Tinchlik va iqtisod - yilning eng dolzarb masalalari
Navbahor Imamova Vashington 13/01/2009
Global
maydondagi siyosiy holatni tahlil qiluvchi Yevrosiyo Guruhi degan tashkilot
rahbari Yan Bremmer fikricha 2009 yilda jahon ahli boshqa ko'plab muammolar
qatorida 10 muhim jumboq bilan yuzlashadi.
1. Iqtisodiy
tanazzul va uning oqibatlari
2. Janubiy Osiyo, jumladan Afg'onistonda
Tolibonga qarshi kurash pand berayotgani, Pokistonning terror o'chog'i bo'lib
qolayotgani, u va Hindiston orasidagi kelishmovchiliklar
3. Yaqin Sharqdagi nizolar, xususan Eron va Isroil orasida dushmanlikning
kuchayishi;
4. Rossiya siyosati va uning qo'shni davlatlarga
ta'siri
5. Iroqdagi qaltis vaziyat
6. Venesuelada
avtoritar va AQShga qarshi hokimiyatning nufuzi oshayotgani
7. Meksikada qoradori savdosining kengayib borayotgani
8. Ukrainada hukumatning tarqoq va zaif bir holda qolayotgani
9. Turkiyada dunyoviy va diniy tuzumni yoqlayotganlar orasida kurash avj
olayotgani
10. Afrikadagi siyosiy
parokandalik
Yan
Bremmerning tahlil qilishicha Rossiya xalqaro maydonda "to'polonchi
davlat" sifatida gavdalanmoqda.
Energetik qudratini ochiqchasiga
siyosiy qurol sifatida ishlatayotgan Rossiya, deydi tahlilchi, o'z manfaatlari
yo'lida hech narsadan hayiqmasligini eslatmoqda. Lekin bu yil, deydi
olim, Rossiya o'tgan yildagidek harbiy harakatlarga berilmasligi
mumkin.
Ukraina
bilan qanchalik o'chakishmasin, deya mushohada qiladi Bremmer, Rossiya bu
davlatda katta iqtisodiy manfaatga ega va Bosh vazir Vladimir Putin millionlab
ruslar yashovchi bu mamlakatga qarshi qurol ishlatishgacha bormaydi.
Ko'pchilik
siyosatshunoslar nazarida Rossiya jamiyatida millatchilik ruhi baland ekan,
buning oqibatlari uning qo'shni xalqlar bilan aloqalariga rahna sola
boshlaydi.
Yan
Bremmer ham bu fikrga qo'shiladi va amerikalik yurtdoshlariga "Rossiyada
bugun anti-amerikanizm kayfiyati osmonda" deya eslatmoqda.
Uning
taxminicha Barak Obama ma'muriyati Rossiya va sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi
boshqa davlatlarda demokratik islohotlar targ'ibotini kuchaytirishi mumkin. Bu
esa AQSh va Rossiya hukumatini bir-biridan yanada uzoqlashtirishi tayin, deydi
Bremmer.
Yevrosiyo
Guruhi rahbari fikricha Rossiya bilan til topishish xalqaro sahnadagi ko'plab
muammolar yechimiga yetaklashi mumkin. Rossiya buni biladi va shu bois ham o'z
talablari bilan chiqmoqda, deydi Bremmer.
U
singari siyosatdonlar Eron, Isroil-Falastin, Iroq va Afg'onistondagi
jumboqlarni hal etish uchun Kreml bilan hamkorlik qilish zarurligini ta'kidlab
keladi. Rossiya, deydi ular, xalqaro kuchlar tarozisining bir tomonini
egallashga urinmoqda. Putin va Medvedev tarozining ikkinchi tomonidagi
Amerikani gegemon siyosatda ayblab keladi.
Vashingtonda
iqtisodiy masalalar bo'yicha maslahatchi Aleksandr Mirtchev fikricha esa jahonda
kim qanday qudratga ega bo'lishini hozirgi moliyaviy tanazzul oqibatlari
ko'rsatib beradi.
"Tanazzul
sabablari yoki yechimi bir davlat qo'lida emas. Undan o'zini tiklab olgan
mamlakatlar", - deydi Mitchev, "dunyo kelajagini hal qiluvchi o'ringa
ega bo'ladi".
Siyosiy
taxminlar o'z yo'liga. Markaziy Osiyodagi ahvol bilan yaqindan tanish
sharhlovchilar nazarida bugun mintaqa xalqlari uchun eng dolzarb masala –
iqtisod. Oilasiga boqishga qiynalayotgan odamlar uchun tashqi dunyodagi
voqealar, hatto qo'shni mamlakatdagi xunrezlig-u urushlar, hatto huquq va
erkinlik masalasi ham ikkilamchi narsa, deydi mutaxassislar.
Aleksandr
Mirtchev fikricha Markaziy Osiyoning qayeriga bormang, sarmoyaga
muhtojlikni sezasiz. "Mintaqada taraqqiyot bo'lsin desak, unga
ko'makni oshirish lozim",- deydi Mitchev.
"Markaziy
Osiyo strategik hududda joylashgan. Lekin bu xalqlar Rossiya, Xitoy va
AQSh orasida sarson bo'lmoqchi emas. Ularga yordam bermoqchi bo'lsangiz",-
deydi Mirtchev, "Qozog'iston, O'zbekiston va Turkmaniston kabi tabiiy
jihatdan boy bu mamlakatlarni bir tomonni tanlashga majbur qilmang".
"Mintaqadagi
vaziyat va mentalitetga qarab konstruktiv muloqot olib borish. Markaziy Osiyo rahbarlari
ham o'z navbatida iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot ular manfaatida ekanini
tushunib, islohotlarga zo'r bersin, xalq farovonligi uchun xizmat qilishni
o'ylasin",- deydi Mirtchev.