|
Senator Tom Xarkin (chapdan) fikricha Amerika O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishi lozim, xususan qonun ustuvorligini ta'minlash bobida.
|
Amerika qonunchilari O'zbekiston hukumatini bolalarni majburan ishlatmaslikka
chaqirmoqda.AQSh Senatida hozirda bu borada rezolyutsiya loyihasi taqdim etilgan.
O'zbekiston paxta dalalarida o'quvchilarni ishlatish G'arbda anchadan beri
norozilikka sababdir.
Nafaqat Amerika,
balki Yevropa bo'ylab ham katta savdo tizimlari va kiyim-kechak kompaniyalari
o'zbek paxtasidan voz kechgan va inson huquqlari tashkilotlari respublika
dalalarida bolalar ekspluatatsiya qilinadi deb bong urib keladi.
AQSh
demokrat senatori, Iyova (Iowa) shtatidan saylangan Tom Xarkin - rezolyutsiya ortida turgan qonunchi. "Amerika Ovozi" bilan
suhbatda senator, hujjat yaqin kunlarda tasdiqlanadi, deydi.
|
Tom Xarkin prezident Barak Obama va Davlat kotibasi Xillari Klinton - sobiq senatorlar bilan yaqindan ishlagan
|
"Amerika Ovozi": O'zbekistonda bolalar mehnati masalasi AQSh uchun nega bu qadar muhim? Islom Karimov ma'muriyati bu ichki masala deb keladi. Qolaversa
rezolyutsiya qabul qilingani bilan nima o'zgarishi mumkin?
Senator Xarkin: "O'zbekiston
inson huquqlariga doir qator xalqaro hujjatlarga imzo chekkan, ularni ratifikatsiya
qilgan, ammo ularga rioya qilmayapti. 182-sonli Xalqaro Mehnat Tashkiloti
Konvensiyasini eslatib o'tmoqchiman. Bolalarni majburan ishlatish bu qonunga
zid".
"Amerika Ovozi": Lekin Amerikaning o'zi Bolalar huquqi bo'yicha
xalqaro konvensiyani ma'qullamagan. BMT a'zolari orasida AQSh va Somali uni
hali ratifikatsiya qilmagan. Nima uchun boshqa davlatlar, xususan O'zbekiston
bu borada AQShga quloq solishi kerak?
Senator Xarkin: "Siz
aytayotgan qonunni Kongress yaqin orada ko'rib chiqadi degan umiddaman. Lekin
muammo bu yerda bolalarning majburan ishlatilayotganida. Bu aynan
ekspluatatsiyaga qarshi maxsus konvensiyaga tegishli masala. Dunyoda bu qonunni
faqat O'zbekiston buzayapti deyayotganimiz yo'q. Konvensiyaga uni ma'qullagan
har bir mamlakat, jumladan Amerika ham amal qilishi shart".
"Amerika Ovozi": Siz Kongressning boshqa ko'plab a'zolari qatori Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston
Amerikaning strategik manfaatlari yotgan hudud va u bilan aloqalarni mustahkamlash juda muhim deb kelasiz. Rezolyutsiya qabul qilinsa, Vashington-Toshkent orasidagi munosabatlar yana sovuqlashishi mumkin...
Senator Xarkin: "O'zbekiston
Markaziy Osiyo barqarorligida muhim rol o'ynaydi. Huquq himoya qilinmagan
jamiyatda esa xavfsizlik tahdid ostida. Fundamental huquqlar ta'minlanishi
shart. Bolalar huquqi shulardan biri. Ular hurmat qilinsa respublikaga nisbatan
ishonch oshadi. Biz bu rezolyutsiya bilan O'zbekiston hukumatini jazolamoqchi
yoki bu xalq yetishtiradigan paxtani qora otliq qilmoqchi emasmiz. Bolalarning
majburan dalaga chiqarilishiga yo'l qo'yib hukumatning o'zi bu sanoatga katta
zarar keltirayapti, oq oltiniga talabni tushirayapti. Paxta iqtisodiyot
tayanchi ekan, nega bu soha norasida bolalar yelkasiga yuklanmoqda. Ular hozir
bilim olishi, kelajak egalari sifatida parvarish qilinishi kerak emasmi?"
"Amerika Ovozi": O'zbekiston
hukumati qonunlar amalga oshirilmoqda, yosh avlod zo'rlab ishlatilmaydi deb
keladi. Vaziyat o'zgarishi uchun vaqt va sabr-qanoat kerak deyayotganlar ham
bor. Amerika respublikaga bu borada qanday yordam taklif qila oladi?
Senator Xarkin: "O'zbekiston
hukumati, sidqidildan harakat qilsa, mavjud qonunlarni hayotga tadbiq etishga
qodir. Ochig'ini aytsam, bunga harakat qilishmayapti. Qo'shma Shtatlar yordamga
tayyor. Paxta xalqni boqadigan mahsulot ekan, nega bu sohani rivojlantirish,
dehqonga erkinlik berib, uni quvvatlash; uning uchun imkoniyat-sharoit yaratish
mumkin emas? Toki paxtakor hosilni bolalarga terdirmay, kattalarning kuchidan
foydalansin, ularga yaxshiroq haq to'lay olsin".
"Amerika Ovozi": Huquq tashkilotlari Obama
ma'muriyatidan ijtimoiy taraqqiyotga ahamiyat qaratishni so'ramoqda. O'zbekiston
Amerika bilan asosan harbiy-siyosiy aloqalarni mustahkamlab, huquq masalasi
chetga surilishi mumkin degan xavotir bor. Sizningcha eng ustuvor masala nima bo'lishi kerak?
Senator Xarkin: "O'zbekiston
AQShga Afg'onistondagi harbiy harakatlarda yordam berayotganini bilamiz. Bundan
albatta minnatdormiz, biroq Amerika bu bilan huquq poymol etilishiga ko'z yumib
o'tirmaydi, ayniqsa bolalar manfaatiga kelganda. AQSh uchun huquq va erkinlik
masalasi hamisha eng ustuvor masala bo'lib kelgan. Men sizni ishontirib
aytamanki, shunday bo'lib qoladi".