|
AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Jorj Krolning aytishicha, maqsad iqtisodiy barqarorlikka erishish,oshkoralik va demokratiya tomon yo'nalish hamda xavfsizlikni ta'minlash
|
AQShda respublikachi Jorj Bush
prezidentligi o’z poyoniga yetmoqda. 4 noyabrda bu mamlakat xalqi yangi rahbar uchun ovoz beradi.
O’tgan sakkiz yil davomida Amerika siyosatida misli ko’rilmagan o’zgarishlar yuz berdi.
Vashington Markaziy Osiyoga hamisha siyosiy-iqtisodiy jihatdan muhim strategik hudud sifatida qarab kelgan.
1990-yillar boshida
Markaziy Osiyodagi yangi mustaqil davlatlarni har tomonlama quvvatlashni va’da
qilgan Amerika bugun mintaqa hukumatlari bilan murakkab munosabatlarga ega.
Hozirgi rishtalar, siyosat va bo’lg’usi rahbarga bog’langan umidlar haqida
"Amerika Ovozi" AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Jorj Krol (George A. Krol)bilan
suhbatlashdi.
Jorj Krol sobiq Sovet
jamiyatlari bilan chorak asrdan beri ishlab keladi. Rus va turkman tillarida
gaplashadi. Qator diplomatik lavozimlarda, jumladan AQShning Belarusdagi
elchisi va Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakil sifatida faoliyat ko’rsatgan.
Mintaqada tez-tez bo’lib turadi. Iyul oyida O’zbekistonga safar qilib, Tashqi
ishlar vaziri Vladimir Norov va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan
uchrashgan.
|
"Markaziy Osiyoning har bir
davlati bilan o’ziga xos darajada hamkorlik qilib kelayapmiz - o’zaro manfaat,
istak va irodaga tayangan holda",- deydi Jorj Krol |
Jorj Krol fikricha xalqaro
aloqalarni sharhlaganda, ularni “yaxshi” yoki “yomon” deb ta’riflash noto’g’ri.“Rishta bo’lgandan keyin murakkab bo’ladi-da”,- deydi u.
"Markaziy Osiyoning har bir
davlati bilan o’ziga xos darajada hamkorlik qilib kelayapmiz - o’zaro manfaat,
istak va irodaga tayangan holda. O’zbekiston bilan o’tgan yillarda, jumladan
Andijon fojiasi ketidan sovuqlashgan aloqalarimiz bugun ancha
yaxshilangan”.
Jorj Krolning ta'kidlashicha AQSh mintaqada haqiqatan mustaqil, iqtisodi va siyosiy tuzumi
mustahkam, demokratik va erkin, farovon jamiyatlar shakllanishini istaydi va bu
borada har tomonlama yordamga tayyor.
“AQSh Afg'onistonda barqarorlikni tiklash harakatida ekan, ish Markaziy
Osiyo bilan yaqin hamkorliksiz bitmasligini biladi",- deydi diplomat.
"Ishonchim komilki, 4 noyabrda kim prezidentlikka
saylanmasin, mintaqa rahbarlari va xalqlari bilan kelishib ishlashga harakat qiladi",- deydi Krol.
"O’zbekiston va qo’shni davlatlarga nisbatan strategiyamizda tub
o’zgarish bo’lmaydi, chunki uning zaminida iqtisodiy barqarorlik, demokratiya
va xavfsizlikni ta’minlash singari o’zgarmas maqsadlar yotadi”.
Jorj Krol AQShning Qozog’iston,
O’zbekiston, Qirg’isizton, Tojikiston va Turkmaniston bilan aloqalarini
bir-biriga taqqoslashni ma’qul ko’rmaydi.
“Hukumatlarimiz va
jamiyatlarimiz bir-birini tanigan sari munosabat yuritish ham osonlashadi.
Aloqalarimiz Markaziy Osiyodagi har bir mamlakat bilan turlicha tus va suratda
rivojlanmoqda. Biroq hammasining ortida o’zaro hurmat, mustaqillik va
suverenitetni qadrlashdek ulug’ maqsadlar turibdi”,-deydi Krol.
|
|
Biroq mintaqada “Amerika aslida
bizning neftimiz va gazimizga oshiq. Unga bizning harbiy bazalarimiz kerak.
Muammolar va oddiy xalq dardi unga muhim emas”,- degan qarashlar keng
tarqalgan. Rossiya va Xitoyning siyosiy-iqtisodiy mavqei osharkan, AQSh
Markaziy Osiyodagi nufuzini saqlab qolish uchun nimalar qilmoqda?“AQShga faqat neft-gaz yoki
inson huquqlari yoki xavfsizlik muhim deyish noto’g’ri. Biz har bir davlat
bilan ko’p-qirrali va o’zaro manfaatli hamkorlik qilish tarafdorimiz. Fikrimiz
har doim ham bir joydan chiqmas, ammo ochiq gaplasha olishimiz kerak.
O’zbekiston bilan inson huquqlari bobida gaplashayapmiz. Qator ijobiy o’zgarishlarga
guvoh bo’ldik. Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasiga qamoqxonalardagi vaziyatni
o’rganish uchun ruxsat berildi. Bir necha siyosiy faol ozod etildi. Bolalar
huquqini himoya qiluvchi qarorlar qabul qilindi. Endi ularni amalga oshirish
kutiladi. Qilinadigan ishlar talay va umid qilamizki, respublika oldinga
siljiydi. Bu uning kelajagi uchun ulkan ahamiyatga ega”,- deydi Jorj Krol.
