O'zbekiston Tashqi
ishlar vazirligi G'azo sektoridagi harbiy to'qnashuvlar yuzasidan munosabat bildirib,
urush muammoni hal qilmaydi deya qayd etgan.Yaqin Sharqda vaziyatning
keskinlashishi O`zbekistonda ham afsus bilan tilga
olinmoqda.
Taqvodorlar Isroilni
falastinliklarga nisbatan shafqatsizlikda ayblaydi.
O'zbekiston Tashqi ishlar
vazirligi qoshidagi “Jahon” axborot agentligi tarqatgan bayonotga ko`ra, G`azo sektorida harbiy
kuch ishlatish samara bermaydi va majarolar muzokara yo`li bilan yechilishi
kerak.
O`zbekiston musulmonlar idorasining
ulamosi, islomshunos olim Abdulaziz Mansurning aytishicha G`azo sektoridagi urush
kuzatib borilayapti va masjidlarda musulmonlar Isroil harbiy harakatini
qoralamoqda.
“Ayniqsa so`nggi paytdagi
qurbonlar, yoshu-qari, begunoh kishilar qonining to`kilishi, nojo`ya harakatlar,
inson huquqini poymol qilish... Siyosiy muammolarni muzokara yo`li bilan hal
etish o`rniga, shunday bir qo`poruvchilik bilan bo`layotgan harakatlarga
O`zbekiston xalqi achinib, noqonuniy, nosha`riy harakatlar qilayotganlarni
haqqiga duoibat qilamiz. Butundunyo musulmonlari, dunyo ahli noqonuniy
tajavuzkorlik davom etayotganiga guvoh bo`lib turibdi”, - deydi Abdulaziz
Mansur.
Yuqoridagi qaydlarga qaramasdan O'zbekiston hukumatining Isroil-Falastin mojarosiga nisbatan munosabati oydin emas.
Jamoatchilik orasida esa Isroilga qarshi kayfiyat kuzatiladi.
“Bu masala muhokama qilinayotganida ko`pchilik to`qnashuvda bitta yahudiy uchun 100 ta falastinlik
o`ldirilayotgani, dunyo jamoatchiligi bunga e`tiborsiz qarayotgani, harbiy
to`qnashuvlarni to`xtatish uchun zudlik bilan choralar ko`rmayotgani haqida
gapirishmoqda”, - deydi tarix fanlari doktori Fayzulla Isxoqov.
Olim fikricha "Jahon" chiqqan xabar umumiy gaplardan iborat. Umuman Markaziy Osiyoda, deydi Isxoqov, Falastin- Isroil mojarosi bo'yicha biror aniq pozitsiya yo'q.
“Mojaroda AQSh pozitsiyasi muhim
o`rinda turadi. Obama rasman prezidentlikka kelgach bu boradagi munosabatda
o`zgarishlar bo`lsa kerak. BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh pozitsiyasi bois zudlik
bilan qaror qabul qila olmayapti”, -deydi Isxoqov.
G`azo sektoridagi urush O`zbekiston
aholisi tomonidan keng muhokama qilinayapti deyish ham haqiqatga yaqin
emas.
Viloyatlardagi faollardan biriga ko`ra aksariyat odamlar dunyoda nima bo'layotganidan bexabar.
“Bizda o`zi ommaviy axborot vositalari bilan to`liq
tanishish imkoniyati yo`q. Televideniyeni ko`rish, radioni eshitish mumkin
bo`lgan chiroqning o`zi yo`q. Shuning uchun aholi hozir Yaqin Sharqda nimalar
bo`layotganidan ham, dunyo voqealaridan ham xabarsiz”, - deydi u.