|
Meksikada cho'chqa grippidan 103 kishi o'lgan. 1600 odam kasallik bilan olishmoqda.
|
Shimoliy Amerika cho’chqa grippi
tarqalishiga qarshi keskin choralar ko’ra boshlagan. Qo’shma Shtatlarda
prezident Barak Obama xalqni vahimaga tushmaslikka,ammo ogoh bo’lishga undamoqda.
Jahon Sog’liqni
Saqlash Tashkiloti Meksikadan chiqqan bu kasallik hozirda AQSh va Kanada, hatto
Yangi Zelandiyaga yetib borgani pandemiyaga olib borishi mumkin deya xavotir
bildirmoqda.
Bu tashkilot bosh direktori muovini Keyji Fukuda dunyoning har bir
davlatini ehtiyotkorlikka, kasallikni nazorat qilib, grippdek tez tarqaladigan
kasallikning oldini olishga chaqirmoqda.
Keyji Fukudaning tasdiqlashicha,
hozirgacha Meksikada cho’chqa grippidan 103 kishi o’lgan va 1600 dan ziyod odam
muolaja olmoqda.
AQSh, Kanada va Yevropada aerportlarda tekshiruv
kuchaytirilgan. Amerikaning besh shtati
– Texas, Kaliforniya, Nyu-York, Kanzas va Ogayoda 20 kishi bu gripp bilan
olishayotgani ma’lum.
Jahon Sog’liq Saqlash Tashkiloti
mutaxassislari “cho’chqa grippi odamdan odamga oddiy yo’llar orqali yuqadigan
kuchli virus”, deydi. “Har safar virus o’zgarishi va murakkab tusga kirishi
mumkin”,- deydi shifokorlar.
AQShda hukumat har bir shaxsni
ehtiyorkorlikka chaqirmoqda.
"Ortiqcha vahimaga hojat yo’q, ammo grippga
chalindim deb o’ylasangiz uyda o’tiring. Aloqani cheklang. Gigiyenaga rioya
qiling. Atrofdagilarda gripp alomatlarini sezsangiz, o’zingizni saqlash haqida
o’ylang",- deya bildiradi Oq Uy.
BMT qoshidagi Jahon Sog’liq Saqlash
Tashkiloti bugungi tibbiy texnoligiya, dori-darmon va davolash usullari
epidemiyalar xavfini cheklashga qodir deya ishonch bildirmoqda.