Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

AQSh: Markaziy Osiyo kim bilan hamkorlik qilishni o'zi biladi


06/10/2008
Suhbatning 1-qismini tinglang - Download (MP3) audio clip
Suhbatning 1-qismini tinglang - Tinglang (MP3) audio clip
Suhbatning 2-qismini tinglang - Download (MP3) audio clip
Suhbatning 2-qismini tinglang - Tinglang (MP3) audio clip
Lavhani tomosha qiling - Download video clip

George Krol- Navbahor Imamova, VOA, Washington DC
AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Jorj Krolning aytishicha, maqsad  iqtisodiy barqarorlikka erishish,oshkoralik va demokratiya tomon yo'nalish hamda xavfsizlikni ta'minlash
AQShda respublikachi Jorj Bush prezidentligi o’z poyoniga yetmoqda. 4 noyabrda bu mamlakat xalqi yangi rahbar uchun ovoz beradi.

O’tgan sakkiz yil davomida Amerika siyosatida misli ko’rilmagan o’zgarishlar yuz berdi.

Vashington Markaziy Osiyoga hamisha siyosiy-iqtisodiy jihatdan muhim strategik hudud sifatida qarab kelgan.

1990-yillar boshida Markaziy Osiyodagi yangi mustaqil davlatlarni har tomonlama quvvatlashni va’da qilgan Amerika bugun mintaqa hukumatlari bilan murakkab munosabatlarga ega.

Hozirgi rishtalar, siyosat va bo’lg’usi rahbarga bog’langan umidlar haqida "Amerika Ovozi" AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Jorj Krol (George A. Krol)bilan suhbatlashdi.

Jorj Krol sobiq Sovet jamiyatlari bilan chorak asrdan beri ishlab keladi. Rus va turkman tillarida gaplashadi. Qator diplomatik lavozimlarda, jumladan AQShning Belarusdagi elchisi va Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakil sifatida faoliyat ko’rsatgan. Mintaqada tez-tez bo’lib turadi. Iyul oyida O’zbekistonga safar qilib, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashgan.

George Krol-Navbahor Imamova, VOA
"Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan o’ziga xos darajada hamkorlik qilib kelayapmiz - o’zaro manfaat, istak va irodaga tayangan holda",- deydi Jorj Krol
Jorj Krol fikricha xalqaro aloqalarni sharhlaganda, ularni “yaxshi” yoki “yomon” deb ta’riflash noto’g’ri.

“Rishta bo’lgandan keyin murakkab bo’ladi-da”,- deydi u.

"Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan o’ziga xos darajada hamkorlik qilib kelayapmiz - o’zaro manfaat, istak va irodaga tayangan holda. O’zbekiston bilan o’tgan yillarda, jumladan Andijon fojiasi ketidan sovuqlashgan aloqalarimiz bugun ancha yaxshilangan”.

Jorj Krolning ta'kidlashicha AQSh mintaqada haqiqatan mustaqil, iqtisodi va siyosiy tuzumi mustahkam, demokratik va erkin, farovon jamiyatlar shakllanishini istaydi va bu borada har tomonlama yordamga tayyor. 

“AQSh Afg'onistonda barqarorlikni tiklash harakatida ekan, ish Markaziy Osiyo bilan yaqin hamkorliksiz bitmasligini biladi",- deydi diplomat.

"Ishonchim komilki, 4 noyabrda kim prezidentlikka saylanmasin, mintaqa rahbarlari va xalqlari bilan kelishib ishlashga harakat qiladi",- deydi Krol.

"O’zbekiston va qo’shni davlatlarga nisbatan strategiyamizda tub o’zgarish bo’lmaydi, chunki uning zaminida iqtisodiy barqarorlik, demokratiya va xavfsizlikni ta’minlash singari o’zgarmas maqsadlar yotadi”.

Jorj Krol AQShning Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’isizton, Tojikiston va Turkmaniston bilan aloqalarini bir-biriga taqqoslashni ma’qul ko’rmaydi.

“Hukumatlarimiz va jamiyatlarimiz bir-birini tanigan sari munosabat yuritish ham osonlashadi. Aloqalarimiz Markaziy Osiyodagi har bir mamlakat bilan turlicha tus va suratda rivojlanmoqda. Biroq hammasining ortida o’zaro hurmat, mustaqillik va suverenitetni qadrlashdek ulug’ maqsadlar turibdi”,-deydi Krol.

AQSh-O'zbekiston

Biroq mintaqada “Amerika aslida bizning neftimiz va gazimizga oshiq. Unga bizning harbiy bazalarimiz kerak. Muammolar va oddiy xalq dardi unga muhim emas”,- degan qarashlar keng tarqalgan. Rossiya va Xitoyning siyosiy-iqtisodiy mavqei osharkan, AQSh Markaziy Osiyodagi nufuzini saqlab qolish uchun nimalar qilmoqda?

