Suv
tanqisligi Markaziy Osiyoda yaqin 10 yillikdagi eng dolzarb muammolardan biriga
aylanadi. O'zbekistonda nafaqat sug'orish, balki ichimlik suvi yetishmovchiligi
ham kuchaymoqda.
Mintaqada
muzliklar erishi tezlashmoqda, qishloq xo'jaligida suvdan tejamli foydalanish
mexanizmi shakllanmagan. Tejamkorlikni ta'minlovchi yangi texnologiyalar katta
mablag' va davlat e'tiborini talab qiladi.
Fermerlardan biri bu yilgi qurg'oqchilik dehqonlar uchun
ancha og'ir kechganini ta'kidlaydi:
"Paxtaga suv berishni hojati ham qolmadi. Vaqt o'tib
bo'ldi. Bu yil dehqonlar, fermerlar uchun yil og'ir keldi. O'ylashimcha,
ko'pchilik paxta planini bajara olmaydi. Qurg'oqchilikni ichimlik suviga ham
ta'siri bo'lar ekan. Kuzatishimcha ko'p joylarda yerosti suvlarini chuqurlikdan
nasoslar tortib ololmaydi. Aholiga ham ancha qiyinchilik tug'diradi", - deydi
bu fermer.
Yaqin yillardan boshlab kuzatilyotgan qurg'oqchilik
sabablari haqida mutaxassislar orasida ikki xil qarash mavjud.
Birinchi qarashga ko'ra, mintaqa global iqlim o'zgarishi
ta'siri ostida. Bu mintaqada nafaqat keskin qurg'oqchilikni, balki o'ta og'ir
ekologik inqirozlarni yuzaga keltiradi. Ta'kidlash joiz, turli xalqaro
hisobotlarda ham suvsizlik, qurg'oqchilik mintaqada turli ziddiyatli holatlarga
sabab bo'ladi deya ogohlantirilgan. Ekologik inqirozlar taxminlarga ko'ra 2020
yillardan boshlab yaqqolroq namoyon bo'ladi.
Mintaqadagi qurg'oqchilikni tahlil qilayotgan ikkinchi
guruhga ko'ra, suv yetishmovchiligi haqidagi hisob-kitoblar haddan oshirilgan,
yuz yillikda mintaqada qurg'oqchilikning davriy bosqichiga kirish boshlanadi.
Har 7-8 yilda bir kuzatilayotgan qurg'oqchilik davriylik boshlanganidan
dalolat beradi.
Professor Rustam Razzoqovga ko'ra ikki qarash ham o'rinli.
Biroq asosiy masala bunda emas, balki yer sho'rlanayotganiga qarshi biror
samarali chora ko'rilmayotganidadir.
"Olimlar ishlab chiqarayotgan texnologiyalarni
kuzatadigan, tatbiq qiladigan, tajriba uchastkalariga ko'mak ko'rsatadigan
davlatni maxsus yordami bo'lishi kerak. Tajriba maydonlarida olimlarni o'zlari
ishtirok etishi kerak, shunda natija bo'ladi. Oxirgi 30-40 yilda birorta yangi
texnologiya qo'llanilmadi. Masalan, Amerikada yopiq aylanma sug'orish
qo'llaniladi. Chuchuk suvni o'simlik turiga qarab bir necha bor qayta ishlatish
mumkin. 75 foiz chuchuk suvga sho'r suv qo'shib paxtani sug'orish, undan
chiqarib boshqa bir o'simlikni sug'orsa bo'ladi. Asosiysi suvni saqlash mumkin
bo'ladi", - deydi "Ekoservis" nodavlat tashkiloti rahbari professor Rasul
Razzoqov.
Mutaxassislar tashvishiga sabab bo'layotgan masalalardan
biri nafaqat qishloq xo'jaligi, balki toza ichimlik suvining ham kamayishi,
sifatini buzilishidir.
Yaqinda tashkil etilgan "O'zbekiston Ekologlari" ijtimoiy
harakati ijroiya qo'mitasi raisi o'rinbosari Saidrasul Sanginovga ko'ra,
avval Orolbo'yi havzasida kuzatilgan ichimlik suvi sifatining buzilishi
respublikaning boshqa hududlari tomon kengaymoqda.
