Islom Karimov rahbariyatini zolimlikda ayblab, o'zini sobiq maxsus xizmatchi deb atab, Britaniyadan siyosiy boshpana so'rayotgan Ikrom Yoqubov vatanda qattiq
qoralanmoqda.
Ikrom Yoqubov 16 yoshga to'lmay Milliy Xavfsizlik
Xizmatida ishlay boshlaganini, turli vazifalarda, jumladan Milliy Xavfsizlik Kengashida faoliyat ko'rsatganini va bu
yillar mobaynida hukumat tomonidan tinimsiz adolatsizliklarga guvoh bo'lganini
aytadi.
Yoqubovning iddao qilishicha, yuzlab insonlarning o'limiga sabab bo'lgan
voqealar, xususan 1999 va 2004 yildagi portlashlar, 2005 yildagi Andijon fojiasi ortida hukumatning qo'li bor.
27 yoshli Ikrom Yoqubov hukumatni qora ishlarda
ayblayotgan birinchi shaxs emas. Istasangiz, Ikrom Yoqubovning hech bir so'ziga
ishonmasligingiz mumkin.
Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ko'ra Yoqubovning iddaolari
mantiqsiz va munosabat bildirishga arzimaydi.
"Men hech kimdan menga ishonishni talab qilayotganim yo'q.
Nimani ko'rgan bo'lsam, o'sha
narsalarni baralla aytdim. Bu Ikrom Yoqubov degan bir shaxsning qalb faryodlari
emas, balki meni O'zbekistonning oddiy bir fuqarosi, erkaklari qul qilingan,
ayollari fohisha qilingan, qonunlari yo'q, o'z hukumatidagi arboblari tomonidan
qaro yer kabi zabul qilingan bir xalq vakili sifatida tan
olishlarini istagan bo'lardim",- deydi Ikrom Yoqubov.
Tabiiy bir savol tug'iladi. Nega shuncha yillar hukumat
xizmatida bo'lib, Karimov olg'a surgan siyosatni amalga oshirganini
aytayotgan kishi bugun aynan bugun bosh ko'tarmoqda?
"Men vatanga xizmat qilishni, millatim xavfsizligini
ta'minlashni istagan edim. Lekin ichkarida nima bo'layotganini o'z ko'zim bilan
ko'rganimdan keyin, guvoh bo'lganimdan keyin, millatimga, xalqimga qarshi,
uning ustida o'tirgan hukumati, Karimov boshliq bir to'da qaroqchilarni
aytmoqchiman, qanaqa jinoyatlar sodir etayotganini ko'rganimdan keyin chiday
olmadim".
Buni quruq safsata deb atayotgan sharhlovchi Sharofiddin To'laganov "Ikrom Yoqubov qay yuz bilan bunday iddaolar
qilmoqda"? – deya hayron. Unda buning uchun qanday asos bor? Maqsad nima?
Agar, deya so'raydi u, Ikrom Yoqubov haqiqatdan ham
Milliy Xavfsizlik Xizmatida o'z aytayotganidek muhim vazifalarda ishlagan
bo'lsa, davlat sirlarini saqlashga va davlat xavfsizligi uchun xizmat qilishga
so'z bermaganmi axir?
"Qasam ichib
bunday qilganlar xoin sifatida ko'riladi. Men ochig'i shubhalanaman bu odamning
Milliy Xavfsizlik Xizmatida shtatda ishlaganiga. Maxfiy hujjatlarga Ikrom
kirmagan… umuman kirmagan deb o'ylayman. U yerda maxfiy hujjatlarga kiradigan
shaxslar bor, kirmaydigan shaxslar bor. Yosh bolani bu hujjatlarga
kirishiga men umuman ishonmayman",- deydi Sharofiddin To'laganov.
Ikrom Yoqubov bunga quyidagicha javob beradi:
"Agar zulmga qarshi zulm degan kishi vatanga xiyonat
qilgan bo'lsa, unda xiyonatkorlarning kattasi menman. Yohud konstitutsiyani,
qonunlarni mensimasdan, o'zining shaxsiy hokimiyatini, xohish-irodasini mutlaq
qilib qo'ygan shaxslarning yolg'onlarini fosh qilgan kishi yolg'onchi bo'lsa,
unda men dunyodagi eng katta yolg'onchiman".
