Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini tuzishda
bosh-qosh bo'lgan Germaniya diplomatlariga ko'ra, shu paytgacha asosan inson
huquqlaridan nariga o'tmagan, cheklangan hamkorlik o'rnini endi strategik
munosabatlar egallaydi.
Ittifoq mintaqa davlatlarida diplomatik idoralarini
ko'paytirish, ko'proq yordam ajratish hamda turli sohalarda siyosiy dialog olib
borishni istaydi. Xo'sh, munosabatlar nega aynan bugun jiddiy tus olmoqda?
Birinchi navbatda, yaqin hamkorlikdan har ikki tomon
birdek manfaatdor. Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo tabiiy boyliklarini,
xususan gazni Turkiya va Gruziya orqali o'z bozoriga yetkazish o'ta muhim.
Yevropa diplomatlari energetik hamkorlik hamma narsadan ustun ekanini
yashirmaydi. Ayniqsa Rossiya, Xitoy va AQShning bu jabhada Yevropadan ancha
oldinda ekanini hisobga olsak.
"Osiyo davlatlari esa xalqaro maydonda
hurmat-e'tiborga tashna va ular ham energetik resurslarini iloji boricha
qimmatroq narxda va ko'p sonli xaridorga sotishni istaydi", - deydi Yevropa Ittifoqining
Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Piyer Morel.
"Mintaqa davlatlarining istagi ko'p tomonlama
munosabatlar qurish, geografik joylashuvi mahsulot sotish uchun noqulay
bo'lsa-da xalqaro maydonda boshqa davlatlar bilan teng o'yinchi bo'lish.
Yevropa Ittifoqi yosh davlatlarning bu tabiiy intilishini to'la quvvatlaydi".
"Yevropa Ittifoqi esa Markaziy Osiyoga yo'llarni
ochadi, mahsulotiga o'zi xaridor tanlab eksport imkoniyatlarini oshirish,
tabiiy resurslarini ishlab chiqarishda ko'maklashadi", - deydi Morel. "Erkin
savdo hamda raqobat sharoitida muayyan yirik derjavalarning regionda hukmronlik
qilishi qiyinlashadi. Xullas ittifoq Markaziy Osiyoni dunyoga ochishni
istaydi".
Piyer Morel o'tmishda Fransiya prezidenti
maslahatchisi va bu davlatning Xitoy va Gruziyadagi elchisi bo'lib ishlagan.
Ikki yil ilgari Yevropaning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus elchisi etib
tayinlangan.
O'tgan oy Kavkazdagi harbiy mojaro ketidan, Yevropa
Ittifoqini boshqarayotgan Fransiya tashabbusi bilan, Piyer Morel endilikda
ittifoqning Gruziyaga safarbar etilayotgan kuzatuvchi missiyasini ham
boshqaradi.
O'tgan hafta Parijda Yevropa Ittifoqi va Markaziy
Osiyo hamkorligiga doir ilk forum o'tkazildi. "Tadbir ancha oldin rejalangan
bo'lsa-da, Gruziyadagi voqealar Markaziy Osiyoga e'tiborni kuchaytirgani,
forumga tayyorgarlikni tezlashtirgani sir emas", - deydi Morel.
Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va Markaziyo Osiyo
davlatlari tashqi ishlar vazirlarini bir joyga to'plagan anjumandan maqsad
mintaqani ittifoqning barcha a'zolariga birdek tanishtirish, global
xavfsizlikka tahdid soluvchi omillarni belgilab olish va siyosiy muloqotni
kuchaytirishdir.
"Markaziy Osiyoda suv muammosi dolzarb", - deydi Piyer
Morel. "Sovet Ittifoqi davrida kollektiv va majburiy tarzda yo'lga qo'yilgan
barter sistemasi allaqachon ishdan chiqqan. Yevropa Ittifoqi har bir davlatning
suv boshqaruvi bo'yicha siyosatini qayta ko'rib chiqishga yordamlashadi".
Suv boyliklarini qanday taqsimlash o'ta nozik masala
va mintaqa davlatlari o'rtasida ziddiyatlarga sabab bo'lib keladi. "Yevropa
Ittifoqi bu kelishmovchilikni yechishda vositachilik qilmaydi, balki hamkor
sifatida yordam beradi".
Yevropa Ittifoqi va Markaziyo Osiyo forumida qabul
qilingan bayonotda, shuningdek, terrozim va odam savdosiga qarshi kurash, qurol
va qoradori kontrabandasiga qarshi chora ko'rish, mintaqaviy xavfsizlik va
Afg'onistonni tiklashda birga ishlash ko'zlangan.
AQSh Yevropa Ittifoqi tashabbusini quvvatlamoqda. Amerika
diplomatlari kabi Yevropa rasmiylari ham Markaziy Osiyoda hech qanday "Buyuk
O'yin" ketmayapti deydi.
"Hech bir davlat energetik xavfsizlik, terrorizm, narkotiklar savdosi va
suv muammolarini yakka holda yecha olmaydi. Ularni hal etish Xitoy va Rossiya
singari bizning manfaatlarimiz uchun ham xizmat qiladi", - deydi Piyer Morel.