Oshkoralik O’zbekiston uchun
ko’plab yangi imkoniyatlarga yo’l ochgan bo’lardi, deydi AQSh diplomati.
Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirib, siyosiy-iqtisodiy islohotlarga zo’r
berib, o’zgarishlarga tayyor ekanini isbotlay olgan jamiyat chet eldan ko’proq
sarmoya jalb qila boshlaydi.
Yana bir muhim vazifa, deydi Jorj Krol, mintaqaviy
hamkorlikni kuchaytirishda ko’maklashish.
|
Qo'shni Afg'oniston hamon notinch. Tolibon jangarilari faol. Ko'knor hosili yuqori va qoradori savdosi barq urmoqda.
|
“Markaziy Osiyo bo’ylab savdo
yo’llari va Qozog’istondan Hindiston tomon yonilg’i tashiydigan tizimlar barpo
etish, Markaziy Osiyo elektr energiyasini Janubiy Osiyoga yetkazish… Bular
mintaqaga katta daromad olib kelgan va uni janubiy qo’shnilariga yanada yaqinlashtirgan
bo’lardi. Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy bilan azaldan savdo qilib keladi.
Janubga yo’l ochish uning tashqi dunyo bilan munosabatlarini muvozanatlagan
bo’lardi”.Ammo mintaqa hukumatlari, xususan O’zbekiston Afg'onistonda xunrezliklar davom etayotganidan,
Tolibon harakati hamon faol ekanidan xavotirda.
AQSh rasmiysi “Afg’onistonning
yosh hukumatiga qancha yordam berilsa, mintaqa uchun shuncha foydali bo’ladi”,-
deydi. Uning aytishicha hozirgi kunda Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar qo’ldan
kelgancha ko’maklasha boshlagan. Buning samarasi aloqa vositalari, yo’llar va
elektr tarmoqlari barpo etish kabi sohalarda bilinmoqda.
Amerika Afg’onistonda
tinchlikka erishishda uning shimoliy qo’shnilari muhim rol o’ynay olishini
biladi. Qolaversa, Afg’oniston tinchimasa, bu respublikalar ham tahdid ostida.
Jorj Krol "AQSh hech kim bilan siyosiy o’yinlar o’ynayotgani yo’q",- deydi.
"Markaziy Osiyo davlatlari
istagan davlat bilan istagan darajada aloqa qilishga haqli. Ular mustaqil
davlatlar. Ularga bu borada hech bir tomon bosim o’tkaza olmaydi. AQSh, Yevropa
Ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Turkiya va boshqa davlatlar o’z strategiyasiga ega.
Hamkorlik qilish uchun qiziqish, sabab va talablar yetarli”,- deydi Krol.Lekin Kavkazdagi so’nggi
mojaro, sobiq Sovet Ittifoqi hududida Rossiyaning olqishlovisiz biror siyosiy
qadam tashlash salbiy oqibatlarga olib borishi mumkinligini isbotlamadimi?
Gruziya-Rossiya urushi AQShning regiondagi siyosatiga qanchalik ta’sir qiladi?
“Bu kelishmovchilik Markaziy
Osiyodagi siyosatimizni o’zgartirgani yo’q, chunki mustaqillik va hududiy
birlikni e’zozlash uning bir qismi bo’lib kelgan. AQSh mintaqadagi har bir
davlat suverenitetini quvvatlashda davom etadi. Hukumatlar bugun xavotirda ekanini
bilamiz.. Safarlarim davomida mintaqa rasmiylari menga “Rossiya va AQSh orasida
yana bir sovuq urush boshlangudek bo’lsa, orada qolib bir tomonni tanlashga
majbur bo’lishni istamaymiz” deb ochiq aytishyapti. Biz sovuq urushdan
yiroqmiz. Maqsad tinchlik, o’zaro hurmatni oshirish…”,-deya qayd etadi diplomat.
Markaziy Osiyo azaldan turli
siyosiy kuchlar to’qnashadigan nuqta deb kelgan.AQSh rasmiylari buni rad etmaydi. Jorj Krol fikricha gap bu
omildan unga qanday naf tegishida.
G’arb yoki sharq, Shanxay Hamkorlik Tashkilotimi
yoki boshqa regional birlashmalar bo’lsin, “maqsad agar taraqqiy etish va
tinchlikni mustahkamlash bo’lsa, hukumatlar har bir qarorni shundan kelib
chiqib qabul qilishi lozim”,- deydi diplomat.
Shu kungacha AQShning o’zi
mintaqada qanday yutuqlarga erishdi-yu, nimada pand berdi?
“Amerika bugun Markaziy
Osiyoning har bir davlati bilan yaqin diplomatik va madaniy aloqalarga ega. Bu
eng muhim yutuq. Har doim har narsada kelisha olmasligimiz tabiiy, siyosat o’z
yo’lida; ammo xalqlar orasida o’zi xos yaqinlik vujudga kelgan. Ayniqsa, ilmiy
hamkorlik… O’quv dasturlari va malaka oshirish uchun imkoniyatlar yaratish,
ular uchun ko’proq moliya ajratish uzoq-muddatda o’z mevasini beradi va har
ikki tomon uchun birdek xizmat qiladi. O’tgan yillarda mablag’ yetishmagani
sabab almashinuv dasturlari ancha ziyon ko’rdi. Qaniydi pul ko’p bolsa-yu,
ushbu loyihalarga sarflasak. Kelajakdan umidvormiz”,- deydi Jorj Krol.