VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

 

Bugun Amerika Ovozida :

45 tilda xabarlar
Inqiroz asoratlari: pul yo'q, xalq norozi, muhojirlar ishsiz


16/11/2008

[insert caption here]
Iqtisodiy vaziyat og'ir, biroq umid bor

Vashingtonda dunyo iqtisodiyotida muhim o`rin tutgan kuchli 20 davlat yetakchilari moliyaviy inqirozga qarshi kurash rejasini muhokama qilgan.

Uchrashuv natijasida deklaratsiya qabul qilindi. 

Davlatlar moliya tizimini tartibga solib, hamkorlik munosabatlarini shakllantirishga, xalqaro moliya institutlari rolini kuchaytirishga kelishib olgan.

Markaziy Osiyo davlatlari kuchli yigirmalikka kirmaydi, biroq moliyaviy inqiroz asoratlari mintaqani chetlab o’tayotgani yo’q.

Mutaxassislar tanazzul boshqa davlatlar qatori O`zbekistonda ham og`ir kechishi haqida ogohlantirmoqda.

Kuchli yigirmalikning Vashingtonda moliyaviy inqirozga doir yig`ilishi o`zbekistonlik mutaxassislar orasida ham muhokamada.

Hukumat doirasida global moliyaviy inqiroz O`zbekistonga taalluqli emas degan fikr ustun bo`lsa-da, mustaqil kuzatuvchilar fikri ancha tashvishli.

Ular dunyo moliya tizimini imkon qadar tez barqarorlashtirish tashabbusiga umid bilan qaramoqda.

Amerika yolg'iz hech narsani hal qila olmaydi

Mustaqil ekspert Rashid Taymurovning aytishicha, Vashingtondagi yig`ilish inqirozdan xalos bo`lishning tezkor yo`llarini taklif qila olmasa-da, hamkorlik ruhi muhim.

"Moliya bozori, aksiyalar, kapital aylanmasi tez rivojlanayotgan jarayon. Bu bozorni nazorat qilishda biror davlat, hatto Amerika ham yolg`iz hech narsani qila olmaydi. Deylik, bir davlatda soliq joriy etildi, boshqa davlatda bu narsa yo`q, investorlar zudlik bilan o`sha davlatga o`tib ketadi. Shu jihatlari bilan birjalar faoliyatini tartibga keltirish uchun global miqyosadagi hamkorlik kerak", - deydi Rashid Taymurov.

Ekspertning aytishicha, moliya bozorida capital tez harakat qiladi - nazorat qilish qiyin va qaltis jarayon.

“Masalan, siz
[insert caption here]
oyoq kiyim ishlab chiqarayotgan bo`lsangiz, ertasiga soyabon ishlab chiqara boshlay olmaysiz, bu texnologik jihatdan mumkin emas. Moliya bozorlarida esa bu mumkin, siz bir daqiqada million dollarlik oyoq kiyim ishlab chiqarish aksiyalarini sotib, uni soyabon sotuvchi kompaniyalarga tikishingiz mumkin”, - deydi ekspert.

Moliyaviy inqiroz AQSh birjalarida aksiyalar bahosi keskin tushib ketishidan boshlandi. Amerika bozorida boshlangan bu inqiroz tez suratda dunyoning qator davlatlarida kuzatildi, iqtisodiy tanglik yuzaga keldi.

Biznes-konsalting firmasi mutaxassisi Farhod Nazirovning aytishicha:

“Jahon yalpi ishlab chiqarish hajmining 25 foizi AQShga to’g’ri keladi. Albatta, ularda krizis bo`lsa, butun dunyoga ta’sir qiladi. AQSh import qilishda ham dunyoda yetakchi davlat. Inqiroz tufayli, deylik, Xitoy, Yaponiyadan kamroq mahsulot sotib oladi”, - deydi u.

Rossiyalik siyosatchilar nazarida G`arb moliya bozori nazorat qilinmasligi, spekulyatsiya ko`pligi uchun ham inqiroz kuchaygan.

Rashid Taymurovning aytishicha, shu paytgacha iqtisodni bozor qonunlari asosida, erkin boshqarishdan ko`ra ma`qul usul yaratilmagan.
 
“Bozor iqtisodiyotining turli modellari bor. Masala hozir bozor iqtisodida yoki kapitalizmda emas, balki moliya bozorlarini samarali boshqarish yo`llarini topishda”, - deydi ekspert.
 
Keyingi paytda Rossiya xalqaro savdoni faqat AQSh dollarida amalga oshirish an’anasiga chek qo`yib, rublni muomalaga jalb qilishni taklif qilmoqda.

Farhod Nazirov “bu tashabbus avval ham kuzatilgan, biroq qo`llab-quvvatlanmagan” deydi.

Rashid Taymurovning aytishicha, xalqaro moliyaviy operatsiyalar faqat AQSh dollarida o`tkazilishi shart degan qoidaning o`zi yo`q.

“Dunyo bozoridagi savdo bir necha valyutada o`tkaziladi, albatta, bu yerda asosiy valyuta dollar bo`lib qolmoqda. Rossiya rublni xalqaro miqyosdagi valyutaga aylantirishi uchun uni qadrini mustahkam qilishi kerak. Marhamat, neftini rublga sotsin va rubl aylanmasini faollashtirsin”, - deydi ekspert.

[insert caption here]
Markaziy Osiyoda iqtisodiy inqiroz alomatlari
 

Mintaqa davlatlari kuchli yigirmalikka kirmaydi. Biroq tahlilchilar nazdida moliyaviy inqiroz rivojlanayotgan davlatlarda qaltisroq bo’lishi mumkin.
 