“AQShga faqat neft-gaz yoki inson huquqlari yoki xavfsizlik muhim deyish noto’g’ri. Biz har bir davlat bilan ko’p-qirrali va o’zaro manfaatli hamkorlik qilish tarafdorimiz. Fikrimiz har doim ham bir joydan chiqmas, ammo ochiq gaplasha olishimiz kerak. O’zbekiston bilan inson huquqlari bobida gaplashayapmiz. Qator ijobiy o’zgarishlarga guvoh bo’ldik. Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasiga qamoqxonalardagi vaziyatni o’rganish uchun ruxsat berildi. Bir necha siyosiy faol ozod etildi. Bolalar huquqini himoya qiluvchi qarorlar qabul qilindi. Endi ularni amalga oshirish kutiladi. Qilinadigan ishlar talay va umid qilamizki, respublika oldinga siljiydi. Bu uning kelajagi uchun ulkan ahamiyatga ega”,- deydi Jorj Krol.

Oshkoralik O’zbekiston uchun ko’plab yangi imkoniyatlarga yo’l ochgan bo’lardi, deydi AQSh diplomati. Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirib, siyosiy-iqtisodiy islohotlarga zo’r berib, o’zgarishlarga tayyor ekanini isbotlay olgan jamiyat chet eldan ko’proq sarmoya jalb qila boshlaydi.

Yana bir muhim vazifa, deydi Jorj Krol, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishda ko’maklashish.

Afg'oniston
Qo'shni Afg'oniston hamon notinch. Tolibon jangarilari faol. Ko'knor hosili yuqori va qoradori savdosi barq urmoqda.
“Markaziy Osiyo bo’ylab savdo yo’llari va Qozog’istondan Hindiston tomon yonilg’i tashiydigan tizimlar barpo etish, Markaziy Osiyo elektr energiyasini Janubiy Osiyoga yetkazish… Bular mintaqaga katta daromad olib kelgan va uni janubiy qo’shnilariga yanada yaqinlashtirgan bo’lardi. Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy bilan azaldan savdo qilib keladi. Janubga yo’l ochish uning tashqi dunyo bilan munosabatlarini muvozanatlagan bo’lardi”.

Ammo mintaqa hukumatlari, xususan O’zbekiston Afg'onistonda xunrezliklar davom etayotganidan, Tolibon harakati hamon faol ekanidan xavotirda.

AQSh rasmiysi “Afg’onistonning yosh hukumatiga qancha yordam berilsa, mintaqa uchun shuncha foydali bo’ladi”,- deydi. Uning aytishicha hozirgi kunda Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar qo’ldan kelgancha ko’maklasha boshlagan. Buning samarasi aloqa vositalari, yo’llar va elektr tarmoqlari barpo etish kabi sohalarda bilinmoqda.

Amerika Afg’onistonda tinchlikka erishishda uning shimoliy qo’shnilari muhim rol o’ynay olishini biladi. Qolaversa, Afg’oniston tinchimasa, bu respublikalar ham tahdid ostida.

Jorj Krol "AQSh hech kim bilan siyosiy o’yinlar o’ynayotgani yo’q",- deydi.

"Markaziy Osiyo davlatlari istagan davlat bilan istagan darajada aloqa qilishga haqli. Ular mustaqil davlatlar. Ularga bu borada hech bir tomon bosim o’tkaza olmaydi. AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Turkiya va boshqa davlatlar o’z strategiyasiga ega. Hamkorlik qilish uchun qiziqish, sabab va talablar yetarli”,- deydi Krol.

Lekin Kavkazdagi so’nggi mojaro, sobiq Sovet Ittifoqi hududida Rossiyaning olqishlovisiz biror siyosiy qadam tashlash salbiy oqibatlarga olib borishi mumkinligini isbotlamadimi? Gruziya-Rossiya urushi AQShning regiondagi siyosatiga qanchalik ta’sir qiladi?

“Bu kelishmovchilik Markaziy Osiyodagi siyosatimizni o’zgartirgani yo’q, chunki mustaqillik va hududiy birlikni e’zozlash uning bir qismi bo’lib kelgan. AQSh mintaqadagi har bir davlat suverenitetini quvvatlashda davom etadi. Hukumatlar bugun xavotirda ekanini bilamiz.. Safarlarim davomida mintaqa rasmiylari menga “Rossiya va AQSh orasida yana bir sovuq urush boshlangudek bo’lsa, orada qolib bir tomonni tanlashga majbur bo’lishni istamaymiz” deb ochiq aytishyapti. Biz sovuq urushdan yiroqmiz. Maqsad tinchlik, o’zaro hurmatni oshirish…”,-deya qayd etadi diplomat.

