatlari bilan do'stona aloqaga ega Turkiyaning roli muhim.
Mojaro boshlanganidan beri Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog'an Suriya, Iordaniya, Misr va Saudiya Arabistoniga safar qilgan. U Xamas rahbarlari va Eron
prezidenti Mahmud Ahmadinejod bilan ham muloqot ilib bormoqda.
Tahlilchilar
fikricha Rajab Toyip Erdog'an ko'rsatayotgan diplomatik jonbozlik ko'proq
Turkiya ommasining kayfiyati va Ga'zo aholisiga xayrihoxligi bilan izohlanadi.
Shu kunlarda mamlakatda Isroilga qarshi norozilik namoyishlari avjida.
Erdog'an
a'zo Adolat va Taraqqiyot partiyasi boshchiligida Turkiya so'nggi yillarda
Yaqin Sharqda diplomatik mavqeini yuksaltirishga muvaffaq bo'ldi, deyiladi
"Washington Times" gazetasida bosilgan maqolada.
Mamlakatning mintaqadagi
asosiy o'yinchilar bilan do'stona munosabati hamda NATOga a'zoligi uni asosiy vositachiga
aylantirdi.Masalan, o'tgan yildan beri Turkiya shafe'ligida Isroil-Suriya
muzokaralari o'tkazib kelinadi. Biroq Isroil G'azoni o'qqa tutgach, hozircha
to'xtatilgan.
Turkiya hatto AQSh va Eron o'rtasida vositachilik qilishi mumkin
degan takliflar ham olg'a surilmoqda.
Turkiya
bosh vaziri maslahatchisi Ahmad Dovudo'g'li ta'biricha tashqi siyosatda ushbu
yo'nalishni mamlakatning qulay geografik joylashuvi, o'tmishda islom dunyosida
tutgan muhim o'rni hamda G'arbga moyilligi belgilab beradi.
Ayrim siyosatdonlar
bu doktrinani Turkiyaning bir paytlar Usmoniylar imperiyasiga kirgan
dalvatlarda o'z nufuzini oshirishga intilish deb ham baholamoqda.