Tolibon
so’nggi paytlarda ancha ilg’or qurol-aslahani ishga solib, Afg’onistondagi NATO
kuchlariga zarba bermoqda.AQShning bu mamlakatga qo’shimcha kuch safarbar
etayotgani ayni muddao, deydi NATO matbuot kotibi Jeyms Appaturay “Amerika
Ovozi” bilan suhbatda.
Yaqinda
Xost viloyatida ro’y bergan kuchli portlash 16 o’quvchini hayotdan olib ketdi.
Afg’onistonda bu kabi xunrezliklar so’nggi ikki yil ichida ancha ko’paygan.
NATO qo’mondonlari Tolibonni yengish oson kechmayotganini tan oladi. AQSh
kelasi yil mamlakatdagi qo’shin sonini ikki baravarga oshirib, 60 mingga
yetkazadi.
“NATO
Barak Obama ishga kirishib, Afg’onistondagi harbiy strategiyaga aniqlik
kiritishini kutmoqda”, - deydi tashkilot so’zlovchisi Jeyms Appaturay.
Obama
Afg’onistondagi vaziyatga mintaqaviy jarayonlar nuqtai nazaridan qarashini aytadi.
Masalan, Pokiston va bu mamlakatning Hindiston bilan munosabatlari
Afg’onistonga qanchalik ta’sir qilmoqda?
Obama nazarida vaziyatni yaxshilash
uchun butun mintaqani jalb qilish lozim.Shu maqsadda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishi
kutilmoqda.
Shimoliy
Atlantika tashkiloti yangi strategiyani muhokama qilishga tayyor. AQSh
Afg’onistonda nimalarga erishmoqchi? Buni aniqlab olgach, tashkilot maqsad
tomon harakat qiladi, deydi Jeyms Appaturay.
Appaturay
yaqinda Pokistonning Xaybar dovonida bo’lib qaytgan. “Bu mamlakat armiyasi,
afg’on xavfsizlik kuchlari va NATO o’rtasida hamkorlik yaxshi yo’lga
qo’yilganiga guvoh bo’ldim” - deydi u.
Muhimi,
afg’on-Pokiston chegarasini kesib o’tayotgan jangari kuchlar har ikki
mamlakatga tahdid solayotganini rasmiy Islomobod tushunib yetgan.
“Afg’onistondagi
jangarilar Pokistonga o’tib, shaharlarda qo’poruvchilik xurujlari sodir
etyapti. Afg’oniston shikoyat qilayotgan muammo bilan Pokiston ham
yuzlashmoqda”, - deydi NATO rasmiysi.
Afg’on
prezidenti Hamid Karzay Tolibon bilan muloqot qilish va hatto harakat
rahbarlarini saylovlarda ishtirok etishga da’vat etmoqda. Vashington bu
taklifga qarshi emas. NATO ham bunga rozi.
NATO
rasmiysiga ko’ra, “afg’on hukumati Tolibon bilan gaplashmoqchi bo’lsa, bu uning
ishi, lekin boshqaruv avvalo xalq ishonchini qozonishi, xalqaro donorlar yordamida
odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan dasturlar joriy etishi lozim. Bu
amalga oshishi uchun xavfsiz sharoit yaratib berish NATO zimmasida.