Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

AQShda rahbar o'zgarishi O'zbekiston uchun nimani anglatadi?


26/09/2008
Lavhani tinglang - Download (Real) audio clip
Lavhani tinglang - Tinglang (Real) audio clip

[insert caption here]
Makkeyn yoki Obama?
O’zbekiston xalqi va hukumati uchun Qo'shma Shtatlarda kim prezidentlikka saylangani yaxshi - respublikachi nomzod Jon Makkeyn yoki demokrat Barak Obama? 

Bugun Amerikadagi qaysi siyosatdondan “O’zbekiston bugun bu davlat uchun qanchalik muhim”? - deb so’rasangiz, “Unchalik emas”, - degan javob olasiz. 

O’zbekiston, deydi ular, AQShdan qanday hamkorlik zarurligini o’zi belgilab olishi va shunga qarab uzoq-muddatli strategiya bilan chiqishi lozim. Chunki, ular fikricha, O’zbekiston AQShga emas, AQSh O'zbekistonga ko’proq kerak. 

Ba’zilar nazarida esa O’zbekiston uchun Rossiya va Xitoydek geografik jihatdan yaqin va yirik davlatlar bilan keng hamkorlik qilish iqtisodiy jihatdan ma’qul va Amerika, umuman olganda, bundan xavotirda emas.  

AQShda har ikki partiya tashqi siyosatda katta xatolarda ayblanadi. Respublikachilar, sharhlovchilarga ko'ra, odatda pragmatik, ya’ni vaziyatga qarab, aynan Amerika manfaatlarini ko’zda tutgan holda ish ko’rsa, demokratlar real ahvoldan yiroq, idealistik ruhda siyosat yuritadi.

Tahlilchilarning aytishicha, respublikachilar tashqi siyosatni AQSh xavfsizligini ta’minlash asosiy maqsad degan shior ostida tuzsa, demokratlar erkinlik va inson huquqlariga ko’proq e’tibor qaratadi. 

Jorj Bush prezidentligi davrida, 2001 yildan shu kungacha, O’zbekiston bilan munosabatlarda xavfsizlik ustuvor masala sifatida ko'rildi va aloqalar beqaror kechdi.   

AQSh yetakchi diplomatlaridan Evan Feygenbaum “Amerika Ovozi”ga bergan intervyularida “2009 yilda yangi prezident ish boshlagani bilan O’zbekiston va butun Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat o’zgarmaydi", - deya ishonch bildirib keladi.    

Feygenbaumning aytishicha, aloqalar zaminida iqtisodiy hamkorlik, demokratiya va inson huquqlari qadriyati hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash kabi maqsadlar yotadi. Diplomatga ko’ra, bu borada demokratlar va respublikachilar hamisha hamfikr. 

Asli o’zbekistonlik, bugun AQSh fuqarosi, tahlilchi Abdumannob Po’lat ham kim prezidentlikka saylanmasin, “jiddiy o’zgarish kutmang” deydi.

"O'zbekiston Amerika uchun ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo'lgan mamlakat bo'lib qoladi. Buning sababi ham O'zbekistonning o'zida emas. Janubiy qo'shnimiz Afg'onistondagi notinchlik, sharqda bizga yaqin bo'lgan Xitoyning o'sib kelayotgani va yaqinda Amerika uchun jiddiy raqobatchiga aylanish xavfi, Rossiyaning qaytadan oyoqqa turib, kuchli davlatlar qatoriga qo'shilishga intilishi va bu yo'nalishdagi yutuqlari. Mana shular sabab bo'lib, O'zbekiston ikkinchi darajali muhim davlatlar qatoriga kiradi. Bu sabablar bo'lmaganda uchinchi yoki yettinchi darajaga tushib qolishi mumkin",- deydi Abdumannob Po'lat.

Prezidentlikka nomzod respublikachi Jon Makkeyn O’zbekiston hukumatini shaxsan xush ko’rmaydi va prezident Islom Karimovni diktator deb biladi. Vashingtonda izlanayotgan yosh olim Alisher Hamidov deydiki, Makkeyn Oq Uyga saylansa, Toshkent bilan aloqalar do’stona bo’lmaydi. 

"Agar demokratlar yutsa, ya'ni Barak Obama, u mintaqamiz bilan umuman tanish emas. Tashqi siyosat bo'yicha uning tajribasi uncha keng emas. O'zbekiston rahbariyati uchun, eng qizig'i shundaki, demokrat yutib chiqsa afzalroq. Sababi shundaki, Makkeyn Markaziy Osiyo bilan shaxsan tanish va u prezident bo'lib kelsa, O'zbekistonning ahvoli, ayniqsa rahbariyatining ahvoli juda qiyin bo'ladi",- deydi Hamidov.    

