VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

16 Yanvar 2009 

Today at VOA:

45 tilda xabarlar
Madaniyatlar to'qnashuvi - oddiy nazariyami yoki voqelik?

16/01/2009

Deyarli uch hafta burun 81 yoshda olamdan o'tgan taniqli amerikalik olim Samuel Xantingtonning dunyo taqdirini madaniyatlar to`qnashuvi hal etishi haqidagi tadqiqotlarida G`arb va Sharq o`rtasidagi ziddiyatlar va xalqaro terrorizmning kuchayishi bashorat qilinadi. Ba'zi tahlilchilar jamiyat erkinligi bo'g`ilib, sivilizatsiyalar o'rtasidagi qarama-qarshiliklar yanada kuchayib borayotganini ta'kidlab, Xantington bashoratlari amalga oshayotganini e`tirof etishmoqda.

Isroil-Falastin urushi dunyo jamoatchiligini befarq qoldirmadi. Uni yanada qutblashtirdi. G`arb yetakchilari Isroilning o'zini-o'zi himoya qilish huquqini qo'llab-quvvatlayotgan bo`lsa, Sharq dunyosi Isroilni bosqinchilikda ayblamoqda. Qutblashish diniy va geosiyosiy manfaatlarga ko`ra sodir bo'lmoqda.

Xantington tadqiqotida Isroil-Falastim mojarosi madaniyatlar to`qnashuvi alangalanishi mumkin bo`lgan nuqtalardan biri sanaladi. Hozirgi vaziyat marhum olim nazarda tutgan to`qnashuvlarning tezlashayotganidan darak bermoqda. Sharq noroziligi nafaqat Isroil, balki AQShga ham qaratilgan.
Siyosiy fanlar doktori Farhod Tolipov Samuel Xantington ilmiy rahbarlik qilgan obro'li Garvard universitetida ishlagan, olim nazariyasi bilan yaqindan tanish.

"Xantington buyuk olim. Amerika siyosatshunoslari orasida uni bu fanning otaxoni deb atasa ham mubolag'a bo`lmaydi. U rivojlanayotgan davlatlar haqida ham asarlar yozgan. Lekin dunyoda keskin bahs-munozaralarga sabab bo`lgan asosiy asari "Sivilizatsiyalar to`qnashuvi"dir. Bu asarda u 21-asr sivilizatsiyalar to`qnashuvi asri bo`ladi deb bashorat qiladi",- deydi Tolipov.    
Farhod Tolipovga ko`ra olim o'z tadqiqotlarida islom dunyosi va G`arb o`rtasidagi to`qnashuvlarga xolis yondashgan.

"Xantington islom dunyosini yuqori baholagan. Islom dunyosida buyuk kashfiyotlar qilingani, madaniy jihatdan yuksak darajaga ko`tarilgani va dinning Yevropaga katta ta`sir qilgani haqida yozgan. Shu bilan birga musulmonlar boshqalarga qaraganda tez suratlarda o`sayotgani, dinning keng tarqalayotganini ta`kidlaydi. Bu jarayon boshqa xalqlarda qarshilik uyg`otishi, ziddiyatlar keltirishi mumkin deb hisoblaydi. Yevropa va AQShga nisbatan noroziligi kuchaymasligi, ziddiyatlar, madaniyatlar to`qnashuvi kelib chiqmasligi uchun boshqa xalqlarni, ayniqsa islom dunyosini tushunish kerak deb aytadi",- deydi Farhod Tolipov.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov Xantington kelajakda kutilayotgan global siyosiy jarayonlarni tahlil etishga harakat qilgan tadqiqotchi deydi.

"Olim dinlar o`rtasida nizo chiqishi mumkinligi haqida ogohlantiryapti deyish mumkin. Lekin men bugun dinlar o`rtasidagi nizo u qadar kuchli deb hisoblamayman. Bugun ko`proq suv va energiya, zahiralar uchun kurash ketmoqda", - deydi Soyibnazarov.

Samuel Xantington dunyo taqdirini madaniy ko`rsatkichlarga ko`ra bo`ladi. AQSh va Yevropa gegemoniyasi protestantizm madaniyatining cho`qqisi hisoblansa, bashorat qilinayotgan madaniyatlar to`qnashuvidan so`ng dunyodagi geosiyosiy markaz G`arbdan Sharqiy Osiyo tomon ko`chadi deb yozadi.

Olim tadqiqotlari keskin tanqidga ham uchragan, biroq AQShdagi 11 sentyabr voqealari Xantington nazariyasiga bo`lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi.


E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
  Bosh mavzu

  Boshqa xabarlar