Inson borki to'q yashashni va bilishni istaydi. Muhim o'zgarishlar va hokimiyatda o'tirganlar nima bilan band
ekanini yoritish esa axborot vositalarining vazifasi. Ular nafaqat hukumat va
xalq, balki jamiyatlar orasidagi ko'prik ham.
Matbuot xalq fikrini
shakllantiruvchi asosiy vosita. Shu bois ko'plab davlatlarda nazorat va diqqat avvalo shu tizimlarga
qaratiladi.
Hozir axborot asri bo'lishi
mumkin, lekin informatsiya oqimi hamon cheklangan.
Vashingtonda "Newseum" –
Jurnalistika muzeyi bor. Maqsad odamlarni bu soha bilan yaqindan tanishtirish.
Amerikadek axborot qaynaydigan jamiyatda nahotki bunga zarurat bor degan savol
tug'ilishi mumkin.
"Demokratik jamiyat qurish va demokratik tizimni asrash erkin matbuot
talab qiladi. Bu oson ish emas",- deydi Syuzan Bennett (Susan Bennett), jurnalistika muzeyi
vitse-prezidenti.
Uning aytishicha maskan nafaqat Amerika, balki dunyo ahliga
axborot olish huquqi eng oliy erkinlik ekanini tushuntirib, odamlarni ogohlikka,
ziyo izlashga undaydi.
Soha ustalari nazarida jahon jurnalistikasi asosan ikki masala bilan
kurashib kelmoqda. Birinchisi, axborot bozorida moliyaviy salohiyatni saqlab qolga holda sifatni ta'minlash va ma'lumotlar ko'lamini oshirish. Ikkinchi muammo esa bundan-da global: axborot vositalarini erkinlashtirish va ularni siyosiy-moliyaviy ta'sirdan saqlash.
Rivojlangan davlatlarda matbuot erkin. Jurnalistlar
amaldorlarni savolga tuta biladi. Ularning qora ishlarini tekshira, yorita
oladi. Lekin talab va ta'minotni bozor belgilar ekan, axborot – mahsulot
sifatida ko'rilar ekan, ko'plab muhim yangiliklar gazeta va jurnal
sahifalaridan, televideniye ekranlaridan va radio to'lqinlardan chetda
qolmoqda.
Qanday xabar ko'p o'quvchi, tomoshabin yoki tinglovchi topsa, o'sha
mavzuning oshig'i olchi. Sensatsion xabarlarga berilish oson. Xuddi Darfurda
yuz minglab odam qirilayotgani yoki Pokiston-Afg'oniston chegarasida odamlar
ochdan o'layotgani tinch va farovon jamiyatlarga taaluqli yangilik emasdek…
Bugun odamlarni o'ylantiradigan mazmunli
ma'lumot kam, deydi uzoq yillar muxbirlik qilgan Syuzan Bennett.
"Amerikada axborot mahalliy xabar degani. Dunyoning narigi chekkasidagi
o'zgarish bizning hayotimizga bevosita ta'sir qilmayaptimi, demak, bu borada
bilmasak ham bo'ladi", - deb qarashadi. Jahonni kezgan, xalqaro voqealarga
qiziqqan odamlar bunday yondashuvga qarshi",- deydi jurnalist.
"Dunyo kichrayib bormoqda. Muammo
borki, global. Xalqimiz keng fikrlasin desak, sayyoramizdagi hayot haqida iloji
boricha ko'p bilishga harakat qilish kerak".
Matbuot erkinligi cheklangan mamlakatlarda esa, masalan, O'zbekistonda
axborot vositalari jamiyat ko'zgusi emas. Davlat iznidagi tele va
radiokanallarda ko'rib tinglayotganingiz haqiqatdan juda yiroq. Tashqi dunyodan axborot
olishga to'siqlar qo'yilgan.
"Amerika Ovozi", "Ozodlik" yoki "BBC" kabi xalqaro
axborot vositalarining dasturlari mahalliy radio yoki telekanallarga chiqa
olmaydi. Internet sahifalarga ta'qiq qo'yilgan. Hukumatni tanqid qilish ayb
ekan, bunday ma'lumotlarni o'qish ham davlatga qarshi harakat sifatida
qaraladi. Yaxshiyam Rossiya axborot vositalari bor, deydi ayrim
o'zbekistonliklar. Lekin odamlar dunyoga Rossiya nuqtai nazaridan qarayotganini
ham biladi.
Axborot noto'g'ri bo'lsa, jamiyatlar bir-birini tushunmaydi.
"Shu sabab ikki davlat o'rtasida axborot almashinuvi va asosan ikki jamiyat o'rtasida erkinroq axborot oqimini yuzaga keltirish kerak",- deydi AQShning Vayoming Universitetida (University of Wyoming)ilmiy izlanishlar olib borayotganAhad Abdurahmonov.
U singari bilimli yoshlar fikricha xalqlar
bir-biri haqida yaxshiroq bilimga ega bo'lsa, aloqalar ham shunga yarasha
bo'ladi. Demak, har ikki mamlakatdagi teleradio va gazeta-jurnal xodimlari uchun
zarur imkoniyatlar yaratilishi, yopiq eshiklar ochilishi lozim.
Jurnalistlarning malakasini oshirish ham muhim vazifa, deydi AQSh Davlat
departamenti, Oq uy va chet elda muxbirlik qilgan Syuzan Bennett.
"Bugun nima
ko'p, sifatsiz material va sharhlar",- deydi mutaxassis. "Amerikada jurnalistika
muzeyini ochishdan yana bir maqsadimiz shuki, deydi u, odamlar u bilan tanishib
axborot yig'ish, uni efirga uzatish yoki nashr etish naqadar mushkul ish
ekanini bilsin".
Internet bu sohani ostin-ustun qilib yubordi, ammo uning asosi
o'sha-o'sha: yangilik, uning turmushga ta'siri va uning ortida turgan odamlarni
yoritish, jamiyatni qiynayotgan masalalarni muhokama qilish va fikr almashish
uchun zamin yaratish. Xalq dardini hukumatga yetkazish, hukumat nima chora
ko'rayotganini tekshirish. Jamiyat uyg'un bo'lishi uchun hissa qo'shish.
Bu
yo'lda har yili yuzlab jurnalistlar jon beradi, panjara ortiga tashlanadi yoki
qoralanadi. BMTga a'zo barcha davlatlarda so'z va matbuot erkinligi qanday
ekanini jurnalistika muzeyidagi ko'rgazmalardan bilish mumkin.
"Devorlar haqiqat
izlab halok bo'lgan muxbirlarning rasmi bilan to'la. Ularning qiziquvchan,
umidga to'la ko'zlarini unutish qiyin",- deydi muzey vitse-prezidenti Syuzan
Bennett.
Balki bu muzeyni ko'rish sizga nasib etmas. Uh
tortishga hojat yo'q: ziyo izlayotgan inson haqiqatga yetish – mashaqqatli yo'l
ekanini shundoq ham yaxshi biladi.