VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

 
45 tilda xabarlar
Qirg'iziston AQShni bazadan nega ayirmoqchi?


05/02/2009

Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev Bishkek yaqinidagi AQSh harbiy bazasi yopiladi demoqda. Uning fikricha, qarorni hukumat qabul qilgan va parlament tasdiqlashi kerak. Shunday bo'lgan taqdirda AQSh harbiylari bazani olti oy ichida tark etishi lozim bo'ladi. Bu qaror ortida qanday sabablar yotibdi?

AQSh harbiylari Bishkek yaqinidagi aerodromga ilk bor 2001 yil dekabrida qadam qo'ygan. O'shanda Tolibonga qarshi urush boshlanganiga endigina ikki oy bo'lgan edi. "Manas" bazasi amerikaliklarga Afg'onistondagi operatsiyalar uchun suv va havoday zarur bo'lib, unda 1000 ga yaqin harbiy joylashgan. Baza tranzit nuqtasi ham bo'lib, har oy u orqali 15 ming harbiy va 500 tonna yuk o'tadi. AQSh kuchlari O'zbekistondagi Xonobod bazasidan chiqarilgach, "Manas"ning ahamiyati yanada oshdi.

Undan bir necha kilometr narida esa 2003 yilda Rossiya havo kuchlariga berilgan Kant harbiy bazasi joylashgan. AQShni Afg'onistondagi urush bahonasi ostida Rossiya manfaatlari zonasiga kirganlikda ayblab kelayotgan Kreml ko'p yillardan beri rasmiy Bishkekni amerikaliklarni "Manas" bazasidan haydashga undab keladi.

"Rossiya sobiq Sovet Ittifoqi hududida o'z ta'sir doirasini kuchaytirish siyosatini davom ettirmoqda. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini haqiqiy harbiy blokka aylantirmoqchi. Amerikani mintaqadan siqib chiqarishga harakat qilyapti," deydi moskvalik tahlilchi Pavel Felgenxauer.

Qirg'iziston uchun "Manas" bazasi bu ham daromad manbai, ham qudratli davlat bilan do'stona aloqalar kafolati edi. AQSh baza uchun yiliga 200 million dollar atrofida pul to'laydi.

Ammo ikki kun oldin Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev AQSh kuchlarini bazadan chiqarish vaqti kelganini aytgan. U bu bayonotni Bishkekda emas, Moskvada qilgani ham ramziy ma'noga ega. Kreml buning evaziga Qirg'izistonga 2 milliard dollardan oshiq pul va'da qilmoqda.

Agar Bakiyev aytganidek, AQShni bazadan chiqarishga asosiy sabab rasmiy Vashingtonning ijara to'lovini ko'tarishdan bosh tortayotgani bo'lsa, Qirg'iziston rahbarini tushunsa bo'ladi. Bozor munosabatlari deganidek, Rossiya o'ta sahiylik qilmoqda.

Ammo gap pulda emas, deydi Bishkekdagi "Istiqbol" siyosiy konsorsiumi rahbari, siyosatshunos Valentin Bogatirev.

"Rossiya AQSh bilan mafkuraviy kurash olib bormoqda, shu sabab uni bazadan chiqarmoqchi. Bazadan Afg'onistondagi terrorga qarshi kurashda foydalaniladi, bu esa Rossiyaga ham kerak. AQSh yangi to'lovlardan qochmagan. Bu - bir bahona," deydi qirg'izistonlik siyosatshunos. 

Valentin Bogatirevning aytishicha, Rossiyaning o'yini shundan ham ko'rinib turibdiki, prezident Medvedev Toshkentga safari chog'ida Islom Karimov pozitsiyasini qo'llab-quvvatlab, gidroelektrostansiyalar mintaqada barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olib qurilishi kerak, aks holda Rossiya bunday loyihalarda ishtirok etmaydi, deb Medvedevdan bu borada yordam kutgan Tojikiston va Qirg'izistonni ranjitgan edi. Ammo Rossiya prezidentining Toshkentga safaridan so'ng Bishkekka Rossiya bosh vazirining o'rinbosari Igor Sechin borib, Sirdaryo bo'yida Qambarota-1 gidroelektrostansiyasining qurilishi bekor qilinmaydi deb Bakiyevni tinchlantirgan. Loyiha qo'shma bo'lib, qiymati 1,7 milliard dollarga teng. Qirg'izistonlik tahlilchi Valentin Bogatirevning aytishicha, o'rtada O'zbekiston aldanib qoldi.