Tojikiston, Turkmaniston, Qirg`iziston va O`zbekiston dunyo moliya bozoriga aralashmaydi. Bu davlatlarda jahon bozoriga tikilgan kapital yo`q. 

Bu davlatlar uchun asosiy tahdid - Rossiya va Qozog`istonda yuzaga kelayotgan turg’unlikdir.

Qirg`iz tahlilchilari millionlab mehnat muhojirlari Rossiya va Qozog`istondagi inqiroz sabab mamlakatga qaytayotganiga ishora qilmoqda. Qirg`izistonda yangi inqilob uchun zamin bu, deydi ular.

O`zbekistondagi mustaqil tahlilchilar fikri ham Qirg`izistondagi qarashlardan farq qilmaydi.

“Rossiya va Qozog’istondagi moliyaviy inqiroz natijasida millionlab o`zbekistonlik mehnat muhojirlari daromadsiz qolib, yurtiga qaytishga  majbur. Bu esa mamlakat ichida ishsizlik, keskin norozilikni keltirib chiqaruvchi omildir. Hukumat hozir bunga e`tibor qaratmayapti. Har holda ommaviy axborot vositalarida dunyoda kechayotgan moliyaviy parokandalikning bizga daxli yo`q degan qarashlar bildirilayapti”, - deydi “Tezkor guruh” analitik markazi valiki Suhrob Ismoilov.

Ta`kidlash lozim, hozirda ko`plab mehnat muhojirlari Rossiya va Qozog`istondan O`zbekistonga qayta boshlagan.

Banklar kredit bermay qo’ygani bois qurilish kompaniyalarida ish muzlatilmoqda, ko`plab immigrantlarga ish haqi to`lanmagan. 

Osiyo Taraqqiyot Banki hisobotiga ko’ra, tashqaridan kelayotgan daromad muhim bu mintaqada pul oqimi keskin kamayishi mumkin.

[insert caption here]
O'zbekistonlik mutaxassislar bashorati

Ozbekistondagi biznes muhiti, tadbirkorlikka inqiroz qanday ta’sir qilayotganini aniq aytish qiyin.

“Biz faqat jahon banklari inqirozga uchragani, katta miqdorda zarar ko’rayotgani haqida eshitayapmiz. Bizga qanday tasiri bo`lishini kelasi yil bilish mumkin bo`ladi”, - deydi u.    

Farhod Nazirov fikriga ko`ra, O`zbekiston eksport imkoniyatlari zarar ko’rishi mumkin.

“O`zbekistonda bu yil yalpi ishlab chiqarish 8-9 foiz bo`ladi, keyingi yil 5-6 foizga tushishi mumkin, chunki mamlakat ishlab chiqarayotgan mahsulotga ehtiyoj baribir pasayadi”, - deydi u.

Ekspert Rashid Taymurov investitsiyani jalb qilishda ham qiyinchiliklar yuzaga kelishini aytadi.

“Moliyaviy inqiroz ta`sirida eksport hajmi pasayishi, muhojirlar vataniga qaytishi mumkin, ishsizlik ortadi. Lekin bu asoratlarni aniq raqamlarda aytish qiyin, chunki O`zbekistonda xulosa qilish uchun aniq ma`lumot mavjud emas”, - deydi ekspert.
 
Vashingtonda o`tgan uchrashuvda xalqaro moliya institutlari, jumladan, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, Jahon Banki kabi tashkilotlarning dunyo iqtisodidagi o`rnini oshirishga ahamiyat qaratildi. O’zbekistonda sarmoya muhiti erkin emasligi bois mamlakatning bu tashkilotlari bilan aloqasi silliq emasligi ta’kidlanadi.


E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
  Shu mavzuda
Muhojirotdagi o'zbekistonliklar huquqiy himoya so'ramoqda
O'zbekiston aholisining qariyb uchdan biri xorijda
Rossiyada millatchilik va shovinizm avj olmoqda
Rossiyadagi ishchi migrantlar saviyasi ularga pand bermoqda
O'zbekistonliklar Rossiyada tekinga ishlatilmoqda
Ukrainada o'zbekistonlik muhojirlar tazyiqdan shikoyat qilmoqda
O'zbekistonliklar Rossiyada millatchilik qurboni, hukumat nima qilyapti?
 
  Bosh mavzu
Energetik eksportda bir davlatga tayanish mintaqa uchun xatarli

  Boshqa xabarlar
AQSh generali Qozog'istonda muzokara olib bormoqda
Erkinlik O'zbekiston kabi jamiyatlarda hamon juda nodir ne'mat
BMT G'azoda urushni bas qilishni talab qilmoqda
Tinchlik va iqtisod - yilning eng dolzarb masalalari
Rossiya qarorlari G'arbda keskin tanqid ostida
Jorj Bush Oq Uyda so'nggi bor matbuot anjumani qildi
Isroil G'azoda kimyoviy qurol ishlatganlikda ayblanmoqda
Yevropa -O'zbekiston:  Afg'oniston va energetika bosh mavzu
Jurnalistlar: O'zbekistonda taxallus ostida yozish ham xatarli
G'azoda parokandalik, Misrda esa sulh muhokamada
Obama iqtisodiy tanazzulga qarshi choralar taklif qilmoqda
O'zbekiston: Isroil-Xamas mojarosi muzokara orqali hal qilinsin
Aloqalar sovuqlashgan paytda Medvedev Toshkentga otlanmoqda
G'azodagi urush O'zbekistonda ham xavotir uyg'otmoqda
Yoshlar yili xulosalari: o'qish qimmat, bilim sayoz, fikr tor