|
Iqtisodiy va ijtimoiy muammolar odamlarni o'z joniga qasd qilishga yetaklamoqda. Aksariyati yoshlar.
|
Tojikistonda o'z joniga qasd qilish
hollari yildan-yilga ko'payib bormoqda.
Mutaxassislar nazarida buning asosiy sababi – mamlakatdagi og'ir iqtisodiy
vaziyat. Jamiyat, qariyb 20 yildirki, tanazzuldan chiqa olmayapti deydi ular.
Mustaqil tahlilchilar
hisobicha Tojikistonda har 2 ming odamdan biri o'z joniga qasd qilishga
moyil va har 5 mingdan biri bunga qo'l uradi.
So'g'd viloyatida oxirgi 4
yil orasida 600 ortiq odam o'z joniga qasd qilgan.
Respublika Bosh prokurori
o'rinbosarlaridan birining ma'lum qilishicha, shu yilning birinchi choragida 66 kishi o'zini o'ldirgan. Shundan 49 holati So'g'd viloyatida qayd qilingan.
Omon qolganlarning aksariyati
oilaviy mojaro va og'ir iqtisodiy ahvol sabab o'z jonidan to'yganini bildirgan.
Salohiddin Mirzoahmedov ismli
yigitning aytishicha, uning tengdoshlari ko'p hollarda ruhiy iztirobni ko'tara
olmaydi va ruhiy yordamga muhtoj.
"Qishloqlarda yoshlar o'zini
osmoqda. Men o'zim sevgilisi boshqa qizga sovchi jo'natganini eshitib,
o'zini osgan qizni bilaman. Oilada ta'lim-tarbiya ishlari yaxshi olib borilsa,
yoshlar bunga qo'l urmaydi deb o'ylayman",- deydi Salohiddin.
Sharif Mullo Xo'jandiy ismli
tojikistonlikning fikricha esa odamlar o'zini o'ldirayotgan odamlarni odatda
ruhiy kasal deb biladi.
Lekin, deydi u, asl sabab
odamlarning iqtisodiy imkoniyatlari cheklanganidir.
"Qachonki, bir kishi baland
pog'onada tursa-yu, hayoti faravon bo'lib borsa, boshqaniki pastda qolaversa va
hayoti qashshoqlikda o'taversa, bu – iztiroblar o'z-o'zini o'ldirishga olib
boradi. O'zini o'ldirayotganlar qattiq iztirobdan asablari zo'riqqan odamlar.
Tojikistonda narx-navoning ko'tarilishi tufayli qashshoqlarning ko'payib
borayotganligi va o'rta pog'onaning haligacha shakllanmaganligi ham aholiga
jiddiy ta'sir o'tkazmoqda",- deydi Sharif Mullo.
Isfara shahridan Saida
Xalloqulova ham yosh oilalardagi kelishmovchiliklar va uning ortidagi ruhiy
azob tufayli kelinlar o'z jonlariga qasd qilayotganiga urg'u beradi.
"Yoshlar bir-birini
sevishadi, tushinishadi, ammo kelinchak yangi oila tabiatini qabul qila
olmaydi, yangi sharoitga ko'nika olmaydi. Ko'proq qaynona, qaynisingillar bilan
chiqisha olmaydi. Og'ir iztirobni ko'tara olmay o'zlarini osishadi",- deydi
Saida.
Tojikiston Ichki ishlar
vazirligi So'g'd viloyat boshqarmasi xodimi Parviz Atoning bildirishicha,
o'tgan oylarda o'z joniga qasd qilganlarning 22 nafari yosh ayol va 4 nafari esa o'smir bo'lgan.