Abdumannob Po’lat esa Makkeyn va Obama orasidagi farqni shunday izohlab beradi:

"Umuman Amerikaning tashqi siyosatida Jon Makkeyn hamma narsani oq va qora rangda ko'radi - dunyodagi voqealarni va AQShning manfaatlarini. Barak Obama Amerikaning ichki va tashqi siyosatida vaziyatning ancha murakkab ekanini ancha his etayotgani sezilyapti. Mana shundan kelib chiqib, agar u hokimiyatga kelsa, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida ham har xil manfaatlar orasida qandaydir muvozanatga intilishini kutish mumkin".   

AQSh Markaziy Osiyo birligini targ’ib qila boshlagan. Mintaqa davlatlarini suv taqsimoti, chegara xavfsizligi, savdo va boj bobidagi masalalarni hal etishga undamoqda. Shunday ekan, deydi tahlilchi Abdumannob Po’lat, AQShning o’zi ham siyosatini qayta ko’rib chiqishi lozim.

"Markaziy Osiyoning bir tomondan Xitoy, ikkinchi tomondan Rossiya va janubda Afg'oniston bilan qo'shni ekani - asosiy masala. Amerikaning mintaqaga siyosati shundan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak. Markaziy Osiyo davlatlari birlashgan va bir-biri bilan hamkorlik qilgan taqdirdagina oyoqqa tura olishini inobatga olib, bu Amerika va Yevropa mamlakatlarining manfaatlariga, qolaversa Yaponiya, Hindiston va Turkiya manfaatlariga ham mos kelishini inobatga olib, mintaqaviy ittifoq tuzish va uni oyoqqa turg'azish uchun harakat qilish kerak",- deydi Abdumannob Po'lat. 

Uning ta'biricha o'zaro savdo va iqtisodiy masalalarda hamkorlik kuchaymasa, Markaziy Osiyo taraqqiy etmaydi. "Iqtisodiy tomondan oyoqqa turgan Markaziy Osiyogina siyosiy erkinliklar tomon jiddiy qadam qo'ya oladi",- deydi Abdumannob Po'lat. 

Qirg'izistondek qashshoq mamlakat demokratiyaga erishgani bilan, deydi u, uzoqqa bora olmayotgani hammaga saboq bo'lishi kerak.   

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Shu mavzuda
Makkeyn yoki Obama? Markaziy Osiyo bilan aloqalar kelajagi
AQSh qora tanli prezidentga tayyormi?
Amerikada prezident o'zgarishi O'zbekistonga nima ahamiyati bor?
Obama: Afg'oniston - terrorga qarshi urushning asosiy fronti
Amerikada prezidentlik poygasi - avlodlararo kurash
Bushning yosh mustaqil davlatlarga nisbatan siyosati qoralanmoqda
 
  Bosh mavzu
Amerika inauguratsiya kayfiyatida, irqiy tenglikni tantana qilmoqda

  Boshqa xabarlar
Ziyolilari fikricha Obama aloqalarda katta o'zgarish qilmaydi
Martin Lyuter King - Amerika xalq qahramoni
Isroil va Xamas tinchlik tarafdori ekanini isbotlashi kerak
AQSh-O'zbekiston munosabatlarida Afg'oniston muhim omil
G'azo: Isroil va Xamas sulhga ko'ndi, ammo vaziyat qaltis
Barak Obama Avraam Linkoln izidan ketmoqda
Turkiya vaziri Bryusselda Yevropa tanqidlariga javob beradi
Obama uchun Kreml bilan til topishish oson kechmaydi
8 yillik prezidentlik ketidan Jorj Bush Texasga qaytmoqda
Madaniyatlar to'qnashuvi - oddiy nazariyami yoki haqiqat?
Amerikada o'tish davri - Jorj Bushdan Barak Obamaga
O'zbekistonda inson huquqlari hamon salbiy ahvolda
AQSh huquq va erkinlik kuychisi degan nomidan ayrilgan
Obama Al-Qoida yanchiladi desa, guruh uni kofir demoqda
Barak Obama AQShning 44-prezidenti bo'lishga tayyor
Prezident inauguratsiyasi  Amerikada qanday o'tadi?