|
Amerikada cho'chqa grippiga chalinganlarning aksariyati Meksika bilan chegaradosh shtatlarda
|
Amerika qo'shni Meksikadan chiqib, hozir
uning hududida ham tarqalayotgan cho'chqa grippiga qarshi chora ko'rar ekan,
diqqat chegaradagi shtatlar, xususan Kaliforniya, Arizona, Nyu-Meksika va
Texasda.O'zbekistonlik muhandis, qishloq
xo'jaligi va irrigatsiyasi sohasi egasi Asqar Karimov Texas shtat hokimiyatida
ishlaydi. Bugun bu mintaqada hukmron vaziyat bilan yaqindan tanish. "Amerika Ovozi" bu yosh mutaxassis bilan
suhbatda bo'ldi.
"Amerika Ovozi": Asqar, Amerikaning yirik va qishloq xo'jaligiga asoslangan bir shtatidasiz. Cho'chqa grippidan Texasda ikki yoshli go'dak olamdan o'tgani ma'lum. Aholi bu epidemiyadan qanchalik xavotirda?
Asqar Karimov: Bu ikki
yashar bola Meksikadan Texasning Brounsvill (Brownsville) shahriga shu hafta
kelgan ekan. Brounsvill shahri men turgan va mehnat qiladigan joyga yaqin,
taxminan 30 kilometr narida. Meksikaning Matamoras degan shtati bilan
chegaradosh. Hamma xavotirda, albatta. Mening ham farzandlarimdan biri maktabga
boradi. Maktab, jamoatchilik, ishxonalarda ham kasallikning oldini olish uchun
targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilayapti.
"Amerika Ovozi": Amerika hukumati favqulodda tibbiy holat
e'lon qilgan. Grippga qarshi dorilar tarqatilmoqda, maxsus muolajaa markazlari
ochilgan. Oddiy odamlar kasallik haqida, qo'shni Meksikada vaziyat qandayligi
haqida yaxshi bilishadimi, sizningcha?
|
Odamlar bu xavfli virus va undan qanday saqlanish haqida biladi, deydi Asqar Karimov
|
Asqar Karimov: Biz yashaydigan joy chegara bo'lgani uchun
ko'pchilik ispan tilida gaplashishadi. Ko'pchilikning, jumladan mening
hamkasblarimning ham Meksikada oilasi yoki qarindosh-urug'i bor. Shu bois aksariyat odamlar u yerdagi
ahvol haqida yaxshi bilishadi. Mahalliy televideniye va radiolarda bu kasallik
haqida tinimsiz ma'lumot berilayapti. Chegaradan kirishda har bir kishi
tekshiruvdan o'tkazilayapti. Xoh Meksika fuqarosi bo'lsin, xoh boshqa… Kim
bo'lishidan qat'iy nazar Amerikaga kirganda tekshirilayapti.
"Amerika Ovozi": Kasallik tufayli global maydonda bu hayvon
va uning go'shtiga nisbatan munosabat o'zgargandek… Qishloq xo'jaligi sohasida
ishlaysiz. Amerikaning go'sht manbai sanalgan Texasda, bilamizki, cho'chqa
fermalari ko'p. Chorvadorlar qanday choralar ko'rmoqda?
Asqar Karimov: Texasda hozircha hech narsa o'zgarmagan.
Cho'chqa go'shti iste'moli borasida hali hech qanday cheklovlar qo'yilmagan.
Kasallik aynan shu go'shtdan chiqqan degan xulosaga hali kelingani yo'q. Balki
shunday bir xulosaga kelinar, lekin hozircha unday axborot yo'q.
"Amerika Ovozi": Texasda o'zbeklar, o'zbekistonlik muhojirlar
ko'pmi? Asosan qayerda va qanday jabhalarda ishlashadi?
Asqar Karimov: Biz yashaydigan joyda yo'q, lekin ayrim
universitetlarda talabalar, o'qituvchilar bor. Malaka oshirayotgan
o'zbekistonliklarni ko'rasiz. Texas shtatida ancha muncha o'zbeklar bor. Mana
bizda Texas A & M Universiteti bor, qishloq xo'jalik universiteti. Bizga
yaqin bo'lgan o'zbeklar asosan o'sha yerda. Muloqotda bo'lib turamiz, muntazam
ravishda.
"Amerika Ovozi": Eshitishimizcha siz ham yaqinda shu
universitetda doktorlik darajasi ustida ishlashni boshlar ekansiz.
Tabriklaymiz.
Asqar Karimov: Katta rahmat.
"Amerika
Ovozi": Sizga ham rahmat. Omon bo'ling.