"Toza ichimlik suvini sifati pasayayotgani, afsuski, bor
masala. Sabablari albatta birinchi navbatda sho'rlanish, keyin yerosti
suvlaridan foydalanishni noto'g'ri tashkil qilingani. Sanoat va maishiy
chiqindilarni ham bu jarayonga ta'siri bor. Shu bois ko'p joylarda ichimlik
suvining sifati pasayib ketmoqda", - deydi Sanginov.
Bi yilgi qurg'oqchilikdan nafaqat O'zbekiston ziyon
ko'rgan. Paxta ekiniga moslashgan Janubiy Qozog'istonda ham suv ta'minoti bilan
bog'liq avhol ancha og'ir. Qurg'oqchilik chorva bilan shug'ullanuvchi aholiga
ham katta zarar yetkazgan.
Mutaxassislar bu kabi qurg'oqchilik 2000-yillarda
kuzatilganini qayd etadi. Mamlakatda qurg'oqchilikdan zarar ochiq hisob-kitob
qilinmaydi. Fermerlarga ko'ra bu yil hukumat paxta planini talab qilayotganda qurg'oqchilikni
e'tiborda tutmoqchi emas.
Sharhlovchilarga ko'ra davlat suvdan foydalanishni
samarali yo'lga qo'yganda, bu yilgi qurg'oqchilik asoratini yumshatish mumkin
edi.
"Hozir suv tanqisligi yaqqol sezilayotgani yo'q. Asosan
me'yoriy ravishda kuzatilmoqda. Boshqarishni o'zini qoniqarli deb bo'lmaydi. Qancha
suv kelayapti, biz bilmaymiz. Qurg'oqchilik deyilayapti, nima sababdan, buni
hisob-kitob qilish kerak. Osiyo Bankining yaqindagi majlisida aytilishicha 10
yil ichida suvdan foydalanish 25 foizga ko'paygan. Nimaning hisobiga ko'paygan,
yangi yer o'zlashtirilmasa, ko'p yerlar ishdan chiqqan, sug'orilmayotgan
bo'lsa, suv qayerga ketdi? Bu jumboq. Bunga mutaxassislar aniq javob berishi
kerak. 40 kub kilometrga sig'adigan ko'llar paydo bo'layapti, yerosti suvi
ko'tarilib sho'rlanish darajasi yanada kuchayishi mumkin. Bu muammo ham bor,
buni ham hisobga olish kerak", - deydi professor Rustam Razzoqov.
Mintaqa suvlarining energetik tizimda ishlashi Qozog'iston
va O'zbekiston manfaatiga, irrigatsiya tizimida ishlashi esa Qirg'iziston
va Tojikiston manfaatiga to'g'ri kelmasligi - muammoning asosiy ziddiyatli
tomonidir.
Mintaqa keskin qurg'oqchilik ta'siriga tushadi degan
taxminlar esa ziddiyatlar keskinlashishidan darak beradi.
Ayni paytda suvdan foydalanish mintaqada 1998 yilda
tuzilgan hukumatlar-aro komissiya ishiga ko'ra amalga oshadi. Davlatlar
o'rtasida suvdan foydalanish bo'yicha xalqaro bitimlarga muvofiq imzolangan
shartnoma mavjud emas.
Hukumatlar o'rtasidagi amaldagi shartnomalar bilan biror
natijaga erishish qiyin. Suv zaxirasi bilan bog'liq vaziyat og'irlashishda
davom etadi.
"Suv kam bo'lgan paytda har bir tomon imkon qadar ko'proq
olishga urinadi, bu aniq. Bu yil ham shu narsa kuzatildi. Ehtimol keyingi yil
suv ko'p bo'lar, lekin issiqlanish jarayoni ketayotgani aniq. Muzliklar erib bo'lishi
mumkin. Hukumatlar bu muammoni inobatga olishi va tegishli xalqaro bitimlarga
ko'ra bir bitimga kelishi zarur", - deydi akademik Bekjon Toshmuhammedov.
