O'zbekiston
matbuotiga ko'ra, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi mamlakatdagi iqtisodiy
islohotlarni yuksak baholagan.
Sharhlovchilar
nazarida esa O'zbekiston iqtisodida o'sish sezilmaydi. Narx-navo keskin ko'tarilib, turmush
qimmatlashgan.
UzA davlat axborot agentligi xabariga ko'ra Xalqaro Valyuta Jamg'armasi ijrochi
direktorlari O'zbekiston bilan hamkorlik masalasini muhokama qilib,
mamlakatda iqtisodiy rivojlanish borayotganini e'tirof etishgan.
Maslahatlashuv yakunlari bo'yicha o'tgan majlisda O'zbekistonda iqtisodiy o'sish yiliga 9 foiz
deb qayd etilgan. Soliq siyosati, inflyatsiya, pul-kredit yuzasidan ko'rilgan
chora-tadbirlar samara berayotgani ta'kidlangan.
O'zbekiston
axborot agentligi hukumat va xalqaro jamg'arma o'rtasida hamkorlikka doir biror
e'tirozli nuqtalar borligi haqida hech narsa demagan. Uch yil avval O'zbekiston
bilan aloqlarini to'xtatgan xalqaro moliyaviy tashkilotar orasida Xalqaro
Valyuta Jamg'armasi ham bor edi.
Yaqinda
Jahon Banki ham O'zbekistonga doir yangi
hamkorlik strategiyasini qabul qilganini bildirgan edi. Bunday tashkilotlarning O'zbekiston
bilan hamkorlikni tiklayotgani G'arb va O'zbekiston o'rtasida qurilayotgan
yangi aloqalar bilan bog'liq ko'riladi.
Yaqinda
Vazirlar Mahkamasining yarim yillik yakunlariga bag'ishlangan yig'ilishini
prezidentning o'zi boshqardi. Bu haqda berilgan axborotda inflyatsiya
miqdori aniq ko'rsatilmaydi, faqat prognoz darajasidan oshmagani ta'kidlanadi.
O'zbekistonda
odatda inflyatsiya darajasi 10 foiz atrofida ko'rsatiladi.
Sharhlovchilar
o'zbek so'mi borgan sari o'z qadrini yo'qotib boryapti deya iqtisodiy o'sish
haqidagi rasmiy ko'rsatkichlarni e'tiborga olishmaydi.
Bugungi
kunda mamlakat aholisini bezovta qilayotgan muammo - narx-navoning uzluksiz o'sayotgani.
Mustaqil
iqtisodchi Jahongir Shosalimov yaqin bir yildagi narxlar o'sishini o'rganib
chiqqan.
"Un
mahsulotlari 290 foizga oshgan, buxanka noni 200 foiz atrofida, guruch 330
foizga yaqin oshgan. Go'sht, margarin, yog' ham shunga yarasha oshgan. Bu holat
O'zbekistonda nihoyatda xatarli natijalarga sabab bo'lishi mumkin. Shuningdek,
bu holat o'zbek so'mini shuncha darajada pastga tushganini ham bildiradi", -
deydi iqtisodchi.
Ayniqsa
so'nggi oylarda bozordagi narxlarning keskin ko'tarilayotgani, aholining bunga
munosabati huquq himoyachilarining ham e'tiborini tortgan. O'zbekiston inson
huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov aholi bilan bu borada
monitoring ishi yuritilganini ta'kidlaydi.
"Bu
odamlarga og'ir ta'sir qilgan, lekin nima qilishsin, kimga dodini aytadi? Qo'lidan
kelgancha yashashga harakat qilishayapti", - deydi Ikromov.
Uning
aytishicha hukumat narx-navo o'sishini sun'iy ravishda ushlamoqda. Ikromov yaqinda
Milliy bankda bo'lib o'tgan janjalga guvoh bo'lgan.
"Odamlar
to'planib hisob raqamlaridagi pulni talab qilishyapti. Ular esa pul yo'q,
keyinroq, ertaga bo'ladi deb turishibdi. Oyning oxiri bo'lgani uchun
bermayapti. Shunaqa metodlar bilan inflyatsiyani sun'iy ravishda ushlamoqchi bo'lishayapti",
- deydi Surat Ikromov.
Jahongir
Shosalimov fikricha bugungi kunda O'zbekiston iqtisodiyotini hukumat
tadbirlari emas, millionlab muhojirlar mehnati inqirozdan saqlab turibdi.
"Mardikorlarimiz
ne hasratlar bilan pul ishlab O'zbekiston iqtisodiga sarmoyalarini kiritib
turishibdi. Shu jihatdangina keskin vaziyatni oldi olinayapti", - deydi u.
Sharhlovchilar ta'biricha aholi va davlat o'rtasidagi
iqtisodiy bog'liqlik tobora yo'qqa chiqmoda. Aholining O'zbekistonda ishlab tirikchilik
qilishga ishonchi so'nib bormoqda.