Eronda
prezident saylovi yaqinlashar ekan,
diniy tuzumni isloh qilish kerak deya chiqayotgan yosh avlod vakillariga
tazyiqlar kuchaygan. Iyun oyida o’tadigan saylovda amaldagi prezident Mahmud
Ahmadinajodga qarshi kim maydonga chiqishi noma’lum.
Ammo
ehtimoliy nomzodlar orasida sobiq prezident Muhammad Xotamiy ham tilga olinadi.
Islohotchilarni yoqlab chiqayotgan gazeta va jurnallar bosim ostida.
“Kargozaran” nashri yolg’on ma’lumot tarqatganlikda ayblanib, yopib qo’yilgan.
Dekabr
oyida Xotamiy Tehron Universitetida so’zlaganida bu dargohga minglab yoshlar
yig’ilgan. Ushbu universitet bugun Ahmadinajod tanqidchilari to’planadigan
maskan deya ta’riflanadi.
Prezidentning
tarafdorlari shu kunlarda inson huquqlari himoyachisi, Nobel mukofoti
sovrindori Shirin Ibodiyning uyi oldida uni qoralab, namoyishga chiqqan. Ibodiy
amaldagi prezident va diniy hukumatning ashaddiy tanqidchilaridan biri. Shirin
Ibodiy fikricha Xotamiy erkin fikrlashga qodir inson.
Biroq
Eronda Oyatulla va Islomiy Kengash hukmron ekan, prezident kim bo’lishidan
qat’iy nazar biror o’zgarish bo’lishi qiyin, deya yozadi “Nyu-York Tayms”
gazetasining Tehrondagi muxbiri Nazila Fathiy.
Iqtisodiy
ahvol yomon ekan, Eron xalqi orasida siyosiy faollik sust. Oilasini boqishga
qiynalayotgan aholiga huquq uchun kurashish va dindorlarga qarshi turish oson
kechmaydi. Eron, atom dasturi yuzasidan bugun BMT Xavfsizlik Kengashining uch
sanksiyasi ostida.
Xalqaro
maydonda Ahmadinajodni quvvatlovchi davlatlar juda kam. Bu tabiiy, deya
mushohada yuritadi eronlik ziyolilar, chunki Ahmadinajodni o’z yurtida ham
ko’pchilik yoqtirmay qo’ygan. Eron xalqi o’zini xushmuomala va izzatgo’y
jamiyat deb biladi. Ahmadinajodning Isroil va AQShga qarshi, qolaversa boshqa
madaniyat va dinlarga nisbatan haqoratomuz gaplari ommaning me’dasiga tegib
ketgan, deydi eronlik sharhlovchilar.