Ikrom Yoqubov Milliy Xavfsizlik Xizmatida fig'onda
yashayotgan, ruhan azobda ishlayotgan, siyosatdan norozi odamlar ko'p
deydi.
"Men bilan birga
ishlagan, men bilan birga bir xonada o'tirgan, men bilan birga O'zbekistonni,
to'g'rirog'i, men hozir O'zbekistonni Karimoviston deb atayman, Karimoviston va
Karimovning xavfsizligini ta'minlagan shaxslar mening qanaqa tabiatga ega
ekanimni juda yaxshi bilishadi. Ular mening bu bayonotlarimdan hech ham
ikkilanishmaydi. Hali Milliy Xavfsizlik Xizmati ham yoki O'zbekistondagi biror
rasmiy idora ham bizda bunday xodim bo'lmagan deya ayta olmayapti va ayta
olmaydi ham",- deydi u.
Ikrom Yoqubov 2007 yilda AQSh Davlat departamenti
granti bilan bu davlatga safar qilgan. Amerika unda katta taassurot
qoldirganini aytadi.
"Amerikada olgan eng katta sabog'im shu
bo'ldiki, bu davlatning, e'tibor bering, davlatning oddiy fuqarolar, xalq
oldida mas'ul ekanini men Amerikaga kelib kashf etdim. Bizdagi, O'zbekistondagi
kabi xalq davlat oldida mas'ul emas ekan u yurtda".
Sharofiddin To'laganov kabi Yoqubovni gumon ostiga
olayotgan kishilar fikricha esa "maxfiy ishlar, hukumatning ishlarini shu qadar
yaqindan bilgan "agent" ishdan ketgach, Toshkentda bemalol ishlab yurgan, hatto
jurnalistlik qilgan va chet ellarga safarga chiqqan bo'larmidi? Ikrom Yoqubov
o'zini "muhim bir shaxsdek ko'rsatmoqda, aldayapti",- deydi bu
tanqidchilar.
Ikrom Yoqubov hozir Britaniyada va bu davlatdan siyosiy boshpana
so'ragan.
"Muxolifatchi emasman. Dardimni va iddaolarimni aytib hech
qanday shaxsiy foyda ko'zlayotganim yo'q",- deydi u. "Uzoq o'ylanib, vijdon
azobida yonib, ko'rgan bilganlarimni aytishga qaror qildim. Butun oilam
O'zbekistonda... Ular taqdiridan juda xavotirdaman",- deydi Ikrom Yoqubov.
"Bir vaqtlar balki men sobiq NKVDning ofitserlaridan biri
bo'lgan bobomga havas qilib o'sgardirman",- deydi u. "Shuning uchun ham bu
idoraning (SNB) takliflarini bajonidil qabul qilib, unga ishlashni boshlagan
edim".
Lekin bu idora faoliyati nimadan iborat ekani ayon bo'lgach
umidlar puchga chiqdi deydi Yoqubov.
"Shunaqa bir qarama-qarshi fikrlar paydo bo'la boshladi…
Biz o'zi millatga, xalqqa xizmat qilayapmizmi, o'zi kimga xizmat qilayapmiz degan. Men buni anglab yetganimda, aniqrog'i, menga professional chekistlar aslida kimga,
xalqqa emas, qanaqadir bir shaxsga xizmat qilayotganimni anglatishganida, kech
bo'lgan edi. Dahshatga tushgan edim, qiynalgan edim. Siz mening ko'rinishimga
e'tibor bering. Men 27 yashar yigitga o'xshamayman, tabiatan ham. Chunki bu
idorada, hukumat muassasalarida ishlaganim mobaynida faqat og'riq sezdim".
Ikrom Yoqubovning hukumatga qo'yayotgan ayblovlaridan biri
shuki, Islom Karimov diniy radikalizm va terrorizmni bahona qilib, o'z siyosiy
xavfsizligini ta'minlab kelmoqda. Masalan, deydi u, O'zbekiston Islomiy
Harakati, xalqaro hamjamiyat tomonidan terroristik tashkilot deb tan olingan
guruh yetakchisi "Tohir Yo'ldosh Islom Karimov bilan til biriktirgan".
