Suv masalasi Markaziy Osiyoda birinchi o'ringa chiqishi kerak
Navbahor Imamova Vashington 02/01/2009
Energetika sohasi egalari
nazarida yaqin kelajakda tabiiy boyliklar, xususan suv uchun kurash yanada avj
oladi.
Bugun Vashingtondek siyosat o’chog’ida shu bashorat tez-tez quloqqa
chalinadi.
Markaziy Osiyoda suv taqsimoti azaldan nozik masala bo’lib kelgan.
Mamlakatlar orasida shu paytgacha ob-hayotdan unumli foydalanishga zamin
yaratuvchi birorta kelishuv yo’q.
O’zbekiston Markaziy Osiyodagi suv zaxiralarining 50 foizini iste’mol
qiladi. Vaholanki, deydi soha egalar, mamlakatdagi suv manbalarining 85 foizi tashqarida hosil
bo’ladi.
Sirdaryo va Amudaryoning boshi aslida qisman Tojikiston va Qirg’izistonda. Bugunga kelib har ikki daryoda suv sathi pasayib ketgan.
Mintaqa aholisining 65
foizi kam ta’minlangan va zamonaviy qulayliklar yetib bormagan qishloq joylarda
yashab, dehqonchilik bilan kun ko’radi. Suv tanqisligi esa turmushni yanada
qiyinlashtirgan.
Dehqon hali Markaziy Osiyoning hech bir qismida yerning asl
egasi emas. “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan fermerlarning aytishicha ijaraga olingan yer 80 gektardan kam bo'lsa, u dehqondan tortib
olinib, katta xo’jaliklarga qo’shib yuborilyapti.
Dehqonlar manfaati uchun kurashayotgan juda kam sonli mutaxassislarning
aytishicha, shirin-shakar ho’l mevasi va mazali, barra sabzavotlari bilan
faxrlanadigan yurtda uni ekkan odamlar xor.
Suv qahat bo’lgani sari esa dehqonning
ahvoli yanada og’irlashadi. Mahsulot ta’minoti pasayib, narx-navo yanada
ko’tariladi. Oziq-ovqat manbalari uchun kurash ajv oladi.
Bu nafaqat Markaziy
Osiyoda, balki butun jahon bo’ylab kuzatilayotgan holat, deydi iqtisod va
siyosat bobida izlanuvchi olim Yoxannes Linn.
“Tabiiy resurslarga boy davlatlar odatda ulardan unumli foydalana
olmasligiga xalqaro miqyosda ko’p guvoh bo’lamiz. Suv manbalaridan tortib,
neft-u tabiiy gazgacha. Chunki siyosiy tuzum boylikning samara berishiga yo’l
qo’ymaydi va bunga moslashmagan ham",- deydi Vashingtonda asoslangan Brukings (Brookings Institution) ilmiy instituti xodimi.
"Resurslardan qanday foydalanishni
biladigan davlatlar ana shu yosh jamiyatlarga yo’l ko’rsatishi, ularga ichki
tizimlarni rivojlantirish uchun yordam berishi kerak. O’z mahsulotlari uchun
ishonchli xaridorlar topish, oshkoralik va mas’uliyat haqida maslahat berishi
lozim”.
Suv noto’g’ri ishlatilgani uchun ham bugun mintaqa qurg’oqchilik xavfi
bilan yuzlashmoqda, deydi Yoxannes Linn.
"Suv inshootlari boshqaruvi va irrigatsiya tizimlarini isloh qilish kerak.
Hozirda mavjud suvning katta qismi isrof qilinadi. Qadim suv yo’llari siyosiy
chegara tanlamaydi. Hukumatlar ham kelishmovchiliklarga yechim topishi, bir
mintaqa sifatida ob-hayotni ayab, to’g’ri taqsimlab ishlatishga zamin yaratishi
shart".
Aks holda, deydi taraqqiyot masalalari bo'yicha mutaxassis, yaqin yillarda Markaziy Osiyo mushkul vaziyatda qoladi.
"Dolzarbligi jihatdan suv muammosi birinchi o’ringa chiqishi kerak”, - deydi Yoxannes Linn.
Rivojlanayotgan davlatlarga xos kasallik shuki, deydi tadqiqotchilar, hukumat
hamma yoqni egallab olishga intiladi.
Taraqqiyot esa erkinlik talab qiladi. Xususiy bizneslar rivoji uchun tadbirkorlikni targ’ib qilish kerak. Bu
esa o’z navbatida innovatsiya, yangicha ish uslubi, yangicha texnologiya va
yangicha, xilma-xil qarashlarga yo’l ochadi.
Amerikada Barak Obama prezidentlikka kelar ekan, mutaxassislar unga Markaziy
Osiyo bilan ko’p yo’nalishli aloqalarni yo’lga qo’yishni maslahat bermoqda.
AQSh
mintaqaga faqat harbiy yoki faqat moliyaviy sarmoya nuqtai-nazaridan qarasa, katta
xato bo’ladi, deydi ular.
Maqsad Markaziy Osiyoni siyosiy va iqtisodiy barqaror
hudud sifatida ko’rish bo’lsa, unga har sohada yordamni oshirish kerak, deydi
Yoxannes Linn.
“G’arbu-sharqda tez-tez tilga olinadigan “buyuk o’yin”, go’yoki tabiiy
boyliklar ustidan keskin raqobat ketayotgani haqidagi gaplar, mening fikrimcha,
kuchli asosga ega emas. Sarmoya kiritaman degan tomon uchun, masalan, Rossiya, Xitoy,
Amerika yoki Yevropa Ittifoqi bo’lsin, Markaziy Osiyoda imkoniyatlar
to’lib-toshib yotibdi", - deydi Linn.
"Markaziy Osiyo energetik jihatdan boy, ammo butun jahon miqyosida olib qarasak,
u qadar yirik ulushga ega emas. Muhimi shuki, resurslar o’z aholisining farovon
hayot kechirishi uchun yetadi. Buni ta’minlash esa bu xalq va ularni
boshqarayotgan rahbarlar iznida”.