VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

07 May 2009 

Bugun:

45 tilda xabarlar
AQSh: Terror shubhasi ostidagi odamlar soni ortmoqda

30/04/2009

AQSh Federal Qidiruv Byurosi yoki FBRning aytishicha, hukumat terrorchi deb bilgan yoki gumon qilgan odamlar ro'yxati bir million kishini tashkil etadi. 

Razvedka xizmatlari va huquq-tartibot organlari ushbu ro'yxatdan terror xurujlarining oldini olishda foydalanadi. Bunday odamlar xususidagi ma'lumotlarni to'plash, tahlil qilish va ulashish maqsadida FBR 2003 yili terroristik harakatni kuzatish markazini tuzgan. Ammo ba'zilar nazarida ro'yxat ko'plab qarama-qarshiliklar va arzlarga sabab bo'lgan.

Ba'zi sayohatchilar uchun aeroport nazoratidan o'tish bosh og'riq. Deyvid Nelson ismli bir odamning aytishicha, uni tez-tez to'xtatib turishadi.

"Men ulardan "qanaqasiga terrorchi bo'lay, terrorchiga o'xshaymanmi" deb so'rayman," - deydi u.

Deyvid Nelson ismli yana bir odamni ham aeroport nazorati paytida keragidan ortiqcha ushlab turishgan. Amerikada yuzlab Deyvid Nelsonlar bo'lib, terrorchilar ro'yxatida ana shu ismli shaxs bo'lgani uchun ularning barchasi har safar so'roqqa tutilar ekan.
Bunday jarayondan bezor bo'lgan yo'lovchilar bu borada ko'p marotaba shikoyat qilgan.

FBRning aytishicha, har bir razvedka va xavfsizlik agentligi o'z ro'yxatini tayyorlaydi. FBR barcha ma'lumotlarni Vashington yaqinidagi markazda jamlab, idora agentlari ularni kundalik ravishda tahlil qiladi. Umumlashtirilgan ro'yxat so'ng boshqa huquq-tartibot organlariga tarqatiladi.

Markaz rahbari Tim Xilining aytishicha, ro'yxat aniq va to'liq bo'lishi lozim.

"Hech bir terrorchini nazardan qochirmaslik zarur. Ishni amalga oshirayotganda oddiy fuqarolar xavotiri va shikoyatlari bir pallada, AQSh xavfsizligi ikkinchi pallada bo'lishi kerak," deydi u.

Hukumat tomonidan o'tkazilgan tekshiruvdan ma'lum bo'lishicha, 2005 yilgacha ro'yxatga 288 ming kishi kiritilgan edi, biroq 4 yil o'tib millionga yetdi.

Rasmiylarning aytishicha, ro'yxat terror xavfining oldini olishga qaratilgan choralardan biri xolos. Undan mashina haydovchisini tekshirayotgan politsiya inspektori ham, mamlakatga kirayotgan sayyohlarni qayd etayotgan aeroport xodimlari ham foydalanadi. Politsiyachi markazga qo'ng'iroq qilib, u yoki bu odamning ro'yxatda bor-yo'qligini bilib olishi mumkin.

"Terrorchilar yoki terrorchilikda gumon qilinayotganlar haqidagi axborotni federal, shtat va mahalliy huquq-tartibot organlariga uzatamiz," deydi markaz rahbari.

Ammo ba'zilar hukumatning bu ishidan norozi. Vashingtondagi Amerika fuqarolik erkinliklari uyushmasi faoli Jey Stanlining aytishicha, bunday yondashuv fuqarolar huquqini poy-mol qiladi.

"Osama bin Laden va uning hamtovoqlari terrorchilar ro'yxatiga kiritilishiga qarshi emasman. Ammo hukumat bu ishni juda ham ehtiyotkorlik va sinchkovlik bilan qilishi, odamlarni ro'yxatga kiritishdan oldin yetti o'lchab bir kesish kerak. Xato tufayli ro'yxatga tushgan odamlar ismini olib tashlashni talab qilish huquqiga ega," deydi faol.

Ichki xavfsizlik vazirligining keltirishicha, 2007 yildan beri 51 mingga yaqin odam ro'yxatga xato tufayli kiritilganidan shikoyat qilib, ismlarini olib tashlashni so'ragan.

Federal Qidiruv Byurosi ro'yxat qanday qilib tuzilishini oshkor etmagan. Tim Xilining aytishicha, xato tufayli tushib qolgan ismlarni ro'yxatdan chiqarishning qoidasi bor.

"Agar biror joyga uchib ketayotgan bo'lsangizu, sizga aeroportning shubhali shaxslar ro'yxatida ismingiz bor deyishsa va sizningcha bu anglashilmovchilik bo'lsa, muammoni Transport xavfsizligi idorasi orqali hal qilish mumkin. Ular ma'lumotni tekshirib, ismingizni o'z ro'yxatidan olib tashlashga harakat qiladi," deydi terroristik harakatni kuzatish markazi rahbari.

FBRga ko'ra, o'tgan yili shu tariqa 33 mingga yaqin ism tizimdan olib tashlangan. Shubha ostidagi odamlarning 95 foizi xorijiy fuqarolar. 

Nyu-Yorkdagi Konstitutsion huquqlar markazi yuristi Reychel Miropolning aytishicha, ro'yxatga nihoyatda ko'p odam kiritilgan.

"Huquq tartibot organlari terrorizmga bevosita aloqador odamlar bilan shug'ullanish o'rniga resurslarini behuda sarflamoqda," deydi Miropol.

Mamlakat aeroportlari va chegaralarida xavfsizlik choralari kuchaytirilar ekan, FBR terrorizmga qarshi kurashda ro'yxat nafaqat Qo'shma Shtatlar, balki boshqa mamlakatlarga ham qo'l kelmoqda deydi.

Ma'lumot Kanada, Avstraliya va AQShning terrorga qarshi kurashdagi boshqa ittifoqchilariga ham uzatiladi, deydi byuro rasmiylari.


E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
  Bosh mavzu

  Boshqa xabarlar