Yetti yil oldin ochilgan Guantanamo
qamoqxonasi qachon yopiladi va u yerdagi mahbuslar taqdiri qanday hal etiladi?
Barak Obama prezidentlikka kelgach bu masalaga yechim topishga so’z bergan.
Xalqaro hamjamiyat unga ishonch bilan qaramoqda, deydi huquq himoyachilari.
Lekin achchiq haqiqat shuki bu harbiy turmani yopish tez va oson kechmaydi.
Har safar
Guantanamo masalasi ko’tarilganda Barak Obama “xavotir olmang, uni albatta
yopamiz” deydi. Ammo Bush ham shunday degan. Mudofaa vaziri ham.
Oq Uy matbuot kotibasi Dana Perino “muammoga realistik yondashing” deydi.
“Tamom, Guantanamo qamoqxonasini yopamiz deya olmaysiz. Bu oson ish emas. Buni
hatto bizning hukumatimizni tanqid qilib keladigan tomonlar ham tan olmoqda.
Navbatdagi prezident ham, tabiiyki, bu ishni bir kunda bitira olmasligini
tushunadi. Murakkab, juda murakkab…”
O’tgan yillar ichida Guantanamodan 500 dan ortiq mahbus ozod etildi. Bugunga
kelib u yerda qariyb 250 asir qolgan. Ayrimlari allaqachon oqlangan,
qolganlarining ishi mavhum. Ba’zilar u yerda yetti yildan beri o’tiribdi.
Mahbuslar uch guruhga bo’linadi: erkinlikka munosib, ammo borishga joyi yo’q
insonlar; terror aybi qo’yilganlar va gumon ostida bo’lsa-da, aybini isbotlovchi
dalil yo’q odamlar.
“Uchinchi guruhdagi odamlar - arosatda qolganlar",- deya tushuntiradi Maykl Oxanlon, Guantanamodagi vaziyatni o'rgangan tahlilchi.
"Hukumat ularni aybdor deb
biladi, ammo buni tasdiqlovchi biror dalil topilmagan. Ularni qo’yib yuborishga
xavfsirashayapti. Pentagon nima qilishini bilmaydi”.
Pentagon esa “bilamiz” deydi. Mudofaa vazirligi ularni sud qilmoqchi emas,
chunki, rasmiylarga ko’ra, o’ta maxfiy ma’lumotlar oshkor etilishi mumkin.
Qolaversa, bu mahbuslar aybiga qiynoqlar ostida iqror bo’lgan va sud bu
ma’lumotni tan olmaydi.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti xodimi Anna Mariya Brennan fikricha Guantanamo
darhol yopilishi kerak.
“Tashkilotimizning talabi shuki mahbuslar yo ozod etilsin, yo ularning ishi
odil sud oldida muhokama qilinsin. Bu insonlarni hech qanday aybsiz turmada
saqlashga hech bir davlatning haqqi yo’q. Aybdor ekaniga isbot bormi, ko’rib
chiqilsin”.
Guantanamodagi mahbuslar orasida terrorchilar ham bo’lib, ular erkinlikka
chiqarilsa, deydi Dana Perino, bunga qonunan prezident javobgar bo’ladi.
“Hozirgacha ozod etilganlarning yetti foizi, sizga aytsam, hozirda
terrorchilarga qo’shilgan. Ayrimlari yana qo’lga tushgan. Sobiq asirlardan biri
Iroqning Mosul shahrida o’zini portlatib, yana 40 kishining hayotiga zomin
bo’lgan”,- deydi Perino.
Xullas mahbuslar taqdiri hal etilmaguncha, Guantanamo ham yopilmaydi.
Ba’zi siyosatdonlar asirlarni AQSh federal qamoqxonalariga ko’chirishni
maslahat bermoqda. Boshqalar ta’biricha esa ularni hozirgi tizimda saqlagan
ma’qul. Bu, deydi ular, hukumatga ular masalasini bir yoqli qilish uchun
ko’proq imkoniyat beradi, jumladan so’roq qilish, tekshirish, sudlash.
Dunyoning
turli burchaklaridan chiqqan bu mahbuslar uchun alohida sudlar tashkil qilinsin
deb chiqayotganlar ham bor. Bu eng ma’qul yo’l, deydi tahlilchi Maykl Oxanlon.
“Sizning nazaringizda xavfli bo’lsa, bu mahbusni panjara ortidan chiqarmaslik
kerak. Guantanamodagi asirlar orasida bunday shaxslar borligiga shubha yo’q”.
Amerika jamoatchiligi bu borada turlicha fikrda. Kimdir Guantanamo xalq
sha’nini bulg’ayapti desa, yana kimdir “bu terrorga qarshi kurash” deydi.
Hozirda AQSh Yevropa davlatlari bilan bu borada muzokara boshlagan. Masalani
ular yordamida hal etishga urinmoqda.