Isroil bugun Xamasga qarshi havodan va yerdan olib borayotgan hujumlarini
uch soatga to’xtatgan. Maqsad, deydi harbiylar, G’azo sektoriga insonparvarlik yordamini
kiritish bo'lgan. Hozirda harbiy harakatlar qayta boshlangan.Hudud 12 kundan beri o’q ostida ekan, oziq-ovqat, suv va dori-darmon
taqchil.
Isroil olib borayotgan urush xalqaro maydonda keskin tanqid ostida,
ammo mamlakat qurolli kuchlari G’azo ichkarisiga kirib bormoqda va operatsiya
qamrovi kengaygan.
O’tgan 24 soat ichida Xamasning 40 manzili nishonga olingan
va kamida sakkiz kishi halok bo’lgan.
Xamas esa Isroil janubiga raketa otishda
davom etmoqda.
Kecha G’azoda BMTga tegishli maktab, qochqinlar bolalari
qatnaydigan o’quv markazi, Isroil tomonidan o’qqa tutilganida 40 falastinlik
o’lgan. Maskanda yuzlab odam jon saqlayotgan edi, deydi mahalliy rasmiylar.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroil va Xamasni darhol qurol tashlab, sulh
tuzishga undamoqda.Pan Gi Mun Isroilga
safar qilishni rejalagan.BMTning G’azodagi rasmiysi Jon Ging Xamasga qarshi urush olib
borayotganini ta’kidlayotgan Isroilni befarqlikda ayblamoqda.
“BMT maktabi qizlarni o’qitadigan dargoh edi. Uning har tomonida BMT nomini
ko’rasiz. Bu xalqaro inshoot edi. Isroil
G’azoda BMT yuritadigan muassasalar qayerda ekanini yaxshi biladi. Shunga
qaramasdan bu maskan o’qqa tutilgan”,- deya tanqid qiladi Jon Ging. Isroil rasmiylari esa “Xamas maktabdan qalqon sifatida foydalanayotgan
edi. Jangarilar u yerda yashiringanini bilganimiz uchun ham uni o’qqa oldik”,-
demoqda.
Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi vakili Iyad Nosir G’azoda ahvol juda og’ir
deydi.
“O’lganlar soni daqiqa sayin oshmoqda. Oddiy aholidan tortib, tibbiy
xodimlar-u shifokorlar, hatto kasalxonalar tahdid ostida”,- deydi Iyad Nosir.
Xamas yetakchilari aholini bardam bo’lishga, Isroilga qarshi turishga va
oxirgi tomchi qoni qolguncha yahudiy davlatiga zarba berishga undamoqda. Xamas ustidan biror nazoratga ega bo’lmagan Mahmud Abbos, Falastin
prezidenti, BMT Xavfsizlik Kengashiga “Isroil aggressiyani bas qilishi uchun
barcha chorani ko’ring”,- deb murojaat qilgan.
Isroilning BMTdagi elchisi Gabriela Shalev esa “davlatimiz terror
o’choqlarini va hayotimizga xavf solayotgan guruhni yanchib tashlashga bel
bog’lagan.Xamasdek yovuz kuchdan
qutulishga, o’zimizni himoya qilishga haqqimiz bor”,- deydi.
“Biz falastinliklarga qarshi qurol ko’tarayotganimiz yo’q. Aksincha, bu xalqni garovga olib, uni qalqon
qilayotgan, uning sharafi ortida jon saqlayotgan qonxo’rlarni yo’q
qilmoqchimiz”,- deydi Isroilning BMTdagi elchisi.
Isroilni quvvatlayotgan AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays “bizningcha,
urushda Xamas aybdor. Lekin biz sulh tarafdorimiz; doimiy tinchlik bitimi
tuzilishini istaymiz”,- deydi.
AQSh
falastinliklarga insonparvarlik yordamini oshirib, mojaroga diplomatik yechim
izlamoqda, deydi Kondoliza Rays.
Misr rahbari Husni Muborak Isroil va Xamas orasida sulhga erishish uchun
vositachilik qilishga tayyor. Urush davom etar ekan, deydi u, nafaqat Falastin
yerlari, balki butun Yaqin Sharq beqaror bir mintaqa bo’lib qolmoqda.
Husni
Muborak Isroilni chegaralarni ochishga, insonparvarlik yordamining erkin
o’tishi uchun sharoit yaratishga chaqirmoqda.Isroil hozircha sulh haqida
gaplashmoqchi emas, ammo Xamas Misr taklifini o’rganib chiqayotganini
bildirgan.
Kecha Misrda muzokaralar olib borgan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi
fikricha Xamas Isroilga raketa hujumlarini to’xtatishi va tinchlik tarafdori
ekanini isbotlashi shart. Isroil G’azoni tark etsin, barcha qo’shinlarini olib
chiqsin, deydi Sarkozi. Bu urush, deydi Fransiya rahbari, Isroil qanchalik
harakat qilmasin, unga tinchlik olib kelmaydi.
Shu kungacha G’azodagi urushda 700 ga yaqin falastinlikning
yostig’i qurigan; ikki yarim ming kishi jarohatlangan. Isroil 10 ga yaqin
askarini va to’rt fuqarosini yo’qotgan.