Hozir Qo’shma Shtatlarda
taxminan 38 million muhojir yashaydi. Kimdir grin karta orqali, kimdir
mutaxassis yoki student bo’lib kelib shu yerda qolib ketgan. Ba’zilari
noqonuniy muhojirlar.AQShga kelib o’rnashib, ish topib, bu jamiyatga
o’rganayotgan oilalar uchun bola tarbiyasi va ta’limi shubhasiz eng muhim masalalardan
biri.
Gruziyalik
Salome Oragvelidze 17 yildan beri AQShda istiqomat qiladi. Shu yerda maktabga
borgan. 2 yoshli farzandi bor.
“AQShdagi
sinfdoshlarim avvaliga menga sovuq munosabatda edi. Balki tilni uncha yaxshi
bilmaganim, madaniyatim boshqa bo’lgani uchundir. Lekin oradan sal o’tib,
ularni yaqinroq tanigach, ingliz tilini o’rgangach, o’zimni erkin his qila
boshladim. Ular ham meni qabul qilishdi. Farzandimga kelsak, uni Gzuziyadagi
maktabda o’qishini xohlayman. Millati, madaniyatini yaqindan bilsin”.
Mutaxassislarning aytishicha, bola qancha yosh bo’lsa, Amerikadagi hayotga shuncha tez kirishib ketadi va ingliz
tilini ham tez o’rganadi.Lekin ona tili, madaniyatini unutib qo’yishi mumkin.
Ozarbayjonlik
Mansura Mamedova grin karta (Green Card), Amerikada doimiy yashash va ishlash
huquqini beruvchi Grin Karta lotoreya dasturi orqali o’tgan yili oilasi bilan Amerikaga
ko’chib kelgan. Farzandi Virjiniya shtatidagi Oukton maktabida 4-sinfda o’qiydi.
“O’zim
ingliz tili o’qituvchisiman. Lekin oilada faqat ozarbayjon tilida gapiramiz. Farzandlar
ona tilini unutmasin deb. To’g’ri, bola kunning yarmini maktabda o’tkazadi,
uning fe’li, yurish-turishi o’zgara boshlagan. Agar to’rt devorga qamab qo’ysam,
odamlarga qo’shilmay qolishi mumkin. Darsdan, tengdoshlaridan ajralib qoladi. Menimcha,
agar oilada til va urf-odatlar qadrlansa, bu bolaga ham o’tadi”.
8 yildan
beri Qo’shma Shtatlarda yashayotgan o’zbekistonlik ota farzandini dastlab
davlatga qarashli maktabga bergan. Virjiniya shtati, Fairfax tumanidagi bu maktab juda obro’li dargoh edi, deydi u.
“Biroq
yurish-turish, tartib, madaniyati bizga to’g’ri kelmagani uchun shu atrofdagi
xususiy turk maktabiga berdim. Bu yerda O’rta Osiyo xalqlari tarixi, til,
ota-onaga hurmat, tarbiya haqida darslar bor. Fanlarni o’qitish usuli ham
Virjiniya shtati o’quv talablariga javob beradi”.Ozarbayjonlik
Mansura Mamedovaning aytishicha, maktabni tanlashda do’stlar, qarindoshlar
yordam bergan.
“Virjiniya
shtatidagi Oukton boshlang’ich maktabini tavsiya qilishdi, ochig’i, afsuslanganim
yo’q. Avvaliga bolam hayajonlandi, lekin hozir maktabga xohlab boradi, ta’til
paytida sog’inadi. Biz Sovet maktablarida o’qiganmiz, odam og’izni ocha
olmasdi, ortiqcha harakat qilib ko’ring! Bu yerda esa munosabat boshqa. Bola
maktabdan yuzida tabassum bilan qaytadi. Shuning o’zi katta gap”.
Qo’shma
Shtatlarda uzoq yil yashab, bu yerning tosh-tarozini o’rgangan o’zbekistonlik
ota farzandini xususiy maktabga berganiga achinmaydi. Albatta xususiy
maktablarda narx-navo baland. “Atrofingizda
xususiy maktablar bo’lsa, ularga murojaat qiling. Imtiyoz, stipendiya beradigan
har xil fondlar bor u yerda. Bola haqiqatda iqtidorli bo’lsa, bu maktablarda
uni qabul qilish niyati bo’ladi. Umuman, xususiy maktab ham uncha qimmat emas. Biz
oyiga 600-700 dollar to’lab o’qitamiz. O’rtacha hisobda 1000 dollar
sarflashingiz kerak. Endi farzandga sarflagan pulingiz bu investitsiya. Bolani
qanday voyaga yetkazsangiz, shunaqa meva olasiz”.