|
Oliy Majlis ratifikatsiya bilan respublikaga chet eldan sarmoya kela
boshlaydi deb umid qilayotgan bo'lishi mumkin, ammo qonun hozircha
faqat qog'ozda. Shu paytgacha ma'qullangan o'nlab xalqaro hujjatlar
qatorida chang bosib yotibdi. |
O’zbekiston
Oliy Majlisi BMTning korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha xalqaro konvensiyasiga
qo’shilish haqidagi qonunni ma’qullagan.Konvensiyaga qo’shilish, deya
bildiradi Oliy Majlis matbuot xizmati, sud va huquq tizimi va davlat xizmatini takomillashtirish
va investitsiya muhitini yaxshilash uchun xizmat qiladi.
Sharhlovchilar
nazarida esa xalqaro hujjatni yoqlash bilan O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi
kurash boshlandi deya olmaymiz. Chunki, deydi ular, mamlakatda korrupsiya
ildiziga bolta uruvchi vositalar – matbuot va nohukumat tashkilotlar juda zaif.
Ommaviy axborot vositalari siyosiy bosim ostida faoliyat yuritadi. Mamlakatda hukumatni yoqlagan tashkilotlargina ishlay oladi.
O'zbekistonda korrupsiya ildiz otmagan sohani topish qiyin. Korrupsiya tirikchilikning bir qismi va aholi turmush tarziga singib bo'lgan.
Mutaxassislar davlat boshqaruvining o'zi korrupsiyaga asoslangan deydi.
"Korrupsiya hukumatning umurtqa pog'onasi hisoblanadi, ya'ni har bir lavozimga
tayinlash uchun pora olish... Bularni yo'qotadigan bo'lsa, tuzumning o'zi ham
yo'qoladi. Ratifikatsiya qilingan qonun hech narsani bildirmaydi. Tepadagi
rahbarlarda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun siyosiy irodaning o'zi yo'q.
Bitta buyruq bilan bu boradagi milliy qonunni qabul qilish mumkin edi.
Ratifikatsiya qilingani bilan bu milliy qonun bo'lmasa, u qanday amalga oshadi
", - deydi sharhlovchi Toshpo'lat Yo'ldoshev.
Bundan
sal avval Oliy Majlis odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha
qonun loyihasini muhokama qilgan edi. Bu borada qabul qilingan qonunlar samarasi ham shubha ostida.
Tahlilchilar nazarida Toshkentda keyingi paytda bir qator xalqaro
konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi asosan xalqaro hamjamiyat ko'zi uchun, xo'jako'rsinga qilinayotgan harakatlardir.
Toshpo'lat
Yo'ldoshev fikricha bu qonunlar ijrosi uchun zarur mexanizmlar - ijro vositalari mavjud emas.
"Butun
siyosat o'zgartirilganidan keyingina ijro mexanizmi bo'ladi. Qonunlar ijrosi
jamoatchilik va matbuotga borib taqaladi. O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi
kurashish uchun zarracha ham sharoit yo'q", - deydi sharhlovchi.
Keyingi
paytda viloyat va tuman miqyosida bir necha hokim ishdan olindi. Ularning ayrimlari korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib sudga tortilgan.
"Hokimlar
yoki boshqa yuqori amaldorlarga nisbatan jinoiy ishlar qo'zgatilishi muntazam
davom etishi kerak. Mamlakatda
yulg'ich amaldorlarning soni juda ko'p. Bu narsaning vaqti-vaqti bilan
qilinishi qonun tanlov asosida ishlayapti degan xulosaga olib keladi. Hukumat
doirasidagi korrupsiya hech kimga sir emas. Buni yuqori
lavozimdagilarning o'zi ham biladi. Shuning uchun ratifikatsiya
qilishdan boshqa imkoniyat ham qolmagan bo'lsa kerak", - deydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.
Sharhlovchilarga
ko`ra mamlakatdagi iqtisodiy muhitga ishonch kam. Oliy Majlis ratifikatsiya bilan respublikaga chet eldan sarmoya kela boshlaydi deb umid qilayotgan bo'lishi mumkin, ammo qonun hozircha faqat qog'ozda. Shu paytgacha ma'qullangan o'nlab xalqaro hujjatlar qatorida chang bosib yotibdi.