Barak Obama prezidentlikka shaylanar ekan, Kongressdan uning iqtisodiy takliflarini ma’qullashni
so’ramoqda.
Obama fikricha, AQSh iqtisodiyoti kun sayin og’irlashib bormoqda va
u rahbarlikka kelgach asosiy diqqatni shu masalaga qaratadi.
Uning nazarida
moliyaviy tanazzuldan chiqishning eng ma’qul yo’li hozirda yuz milliardlab
dollar ajratib, uni yangi ish o’rinlari yaratish uchun sarflash. Qolaversa,
xususiy sektorni quvvatlash.
Inauguratsiyaga
atigi bir necha kun qoldi. Bo’lajak prezident iqtisod eng dolzarb mavzu deydi.
Xalqning bank va moliyaviy tizimga ishonchini oshirish uchun 775 milliard
dollar so’ramoqda.
Amerikaning kuchli iqtisodchilarini ishga olayotgan Obama “haqiqatni tan olish
kerak”,-deydi.
“Iqtisodiyotimiz juda katta zarar ko’rgan. Dahshatli desak arziydi. Uni tiklash
uchun barcha vositalarni ishga solish kerak”.
Birinchidan, deydi Obama, yangi ish
joylari yaratish kerak. Yo’llar, ko’priklar va maktablar qurish rejalanmoqda.
Ikkinchidan, yangi prezident xalqqa kamroq soliq solmoqchi.
“Bizneslarning kengayishi uchun ularga sarmoya kerak. Toki ular ishchi yollay
olsin. Ishlab chiqarish va savdo jonlansin. AQSh raqobatbardoshligini saqlab
qolish uchun yangi texnologiyalar yaratish kerak. Biz buning uchun zarur
sharoit yaratib beramiz”,- deydi Obama.
Prezidentlik kursisiga o’tirgach, Obama ikki hafta ichida bu iqtisodiy dasturni
ishga solmoqchi.
Yetakchi senator Garri Ridning aytishicha qonunchilar
Obamaning takliflarini o’rganib
chiqmoqda.
“Iloji boricha tezroq harakat qilish kerak”,- deydi senator.
Lekin respublikachilar shoshayotgani yo’q."Obamaning taklifi qimmatga tushadi", deydi senator Mitch Makkonnell.
"Bu ulkan loyiha. 775 milliard emas, 1 trillion dollarga tushsa ajabmas", - deydi respublikachi qonunchi.
"Obama
aytayotgan chora-tadbirlarni yaxshilab o'rganib, birma-bir elakdan o’tkazish kerak”,- deydi senator Makkonnell.
Barak Obama Kongress a’zolaridan partiyaviy farqlarni chetga surib, iqtisodni
jonlantirish uchun bir yoqadan bosh chiqarishni so’ramoqda.
“Mening taklifim”,
deydi u, “ yaqin oylarda uch million ish o’rni yaratadi, yangi texnoligiyalarga
asos soladi va sog’liqni saqlash tizimini yaxshilaydi”.
Kongressda hamma ham
hozircha bu fikrda emas.