Barak
Obama prezidentligining birinchi kunidanoq barcha diqqat va kuchini iqtisodiyotga
qaratib, inqirozdan chiqish uchun chora-tadbirlar ko’rishini aytmoqda.Iroqdan qo’shinlarni olib chiqish va
Afg’onistonda barqarorlik o’rnatishni ham asosiy vazifalardan biri deb belgilagan.
Prezidentlik
qasamyodini keltirib, Oq Uydagi kursiga o’tirar ekan, Barak Obama saylov kampaniyasida
bergan va’dalarini bajara boshlashi lozim. "Orzumiz
ushalishini uzoq kutdik. Lekin bu kecha, bu kun, bu saylov va bu damda Amerika o’zgarishga
tayyor ekanini namoyon etdi".
Obama
oldida talay muammolar yechimini kutmoqda.
Cho’kib borayotgan iqtisodiyot; Afg’oniston,
Iroq va Yaqin Sharqdagi urushlar…
Obama
inauguratsiya nutqida xalqni tinchlantirishga harakat qiladi. Iqtisodiyotni
mustahkamlash uchun nima qilmoqchi ekanini tushuntiradi.
1933 yilda buyuk depressiya davrida ham
Franklin Ruzvelt xalqqa shunday murojaat qilgan edi. "Qo'rqinch
oldida taslim bo’la olmaymiz",- degan edi Ruzvelt.
Barak
Obama ko’pchilik amerikaliklar nigohida umid manbai. 1961 yilda Jon Kennedi ham
o’z nutqida umid haqida gapirgan.
"Yurtim
menga nima qildi deb emas, men yurtimga nima qildim deya so’rash lozim",- degan edi Kennedi.Obama Kennedi prezidentlikka kelgan yili tug'ilgan. Amerika
xalqi yangi prezidentdan ulkan o’zgarishlar kutayotgani hammaga ayon.
Xalqning
bunga haqqi bor, deydi professor Alan Lixtman.
"Amerika
siyosatida udum va urflar kam. Inauguratsiya marosimi chuqur ahamiyatga ega. Hokimiyatning
tinch yo’l bilan o’zgarishi, bir ma’muriyat o’rniga boshqasining kelishi va ish
davom etishining ifodasidir".
Xalqaro
hamjamiyat ham Obamaning prezidentlikka kelishini intizorlik bilan
kutmoqda.
Tahlilchi Stiven Xess bu bejiz
emas deydi. "Obama Tinch okeanidagi bir orolda - Gavayida dunyoga kelgan. Bolaligining bir qismi Indoneziyada o’tgan.
Otasi afrikalik musulmon. Amerika bu singari rahbarni ko’rmagan. Dunyo ahli ham
shu bois undan hayratda".
Obama
AQShning ilk qora tanli prezidenti sifatida tarixga kiradi. Yaqingacha ham
bunday bo’lishiga ko’pchilik ishonmas edi, deydi Alan Lixtman.
"Oq
uyning o’zi qora tanli qullar tomonidan qurilgan. Bugun esa afro-amerikalik
uning sohibiga aylanmoqda. Barak Obama Amerika siyosiy tarixida katta burilish
yasagan inson. U irqiy bosimni yenga oldi. U haqiqiy amerikalik sifatida maydonga
chiqdi. Irqini ro’kach qilmadi". Prezident
inauguratsiyasi odatda tantana, parad, siyofat-u ballar bilan o’tadi.
Amerika
cheksiz muammolar girdobida ekan, Barak Obama ishni tezroq boshlash
harakatida.
Har bir daqiqa g’animat
axir, deydi Stiven Xess. "Tarixga
nazar solar ekanmiz, Amerikaning buyuk prezidentlari bu lavozimga juda murakkab
davrlarda kelgan. Xalqqa sidqidildan xizmat qilgani uchun ham buyuk".
Barak
Obamani butun Qo’shma Shtatlar bo’ylab keng quvvatlanmoqda.
Omma uning hozirgacha qilgan qarorlaridan
mamnun va unga katta ishonch bildirmoqda.
Lekin odamlar Obama oldida katta jumboqlar
turganini ham biladi.