|
Obama hozircha to'g'ri qadam tashlamoqda, deydi jamoatchi faollar
|
O'zbekistonda jamoatchilik Barak
Obamaga nisbatan ijobiy fikrda. AQShning yangi rahbari Markaziy Osiyo bilan
aloqalar borasida hali o'z fikrini bildirmagan. Ammo sharhlovchi va faollar nazarida
Obama prezidentlikka kelganidan beri dunyo siyosatida o'ziga xos burilish yasay
oldi.
"Obama faoliyatini kuzatayotganlar juda ko`p",- deydi tahlilchi Fayzulla Is'hoqov.
"AQSh
dunyoda eng boy davlat bo'lgani uchun emas, asosan Obamaning rahbarlikka
saylangani uchun qiziqish katta... Obama hatto Eron bilan muloqot qilishimiz kerak degan
gaplarni aytayapti, bu bu katta o'zgarish".
AQShning
Toshkentdagi elchxonasi internet sahifasida Obamaning xafsizlik masalalari
bo`yicha maslahatchisi Jeyms L. Jounsning "Dastlabki yuz kun: Amerikaning XXI
asrdagi vazifalari" nomli maqola chop etilgan.
Muallifning
ta`kidlashicha, Barak Obama o'z tashqi siyosatida xavfsizlik yoki insoniy qadriyatlarni
tanlaydi degan qarashlar noto'g'ri. Amerika uchun tinchlik va huquq masalasi
teng yuradi, deydi Jouns.
Obama
Amerika hech kimni qiynoqqa solmaydi deb e'lon qilgan. Qiynoqlar O'zbekistonda ham nozik masala.
Jorj Bush davrida mahbuslar qanday so'roq qilingani haqida hujjatlar yaqin
orada omma e'tiboriga havola etiladi. AQSh rahbarining oshkora ish
yuritayotgani, deydi o'zbek ziyolilari, butun mintaqaga o'rnak bo'lishi kerak.
AQSh
prezidenti musulmon dunyosini yaqindan hamkorlik qilishga undamoqda.
Islomshunos
olim Abdulaziz Mansur Obamaning murojaati umid bag'ishlaydi deydi.
"Lekin
amalda nima bo`lishiga qarash kerak. Amaliyot Iroqdan qo'shinlarni olib chiqib
ketish, Afg`oniston masalasini faqat harbiy yo'l bilan emas, muzokaralar
bilan hal qilishga bog`liq", - deydi mutaxassis.
Islom
olami bilan bog'lanish, shuningdek Yaqin Sharqdagi mojarolarga barham berish,
xususan Isroil-Falastin orasida tinchlikni ta'minlashni ham talab etadi.
"Erk"
partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov Amerika haqiqatni tan olgan holda ish
ko'rishi kerak deydi.
"Chuqur
mafkuraviy ziddiyatlar hal bo`lmas ekan, tinchlikdan darak bo'lmaydi", -
deydi Otanazar Oripov. U bu yerda Xamasning G'azo sektoridagi saylovlarda
g'alaba qilib, sektorda hokimiyatni egallaganiga ishora qilmoqda.
AQSh
Falastin davlati barpo etilishi kerak deb keladi. Xalq istasa, deydi rasmiylar,
Xamas guruhi hukumat tarkibida bo'lishi ham mumkin. Lekin bu kabi qarashlar
Isroil tomonidan norozilik bilan kutib olingan.