Sharhlovchilar fikricha, suv taqchilligi yarashtiruvchi omil
bo’lishi ham mumkin. Yaqinda Moskva meri Yuriy Lujkov Markaziy Osiyoga
Sibir suvlarini sotish haqidagi loyihani muhokama qilishga chaqirdi.
Bir necha
o'n yil avval taklif qilingan loyiha hozirgacha turli munozaralarga sabab bo`lib
keladi. O`zbekistonlik mutaxassislar Sibir loyihasidan ko`ra mintaqa suvidan
tejamli foydalanishni yo`lga qo`ygan ma’qul deydi.
Sankt-Peterburgda o`tgan xalqaro biznes forumda Yuriy Lujkov
Sibir daryolari suvining bir qismini Rossiya janubiga burish, bir qismini
Markaziy Osiyoga sotish haqida taklifni yana ko`tardi.
Yuriy Lujkov taxminicha, Rossiya har yili 20 ming kubometr
suvni sotishi va kanal qazish uchun ketgan xarajatlarni 3-4 yil ichida qoplashi
mumkin.
Moskva merining bu taklifi Rossiyada ham muhokamaga sabab
bo`ldi. Sibir suvlarini janubga burish Rossiyada ekologik vaziyatga keskin
ta`sir qilishi mumkin deydi ayrimlar.
Bu loyiha Qozog’iston, Turkmaniston va O`zbekistonga suv yetkazishni
ham nazarda tutadi. Lujkov mazkur taklifni ilgari surar ekan,
O`zbekistonda paxta hosildorligi yil-sayin kamayib borayotganini misol qilib
keltirgan.
O`zbekistonlik mutaxassislarning Sibir
loyihasiga munosabati ham turlicha.
“Ekosan” jamg`armasi raisi Yusuf Shodimetov so’zlariga ko`ra,
Sibirdagi daryosi suvlari mintaqa uchun foydadan holi emas, katta xarajatlar
talab qiluvchi bu loyiha xalqaro miqyosda o`rganilishi va uning ijrosi uchun homiylar
topilishi kerak.
“Ekoservis” nodavlat tashkiloti rahbari Rustam Rajabovning
aytishicha, Sibir loyihasi bugun aktual emas, e’tiborni ko’proq mintaqa zaxiralariga
qaratish kerak.
“30-40 yildan keyin balki, Sibir daryolari haqida gapirish
mumkindir. O`shanda ham ichimlik suvi darajasida. Bu hozir iqtisodiy tarafdan
ham to’g’ri kelmaydi. Hozir hosildorlik past, bir kubometr suvdan qancha
mahsulot olamiz, bir gektardan qancha... Rivojlangan davlatlarda bu ko`rsatkich
yuqori, hozir bizda ana shu ko`rsatkichlarga yetish imkoniyati bor. Suvni
tejash va hosildorlikni ko`tarish, bu yerda boshqa muammo yo`q. Markaziy
Osiyo xalqlari birgalikda shu yo`nalishda harakat qilish kerak.
Birgalikda energetika masalasini ham hal qilish mumkin, hozir yangi
texnologiyalar bor, hozirgacha bo`lgan xatolarni yo`qotib ana shu yangi
texnoligiyalarni qo`llash kerak, birgalikda”, - deydi Rajabov.
Gidromelioratsiya bo`yicha tadqiqot o`tkazgan olimlardan
biri Tohir Majitov Sibir daryolarini burish rejasiga mutlaqo qashi ekanini
bildiradi.
“Har kim yordam ko`rsatishni bahona qilib, o’z manfaatlarini
ko`zda tutadi. Men bu kanallar qazilishiga qarshiman, qazilgan taqdirda va
ishga tushirilganda ham, ertaga yopib qo`yilsa, nima qilmiz. Bu siyosiy kanal
bo`ladi”, - deydi olim.
O`zbekistonda bu yil suv taqchilligi kuzatildi, bu ayniqsa
qishloq xo`jaligi hosildorligiga keskin ta`sir o`tkazgan. Ma`lumotlarga ko`ra,
Sirdaryodagi suv sathi keskin pastga tushgan, suv omborlarida suv kam,
dehqonlar suv taqchilligidan aziyat chekmoqda.
Tadqiqotchi Rustam Razzoqov so’zlariga ko`ra, bu yilgi suv
taqchilligini global iqlim o`zgarishi asoratlariga yo`yish qiyin, mintaqada
hamisha ham iqlim o`zgarib turgan.
“Bizda keyingi yuz yilda juda ko`p suv taqchilligi
kuzatilgan, bunda global iqlim isishining tasiri kam, bizning hisobimizga
ko`ra. 100 yil avval iyunning boshida harorat 40 darajaga ko`tarilgani qayd
qilingan, demak mintaqadagi iqlim unchalik o`zgarmagan. Kelajakda umumiy
jarayonning ta`siri ham kuzatilishi mumkin, lekin hozirgi zamonaviy
texnologiyalar bilan buni oldini olish mumkin. Misol tariqasida Janubiy Afrika,
Amerikani qarash mumkin”, - deydi Razzoqov.
Tadqiqotchi fikriga ko`ra, suv taqchilligi muammosi qishloq
xo’jaligi ekinlariga bo`lgan munosabatni ham qayta ko`rib chiqishni nazarda
tutadi.
Ayrim mutaxasislar nazarida yaqin 20 yilda mintaqada suv
taqchilligi keskin bilinadi, mintaqadagi muzliklarda erish jarayoni tezlashgan.
Hozirdanoq tayyorgarlik ishlar ko`rilishi lozim.