AQSh harbiylari "Manas" bazasini tark etmasidan oldin ularning o'rnini kim egallashi hozirdan aniqlandi.

Kecha Moskvada MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo 7 davlat tezkor kollektiv kuchlarni tuzishga kelishib olgan. Ular orasida tashkilotning o'tgan yil dekabr oyidagi majlisiga bormagan hamda deyarli shu davlatlar a'zoligidagi Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatidan chiqishini aytgan Islom Karimov ham bo'ldi. Azaldan O'zbekiston hech bir harbiy yoki siyosiy blokka qo'shilmaydi deb kelgan mamlakat rahbari fikrini nega o'zgartirgani hozircha noma'lum.

Kollektiv kuchlar tarkibida 20 mingga yaqin qo'shin bo'ladi. Rossiya rahbariyati nazarida harbiylarning bir qismi aynan "Manas" bazasiga joylashtiriladi.

Moskvalik mustaqil siyosatshunos Artyom Ulunyanning aytishicha, Bakiyevning amerikaliklarni bazadan chiqarish qarori ortida yana bir sabab bor.

"Bakiyev muddatidan erta saylovlar o'tkazishda Rossiya yordamiga muhtoj. Mamlakatda siyosiy ahvol tobora taranglashmoqda, muxolifat har qachongidan birlashgan. Xalq ham hukumat ishidan norozi. Prezident Rossiya puliga islohotlarni amalga oshirib, vaziyatni to'g'irlashga harakat qiladi." 

Ammo Vitaliy Bogatirev nazarida va'da qilinayotgan pulning hammasi Qirg'izistonga berilmaydi.

"Bir necha yuz million berilishi mumkin. Ma'lum qismini rossiyaliklarning o'zi gidroelektrostansiyani loyihalashtirish uchun olib qoladi," deydi Bogatirev.

AQShni "Manas" bazasidan chiqarishga qaratilgan ko'rsatma Qirg'iziston parlamentiga kecha taqdim etilgan va yakuniy qaror kelasi hafta qabul qilinishi mumkin. Qirg'iziston muxolifati Bakiyev qarorini tanqid ostiga olmoqda.


Listen to This Report AQSh harbiylarini "Manas" bazasidan chiqarish sabablari
Download  (MP3)
Listen to This Report AQSh harbiylarini "Manas" bazasidan chiqarish sabablari
Tinglang (MP3)
E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
  Bosh mavzu
O'zbek ziyolilari Afg'onistondagi saylovoldi vaziyatni sharhlaydi

  Boshqa xabarlar
Turkiya-Armaniston chegarasi ochilishi mumkin
O'zbek ziyolilari Obama faoliyatini ijobiy baholamoqda
AQSh senatori: O'zbekiston istasa, vaziyatni o'zgartira oladi  Audio Clip Available
Pokistonga noharbiy yordam berish masalasi muhokamada
Hamid Karzay ikkinchi muddatga saylanmoqchi
Siyosatni maqtagan qahramon, tanqid qilgan esa dushman
Obama soliq kodeksini isloh qilmoqchi
Mintaqaviy ziddiyatlar Almati sammitida namoyon bo'ldi
O'zbekistonda cho'chqa grippiga qarshi ehtiyot choralari
Al-Qoida Amerika xavfsizligi uchun hamon jiddiy tahdid
Grippga qarshi kurashga millionlab ko'ngilli safarbar etilmoqda
Gripp pandemiyasi xavfi: vaksina topish ishlari avjida
Gripp va muhojirlar: o'zbekistonlik mutaxassis bilan suhbat  Audio Clip Available
Cho'chqa grippi pandemiyaga yetaklashi mumkin
Obamaga ishonch baland, lekin iqtisod qachon tiklanadi?
Grippning yangi turi dunyo bo'ylab xavotir uyg'otmoqda
Ishsizlik: Inqiroz ayniqsa mehnat muhojirlariga og'ir tushmoqda 
Markaziy Osiyo rahbarlari suv bo'yicha kelisha olmagan
Kreml Markaziy Osiyodagi siyosiy nufuzini boy bermoqchi emas
Jahon Banki: krizisning Markaziy Osiyoga ta'siri katta
Cho'chqa grippi tarqalarkan, asosiy talab - ogohlik
Amerika mintaqa farovonligini ko'zlasin, deydi tahlilchilar  Audio Clip Available