Ekspert: Markaziy Osiyo xorijiy sarmoyani saqlab qolishi kerak
Navbahor Imamova Vashington 24/12/2008
Xalqaro kompaniya va turli hukumatlarga
maslahat beruvchi Krull Korporatsiyasi asoschisi, bolgariyalik iqtisodchi olim
Aleksandr Mirtchev fikricha bugungi iqtisodiy inqiroz umumbashariy sinovdir.
Tanazzul sabablari yoki yechimi bir davlat qo’lida emas. Undan o’zini tiklab
olgan mamlakatlar, deydi Mirtchev, dunyo kelajagini hal qiluvchi o’ringa ega
bo’ladi.
Aleksandr Mirtchev
Vashington siyosiy doiralarida ham ishbilarmon, ham maslahatchi sifatida
tanilgan.
Uning fikricha AQSh banklarga yordam paketlari taklif qilish
bilangina tanazzuldan chiqa olmaydi.
Amerika, deydi u, bugungi siyosati bilan
uzoqni ko’zlamayapti. Iqtisodiy tizimni qayta ko’rib chiqishi, bozor siyosiy
chegaralar tanlamasligi, pul birligi bilan dunyo moliyaviy tizimini tebratish
qiyin ekanini tan olishi darkor.
“Bugungi vaziyatda
hukumat yordami zarurligini tan olamiz, ammo bu vaqtincha bo’lishi kerak.
Bozorni, biznesni raqobat tebratadi. Hukumat bunga aralashmasligi kerak”,-
deydi Mirtchev.
Markaziy Osiyo davlatlari
inqiroz ta’siridan xavotirlanib, unga qarshi kurash dasturlari ishlab chiqqan. Mintaqada
eng kuchli iqtisodiyotga ega Qozog’iston, masalan, xususiy sektorga bir milliard
dollargacha yordam berishga tayyor. Mustaqil Davlat Hamdo’stligi doirasida esa
10 milliard dollarli qo’shma jamg’arma tuzilgan.
“Markaziy Osiyo
iqtisodiyoti global bozorning bir qismi”,- deydi Aleksandr Mirtchev. “Hozircha xulosa
qilishga erta, ammo oxir-oqibat manzara har bir davlatda turlicha bo’ladi,
chunki iqtisodiy sharoit o’zgacha. Choralar ham har bir davlatda
siyosiy-iqtisodiy tajribadan kelib chiqqan holda ko’rilmoqda. Bir narsa aniq:
bugungi inqiroz ayniqsa kambag’al mamlakatlar tinkasini quritadi”.
Xorijiy sarmoya
oqimini saqlab qolish eng muhim vazifa, deydi Mirtchev.
"Qozog’iston singari
davlatlar, G’arbdan jalb qilingan investitsiya qadriga yetib va G’arbda
moliyaviy tanglik vujudga kelayotganini his etib, oldindan chora ko’rishni
boshladi. Masalan, Qozog’istonda byudjet tuzilayotgan paytda, o’tgan yili,
neftning har barreli uchun 60 dollar o’rtacha baho deb belgilangan. Ya’ni ular
qora oltin narxi tushishini oldindan ko’ra bilishgan. Bugun uncha sarosimada
emas”.
Biznes samara
berishida ishonch juda muhim rol o’ynaydi. Bugun, deya so’raymiz Aleksandr
Mirtchevdan, Amerika sarmoyadorlari nazarida Markaziy Osiyo davlatlariqandachalikishonchli biznes hamkorlar?
“Xalqaro kompaniyalar
sarmoyani kamaytirishi, ishlab chiqarishni qisqartirishi mumkin. Ammo tadbirkorlar
o’sish va talab qayerda bo’lsa, o’sha joyda ildiz otishga harakat qiladi.
Markaziy Osiyo va Rossiyada pul tikib, nazarimda, xato qilmaydi. Hozir shokka
tushishi tabiiy, ammo men yirik kompaniyalarga rivojlanayotgan davlatlarni tark
etmang deyman",- deydi Mirtchev.
"Bu katta bozorlar. Ishonchga kelsak, bu fundamental talab.
Qozog’iston, masalan, ishonchni oqlayotgan hamkor ekanini isbotlash qiyin emas.
Biznesda omad va ishonch yonma-yon yuradi. Kim ishonchli ekanini sarmoya
oqimidan bilasiz”.
Qozog’istonning Vashingtondagi
elchisi Erlan Idrisovning aytishicha, uning davlati bo’lajak prezident
Barak Obama bilan muloqot boshlagan. Amerikaning yangi rahbari Markaziy Osiyoga
safar qilsa, avvalo Ostonada bo’ladi degan ishonch baland.
Safarlar o’z yo’liga,
deydi AleksandrMirtchev. Uning fikricha AQSh
mintaqaga yangicha ko’z bilan qaray boshlashi kerak. Gap muvozanatli siyosatda,
deydi u.
“Markaziy Osiyo davlatlari
bilan ularning bugungi salohiyatini, dunyo barqarorligi yo’lida o’ynayotgan
rolini tan olgan holda, muomala qilish kerak. Ikkinchidan, AQSh ularni bir
tomonni tanlashga majbur qilmasligi lozim.Ular Rossiya, Xitoy va AQSh orasida sarson bo’lmoqchi emas. AQShning yangi
rahbari uchun ma’qul qadam - ularni bunday vaziyatga qo’ymaslik",- deydi Mirtchev.
"Mintaqadagi
vaziyat va mentalitetga qarab konstruktiv muloqot olib borish. Markaziy Osiyo
rahbarlari ham o’z navbatida iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot ular manfaatida
ekanini tushunib, islohotlarga zo’r bersin, xalq farovonligi uchun xizmat
qilishni o’ylasin”.
Aleksandr Mirtchev,
ayrimlar nigohida, Vashingtonda Qozog’iston singari neftga boy davlatlar
manfaatini himoya qilayotgan lobbistlardan biri. Iqtisodiy fanlar doktori
Mitchev esa o’zini moliyaviy muammolarga yechim topib, biznes maslahatlari
beruvchi kompaniya egasi deb tanishtiradi.
“Hechbir hukumatning odami emasman. Biznesni
yaxshi tushunaman xolos”,- deydi u.
Bozorni, deydi Mirtchev, har qanday jamiyatda usta
tadbirkorlar tebratadi.
Hukumatlarning vazifasimas’uliyatli siyosat bilan chiqish; raqobat, mahsuldorlik va iqtisodiy
taraqqiyot uchun zamin hozirlash.
"Odamlarni sarmoya
qilishdan to’xtata olmaysiz, chunki inson borki, oldinga siljishni, bir so’mi ikki
so’m bo’lishini xohlaydi. Ularda tizimga ishonchni shakllantirish zarur.
Imkoniyatlar maydoni keng", - deydi Aleksandr Mirtchev, "muhimi qonunlar adolatli,
aniq va ravshan, tuzum oshkora bo’lsin".