Arab
davlatlari BMT Xavfsizlik Kengashini zudlik bilan diplomatik chora ko’rishga
chaqirmoqda.BMT G’azodagi urushni qoralamoqda, ammo Xavfsizlik Kengashi
mojaro yuzasidan bir fikrda emas.
Arab davlatlari diplomatlari kecha va bugun Nyu-Yorkda
muzokaralar o’tkazib, Bosh kotib Pan Gi Mundan urushni darhol to’xtatishni
talab qiluvchi rezolyutsiya ma'qullanishi uchun barcha vositalarni ishga solishni so’ramoqda.
"Muhokamadagi
rezolyutisya",- deydi Arab Ligasi rahbari Amir Musa, "hujumlarni bas
qilish va doimiy sulh tuzish talabini qo’yadi, ya’ni xalqaro hamjamiyat
Isroil-Falastin mojarosi qon bilan hal etilmasligini qayd etishi va tomonlarni
bir-biriga hujum qilishini man etishi lozim".
Liga
nazarida Isroil bosqinchidir va G'azoni tark etishi shart.
Musaning
aytishicha, mintaqaga xalqaro kuzatuvchilar kiritilishi va insonparvarlik
tashkilotlari ishlashi uchun sharoit yaratilishi lozim.
AQSh
rezolyutsiya loyihasini rad etishi mumkin. Falastin rasmiylari bo’lajak
prezident Barak Obamani sukut saqlayotganlikda ayblamoqda.
Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy fikricha, Obama
aniq bir munosabat bildirishi va dunyo ahliga Yaqin Sharqqa nisbatan qanday
siyosat yuritmoqchi ekanini tushuntirishi shart.
Obama
prezidentlik kursiga o’tirmasdan turib, mojaroga bosh suqmoqchi emas. Masala
hozircha Jorj Bush qo’lida. “Isroil
davlati o’zini himoya qilishga haqli va biz uni tushunamiz”,- deydi
Bush.
“Urushda, yana bir bor qayd etaman, Xamas
aybdor. Xamas agar falastinliklar taqdiri haqida qayg’urganida G’azodan turib
qo’shni yurtni nishonga olmasdan, Falastin davlati tuzamiz deb turgan Mahmud
Abbos va uning Fath harakati bilan kelishib ishlagan bo’lardi”,- deydi AQSh
rahbari.
“G’azo aholisiga achinamiz va
ularga hamdardmiz”,- deydi Bush. “Shu bois Amerika insonparvarlik yordami
ko’rsatish uchun o’n millionlab dollar ajratmoqda”.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun esa
Isroil va Xamasni birdek tanqid qilib, tomonlarni qurol tashlashga undamoqda. “Isroildan
hujumni bas qilishni talab qilish kerak. Nazarimda harakatlarni juda haddidan
oshirib yubordi”,- deydi Pan Gi Mun. “Xamas ham raketa xurujlarni to’xtatib,
falastinliklar kulini ko’kka sovurayotganini tan olishi kerak”,- deydi BMT bosh
kotibi.
Bugun BMT
Xavfsizlik Kengashi majlisida Falastin rahbari Mahmud Abbos ham
qatnashadi. Eslatish joiz, Xamas ham, G’azo ham uning nazorati ostida
emas.