Hukumatlar orasida kelishmovchiliklar, raddiyalar
kuzatilmoqda. O'zbekiston qishloq va suv xo'jaligi vaziri o'rinbosari Shavkat
Hamroyev yaqinda matbuotda e'lon qilingan maqolasida Qirg'izistonni
barcha kelishuvlarni buzgan holda suvni energetik maqsadda ishlatayotganlikda
ayblagan.
"Qirg'iziston Sirdaryodan foydalanishda monopollikni
saqlab qolmoqda va o'z muammolarini qozog'istonlik va o'zbekistonliklar uchun
belgilangan suv evaziga hal etishga harakat qilmoqda", - deyiladi bu maqolada.
Qirg'iziston bayonotiga ko'ra esa bu yilgi qurg'oqchilik
mintaqaning barcha davlatlarida bilinmoqda. Mintaqa suvidan foydalanish
bo'yicha 1998 yilda imzolangan bitim o'z kuchini yo'qotgan. O'zbekiston
yangi taqdim etilgan bitimga imzo chekmagan, avvalgi bitimdagi ayrim
majburiyatlarini bajarmagan.
Ma'lumotlarga ko'ra bu yilgi suvsizlik Qirg'izistonda
keskin energetik inqiroz bilan kuzatilishi mumkin.
O'zbekiston va Qozog'iston, Qirg'izistondan kelayotgan suv
miqdoriga qarab, ayniqsa yoz payti elektr energeyiasi o'rnini yonilg'i
mahsulotlari bilan qoplash majburiyatini olgan. Biroq keyingi paytda yonilg'i
va elektr quvvati narxini belgilash ham turli muzokaralar, kelishmovchiliklarga
sabab bo'lmoqda.
So'nggi yillarda elektr quvvatiga bo'lgan talab oshishi
Tojikistonda Qirg'izistonda ham elektr bilan bog'liq inqirozlarni yuzaga
keltirdi. Bu davlatlarda suvdan elektr quvvati olishga zo'r berilmoqda. Mintaqa
suvining asosiy iste'molchilari Qozog'iston va O'zbekiston bundan tashvishda.
"Suv bu energetik resurs. Qirg'iziston, Tojikiston uchun
ham. Lekin bu degani katta suv omborlari qurib, qo'shnilarga suv bermasdan,
elektrni Pokistonga yoki Xitoyga sotish degani emas. Birinchi galda o'z mintaqamizni
suv bilan ta'minlashimiz kerak. Keyin boshqalar bilan birgalashib gaplashish
mumkin bo'ladi", - deydi "Suvchi" nodavlat tashkiloti rahbari Tohir Majitov.
O'zbekiston Ekologlari ijtimoiy harakati faollaridan biri
Saidrasul Sanginovga ko'ra avvalo mintaqa daryolari Amudaryo va Sirdaryoning
trans-chegaraviy maqomini belgilash kerak. Buning uchun mintaqa davlatlari
trans-chegaraviy daryolar haqidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilishi
kerak.
"Shartnomaga kelishishni ancha murakkab tomonlari bor.
Xabaringiz bor, O'zbekiston yaqinda transchegaraviy suvlar haqidagi xalqaro
konvensiyaga qo'shildi. Biz qo'shnilarimiz Tojikiston, Qirg'izistonni ham shu
konvensiyalarga qo'shilishga undab kelayapmiz. Lekin hozircha natija yo'q. Har
kimni o'z siyosati bor. Agar ular ham shu konvensiyaga qo'shilishsa, suvdan
foydalanish bo'yicha shartnomaga kelishish, xalqaro tashkilotlar ko'mak berishi
yuzasidan ham yangi imkoniyatlar bo['lardi", - deydi Saidrasul Sanginov.
Tahlilchilar nazarida mintaqa suv zaxiralaridan
foydalanish bo'yicha ayni paytdagi vaziyat amaliy choralar bilan emas, ko'proq
tomonlarning bir-biriga bo'lgan e'tirozlari bilan kuzatilmoqda.
Fikrlarga
ko'ra yaqin 10 yillarda suv yetishmoqvchiligi davriy qurg'oqchilik sifatida
emas, aniq bir tabiiy ofat tusiga kiradi. Bu esa hozirdanoq aniq, keskin
choralar ko'rishni talab etadi.