Mana 13 kundirki, Isroil G’azoda Xamasga qarshi harbiy harakatlar olib
bormoqda.Bugun Misr bilan chegaradosh Rafa shahrida
bir necha tunnel vayron qilingan. Isroil nazarida bu yerosti yo’llari orqali
Xamasga qurol-aslaha olib o’tilar edi.
G’azo shimolida ham bir necha joy
nishonga olingan. Islomiy Jihod jangari guruhining uch a’zosi o’ldirilgani
haqida xabarlar bor.
Bugun Isroilga qarata Livandan raketa hujumi amalga oshirilgan.
Kamida
uch raketa otilgani ma’lum. Isroil-Livan chegarasida Nihariya shahrida ikki
kishi jarohatlangan.
Isroil hujumlarga
javob qaytargan. Livan hukumati hozirda qo’shni davlatni kim nishonga olganini
tekshirmoqda. “Har qanday xurujni qoralaymiz”,- deydi bu mamlakat rasmiylari.Livanda asoslangan Hizbulloh jangari guruhi Isroil bilan urushga tayyor
turganini ta’kidlab, yahudiy davlat Xamasni yer tishlata olmaydi deya ishonch
bildirmoqda. Lekin bugungi xuruj aynan uning ishi ekani haqida hozircha biror
ma’lumot yo’q.
Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi esa Isroilni falastinliklarga yordam
yo’llarini to’sayotganlikda,urush
jabrdiydalariga tibbiy ko’mak berishni cheklayotganlikda ayblamoqda.
Isroil esa Xamasga qarshi operatsiyalarni har
kuni uch soatga to’xtatib, insonparvarlik yordami uchun sharoit yaratib
berayotganini qayd etmoqda.
G’azoning Zaytun degan mahallasi havo hujumlaridan katta ziyon ko’rgan va
odamlar bir qultum suvga zor, deydi Qizil Xoch xodimlari. Isroil bu yerga hech
kimni kiritmayotgan edi.
Kecha bir necha xodim mahallani ko’zdan kechirishga
muvaffaq bo’lgan. 15 jasad va 18 yarador topilgan. Yana bir necha kishi,
jumladan bolalar og’ir ahvolda ekani aniqlangan.
Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasining
hududdagi vakili fikricha Isroil G’azo aholisiga shafqatsizlarcha
munosabatda.
Urushni Xamas boshlagan va Isroilning unga qarshi hujum qilishga haqqi
bor deb kelayotgan Kondoliza Rays, AQSh Davlat kotibasi, deydiki, Misr va
Fransiya vositachiligida sulh tuzilishiga umid bor.
AQSh Isroilni muzokara
boshlashga undamoqda. Isroil bugun o’z
vakilini Qohiraga yo’llab, Husni Muborak va Nikolya Sarkozi taklif qilayotgan
rejani ko’rib chiqmoqda. Xamas ham bu hujjat bilan tanishayotganini bildirgan.
BMT Xavfsizlik Kengashi raisi, Fransiya diplomati Jan-Moris Riperning
aytishicha a’zolar masala yuzasidan hamon bir fikrda emas. Munozara davom
etarkan, biror rezolyutsiya haqida gapirish qiyin, deydi Riper.
Jorj Bush prezidentligi nihoyasiga yetib, Barak Obama rahbarlikka
shaylanar ekan, Isroil-Falastin mojarosi va uni hal etishda AQSh qanday rol
o’ynashi haqida bahslar avjida.AQShning Isroildagi sobiq elchisi Martin Indik fikricha Obamani qator
sinovlar kutmoqda.
"Yangi prezident va davlat kotibi kuchli diplomatik choralar
haqida o’ylashi kerak. Bir necha bosqichli va ikki tomonni bir-biriga
yaqinlashtiradigan choralar",- deydi Martin Indik.
"Yaqin Sharqda ish sekin bitadi, ammo har ikki
tomonning asosiy talablari inobatga olinsa, aniq strategiya bilan chiqilsa,
tinchlikka erishish mumkin",- deydi keksa diplomat.
O’tgan sakkiz yildagi katta xatolardan biri shu bo’ldiki, deydi Kennet
Pollak, AQSh Markaziy Razvedka Agentligi sobiq tahlilchisi, “biz vaziyatning
qanchalik murakkab ekanini tushunib turib ham, Isroil va Falastin orasidagi
nifoq, Iroq, Eron, Misr, Saudiya Arabistoni va bu mintaqaning boshqa
qismlaridagi voqealarni bir-biridan ajratishga urinamiz. Xuddi hamma narsaga
alohida yondashsak, masala yechiladigandek".
Achchiq haqiqat shuki, deydi tahlilchi, bu jumboqlar
bir-biri bilan bog’lanib ketgan.
"Obama buni tan olgan holda ish tutishi, vaziyatga
keng doirada yondashishi lozim",- deydi Kennet Pollak.
Tamara Kofman, Yaqin Sharq bo’yicha yana bir siyosatshunosning
ta’kidlashicha, Isroil olib borayotgan urush unga qimmatga tushadi."Hujumlar
qancha uzoqqa cho’zilsa, hammaning toqati toq bo’lib, hatto Amerikadek
ishonchli ittifoqchi ham yahudiy davlati o’ziga tahdid solayotganini eslata
boshlaydi",- deydi sharhlovchi.
Gap shundaki, deydi Tamara Kofman, Vashingtondagi siyosiy doiralar bungacha
borishni xohlamaydi va shu bois hozirdanoq Isroilni “o’ylab qadam qo’y” deya
ogohlantirmoqda.
AQSh bugun Falastin davlati barpo etish Yaqin Sharqda tinchlikka erishish
uchun eng zarur qadamlardan biri ekanini anglab yetgan, deydi “Amerika Ovozi” bilan
muloqot qilgan siyosatdonlar. Hozirgi urush bu ishni sekinlashtirayotgani ayon.
Shibli Tilamiy, arab kelib chiqishiga ega professor nazarida Barak Obama
hozircha Isroil-Xamas urushiga aralashmagani ma’qul."Prezidentlikka kelgach ham
ehtiyot bo’lishi kerak",- deydi olim.
"AQSh rahbarlarining har bir aytgan so’zi
Yaqin Sharqda turlicha aks sado beradi va urushib kelayotgan tomonlarni
ahmoqona harakatlarga chorlaydi",- deydi Shibli Tilamiy.
“Ga’zodagi xunrezliklararab-Isroil mojarosining bir qismi xolos.
Obama o’tmishdan saboq olishi kerak”,- deydi tahlilchi.