Markaziy Osiyo azaldan turli siyosiy kuchlar to’qnashadigan nuqta deb kelgan.AQSh rasmiylari buni rad etmaydi. Jorj Krol fikricha gap bu omildan unga qanday naf tegishida.

G’arb yoki sharq, Shanxay Hamkorlik Tashkilotimi yoki boshqa regional birlashmalar bo’lsin, “maqsad agar taraqqiy etish va tinchlikni mustahkamlash bo’lsa, hukumatlar har bir qarorni shundan kelib chiqib qabul qilishi lozim”,- deydi diplomat.

Shu kungacha AQShning o’zi mintaqada qanday yutuqlarga erishdi-yu, nimada pand berdi?

“Amerika bugun Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan yaqin diplomatik va madaniy aloqalarga ega. Bu eng muhim yutuq. Har doim har narsada kelisha olmasligimiz tabiiy, siyosat o’z yo’lida; ammo xalqlar orasida o’zi xos yaqinlik vujudga kelgan. Ayniqsa, ilmiy hamkorlik… O’quv dasturlari va malaka oshirish uchun imkoniyatlar yaratish, ular uchun ko’proq moliya ajratish uzoq-muddatda o’z mevasini beradi va har ikki tomon uchun birdek xizmat qiladi. O’tgan yillarda mablag’ yetishmagani sabab almashinuv dasturlari ancha ziyon ko’rdi. Qaniydi pul ko’p bolsa-yu, ushbu loyihalarga sarflasak. Kelajakdan umidvormiz”,- deydi Jorj Krol.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Shu mavzuda
AQSh-O'zbekiston aloqalari jonlanmoqda
AQSh: O'zbekiston demokratiya yo'lida dadilroq qadam tashlashi lozim
AQSh, O'zbekiston yangicha hamkorlik haqida fikr almashmoqda
AQSh: O'zbekistonda siyosat o'zgarishi kerak
O'zbekiston G'arb bilan aloqalarni tiklashga tayyormi?
AQSh-O'zbekiston aloqalari yaxshilanishiga umid bor
AQSh-O'zbekiston aloqalari: bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga
AQSh-O'zbekiston munosabatlari muhokamada
AQSh: O'zbekiston tashvishga molik davlat bo'lib qolmoqda
AQSh O'zbekistonga strategik hamkorlik shartlarini eslatmoqda
AQSh: O'zbekistonga yordam bermoqchimiz, o'yin o'ynamayapmiz
AQSh diplomati: Aloqalarni o'zgartirish prezident Karimov qo'lida
AQSh O'zbekiston bilan aloqalarni tiklash umidida
AQSh: O'zbekiston noto'g'ri yo'nalishda ketmoqda
AQSh Davlat kotibi muovini: Markaziy Osiyoni egallamoqchi emasmiz
"Karimov hokimyat abadiy emasligini tushunmog'i lozim"
AQSh O'zbekiston islohotlarga qaytadi degan umidda
 
  Bosh mavzu
O'zbek ziyolilari Afg'onistondagi saylovoldi vaziyatni sharhlaydi

  Boshqa xabarlar
Turkiya-Armaniston chegarasi ochilishi mumkin
O'zbek ziyolilari Obama faoliyatini ijobiy baholamoqda
AQSh senatori: O'zbekiston istasa, vaziyatni o'zgartira oladi  Audio Clip Available
Pokistonga noharbiy yordam berish masalasi muhokamada
Hamid Karzay ikkinchi muddatga saylanmoqchi
Siyosatni maqtagan qahramon, tanqid qilgan esa dushman
Obama soliq kodeksini isloh qilmoqchi
Mintaqaviy ziddiyatlar Almati sammitida namoyon bo'ldi
O'zbekistonda cho'chqa grippiga qarshi ehtiyot choralari
Al-Qoida Amerika xavfsizligi uchun hamon jiddiy tahdid
Grippga qarshi kurashga millionlab ko'ngilli safarbar etilmoqda
Gripp pandemiyasi xavfi: vaksina topish ishlari avjida
Gripp va muhojirlar: o'zbekistonlik mutaxassis bilan suhbat  Audio Clip Available
Cho'chqa grippi pandemiyaga yetaklashi mumkin
Obamaga ishonch baland, lekin iqtisod qachon tiklanadi?
Grippning yangi turi dunyo bo'ylab xavotir uyg'otmoqda
Ishsizlik: Inqiroz ayniqsa mehnat muhojirlariga og'ir tushmoqda 
Markaziy Osiyo rahbarlari suv bo'yicha kelisha olmagan
Kreml Markaziy Osiyodagi siyosiy nufuzini boy bermoqchi emas
Jahon Banki: krizisning Markaziy Osiyoga ta'siri katta
Cho'chqa grippi tarqalarkan, asosiy talab - ogohlik
Amerika mintaqa farovonligini ko'zlasin, deydi tahlilchilar  Audio Clip Available