Tahlilchilar nazarida uzoq yillar Saparmurot Niyozovga
sig’inib yashagan xalq uning o’limidan keyin biroz yengil nafas ola boshlagan.
Hozirgi rahbar Qurbonguli Berdimuhammedov avtoritar boshqaruvdan voz kechmagan,
ammo maorif, sog’liqni-saqlash, maishiy xizmat va ijtimoiy yordam bobida ancha
o’zgarishlar qilgan. Qolaversa, Turkmaniston tashqi dunyoga ancha ochiq.
Bir
turkmanning quvonch bilan aytishicha, uning vatani oldinga siljiyotganini oddiy
hayotda ko’rish mumkin: odamlar vaqtida maosh olayapti; chet elga chiqish qiyin
emas; pasport olish uchun pora berish yoki uzoq kutish shart emas, qonunan
belgilangan tartibda, boshog’riqsiz beriladi.
Kishini xursand qiladigan yana
bir narsa, deydi bu turkman, Ashgabat aeroportida sizni “vatanga xush
kelibsiz”! deb kutib olishayapti. Avvallari mamlakatiga qaytishda, hukumat
“nega xorijga bording” deya so’roqqa tutadi deb qo’rqib yashagan turkmanlar
uchun bu olamshumul yangilik.
Lekin, qarangki, bu fuqaro davlatni maqtab turib
ham o’z ism-sharifini aytishga xavfsiraydi. Hukumatdan qo’rqib yashash
Turkmaniston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida hayotning ajralmas
qismi.
Besh milliondan oshiq aholiga ega mamlakatda kishi boshiga oylik va yillik daromad, qolaversa ishsizlik darajasi haqida hatto Jahon Banki ham aniq ma'lumotlar bera olmaydi. Sabab hukumat ko'p narsani sir tutadi. AQSh rasmiy manbalariga ko'ra, 2007 yilda Turkmanistonda har bir fuqaro yiliga o'rtacha 5300 dollar daromad qilgan. Bugungi narx-navo bilan, deydi turkmanlar, oylikka yashash deyarli mumkin emas.
"Haqiqiy
va tub o’zgarishlar bo’lishi uchun yillab vaqt kerak, qolaversa istak va
xohish",- deydi mintaqada uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan mutaxassis Dan
Malinovich.
"Progress bo’lishi uchun xalqning siyosiy bilimi, o’ziga nisbatan
ishonchi oshishi lozim",- deydi u. "Toki odamlar saylov bu tanlash imkoniyati
ekanini tushunsin".
“Biz
Turkmaniston rasmiylariga Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning saylov tajribasi
haqida gapirib berdik. Tashkilotimiz faqat texnik ko’mak ko’rsatadi xolos. Biz
siyosatga aralashmaymiz. Chunki, siyosiy jarayonlar - ichki masala”.
Turkmanistondagi
saylovlarni bir necha xalqaro mutaxassislar kuzatgan. Lekin bir
partiyalik bu jamiyatda saylovlar qanday o’zgarish olib kelishi mumkin?
Dan
Malinovich “Ko’p narsa kutmang”, - deydi. Chunki uning fikricha mintaqa
ko’p-partiyaviylik, turfa fikr va g’oyalarga boy muhitda yashashga o’rganmagan.
Biroq o’tgan yillarda, uning kuzatishicha, odamlarning saylovlarga e’tibori
nisbatan oshgan.
Malinovichning aytishicha, jahonning qay nuqtasida saylov
bo’lmasin, uni davlat boshqaradi. Shu bois Turkmaniston yoki qo’shni
davlatlarda saylovni hukumat nazorat qiladi deya tanqid qilish ayrim hollarda
noo’rin.
Gap bu yerda saylov komissiyasining naqadar betaraf va xolis ishlay
olishida. Nomzodlar qanday tanlanadi? Matbuot ularni qanday yoritadi? Xalq ular
haqida nimalarni bilishi kerak?
“Turkmanistonda
axborot vositalari ko’p emas va ular hukumat iznida. Lekin bu safargi
saylovlarda deputatlikka nomzodlar va saylovoldi jarayoni keng
yoritilayotganiga guvoh bo’ldim. Bu yangilik. Lekin oshkoralikka erishish uchun
buning o’zi yetmaydi. Yana bir yangilik, nomzodlarning ko’p ekani. 125
deputatlik o’rni uchun 250 kishi bellashmoqda. Aytmoqchimanki, astalik bilan
vaziyat o’zgarayapti. Sekin, ammo uni tan olish kerak ”,- deydi Malinovich.
AQShning "Businessweek" (Biznes haftaligi) jurnali muxbiri Stiv Levin (Steve LeVine) Turkmanistonda biror katta o’zgarish ko’rmaydi.
Levin "Newsweek", "Wall Street Journal" va "The New York Times" kabi yirik jurnal va gazetalar uchun bir necha yil davomida Markaziy
Osiyodagi ahvolni yoritgan.
“Niyozov qazo qilgach, odamlarda o’zgarishga umid uyg’ondi xolos”, - deydi u.
“Saylovda
rahbariyat xohlagan odam yutadi. Mintaqa va sobiq ittifoq hudididagi boshqa ko’plab
jamiyatlar qatori Turkmanistonda ham saylovlar natijasi oldindan ma’lum”,-
deydi Levin.
“O’zgarish
har qanday jamiyatda oddiy aholi hayotidan boshlanadi. Mehnatkashlar turmushi osonlashayaptimi? Javob “yo’q” bo’lsa, biror yutuq
haqida gapirish qiyin”.
Jurnalist
nazarida Markaziy Osiyoda muammolar siyosiy chegara tanlamaydi.
Mintaqa tabiiy jihatdan qanchalik boy
bo’lmasin, bu resurslar rohatini har bir davlatda juda tor doira vakillari
ko’rmoqda, deydi Levin.
Qozonini zo’rg’a qaynatayotgan aholi uchun esa saylov,
nomzodlar va ular bilan bog’liq dabdaba safsata xolos.
Xalq va hukumat shu
tariqa bir-biridan uzoqlashib borarkan, tabiiyki, nima
qilmoq kerak degan savol tug’iladi.
“Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan
mutaxassislar fikricha amaldorlar vaziyatning og’irlashishi ularga qimmatga
tushishini anglab yetishi, muammolarni tan olib, mas’uliyatni his qila bilishi,
qolaversa odamlar orasida masalalar yuzasidan ochiq munozaraga yo’l berishi
lozim. Toki odamlar ham o’zgarish ularning faol ishtirokini taqozo etishini
tushunib yetsin.
Turkmanistonda hukumat 14 dekabrdagi saylov – xalq tanlovi
bo’ladi deb va’da bergan. Kuzatuvchilar orasida bunga ishonch past. Lekin umidni
so’ndirish qiyin. Dan Malinovich aytganidek, progressga qadamma-qadam
erishiladi, biroq qadamlar shaxdam bo’lishi kerak.