Uning bu gaplari o'tgan kunlar ichida turli axborot
vositalarida paydo bo'lgach, Internetda o'zini Tohir Yo'ldoshning tarafdorlari
deb tanishtirgan ayrim kimsalar Ikrom Yoqubovni tuhmatda ayblab, uni
o'ldirgan kishiga 500 ming dollar va'da qila boshlagan.
Ikrom Yoqubov esa iddaosini isbotlashga urinib, 1999 yilning may oyida Botkenda yuz bergan janglarni
eslatadi.
"Islomiy O'zbekiston Harakatining katta bir qismi Botkenda
Tohir Yo'ldoshdan talab qildiki, agar biz Karimovga qarshi jihod qilayotgan
bo'lsak, kiraylik bizni to'xtatib qoladigan kuch yo'q deb. Bunga qarshi chiqqan
yagona inson bu Tohir Yo'ldosh bo'ldi va hammaga ortga chekinishni buyurdi. Ana
o'shanda Islom Karimovga qarshi urushayapmiz deb, ushbu g'oyaga ishongan 17
kishi Tohir Yo'ldoshga baralla, "Yo'q, biz sendan ajralamiz. Sen Islom Karimovga qarshi kurashmayapsan",- dedi. Tohir Yo'ldosh o'shanda aytdiki, "Hozir
vaqti emas. Ana xohlasang, ketaveringlar". O'sha 17 kishiga qurollarini
topshirishni buyurdi. Ana o'sha yosh, Tohir Yo'ldoshga ishonib, Islom Karimovga
qarshi jihod qilamiz deb bir shaytonga ishonib yurgan yoshlar
qurollarini topshirib, 300 metr ham uzoqlashmay, Tohir Yo'ldosh ularni otib
o'ldirishga buyruq berdi. Buni [Islomiy] harakat ichidagi Milliy
Xavfsizlik Xizmati ofitseri Tohir Yo'ldoshdan xatni olib, O'zbekiston
Respublikachi Milliy Xavfsizlik Xizmatiga keltirib berdi... Tohir Yo'ldosh Islom
Karimovga qarshi jihod qilaman deb minglab o'zbek yoshlarini aldab olib borib
Al-Qoidaga millionlab dollar evaziga qul qilib bergan...".
O'zbekistonda hukumatga ochiq qarshilik bildirgan odam va
uning yaqinlari organlar tomonidan albatta nishonga olinadi, deydi Ikrom
Yoqubov, "Lekin Tohir Yo'ldoshning
yaqinlari bemalol yashab yuribdi".
Ikrom Yoqubovni alamzada bir odam deya ta'riflab,
uni vatanga xiyonat qilayotganlikda ayblayotgan Sharofiddin To'laganov fikricha
bu shaxs milliy xavfsizlik qanday ta'minlanayotganidan xabardor emas.
Yoqubovning aytayotganlari uydirma bir gaplar deydi u.
"Ikrom Yoqubovdan
bir qahramon yaratilishiga qarshiman. Tarixda, bilasizmi, Mahmud Yalovoch deb
bir sotqin odam o'tgan. Chingizxonga Markaziy Osiyoni bosib olishida yordam
bergan. Tarixda umumiy til bilan sotqinlarning hammasi Mahmud Yalovochga
qiyoslanadi. Bundan keyin sotqinlarning hammasi endi Ikrom Yoqubov nomi bilan
bog'lansa ajabmas. Bu nafaqat mening fikrim, balki bu yerdagi ziyolilar,
jurnalistlar va o'zini hurmat qilgan boshqa insonlar ham shu fikrda".
Ikrom Yoqubov esa O'zbekiston maxfiy xizmatni - Milliy
Xavfsizlik Xizmati emas, Karimov xavfsizlik xizmati deb ataydi. Buni ochiq
aytish sotqinlik emas deydi.
"Milliy
Xavfsizlik Xizmatining ustuvor vazifasi, strategik maqsadi qilib faqat bir
shaxs, ya'ni Islom Karimov xavfsizligini ta'minlash, uning hokimiyatda
qolishini ta'minlashdan iborat bo'lib qoldi. Shuning uchun ham Milliy
Xavfsizlik Xizmatida shunaqa bir ikkilanishlar, ko'plab ofitserlar orasida
norozilik kuchayib ketgan. Bu norozilikning birinchi ko'rinishi menman",- deydi
u.
Ikrom Yoqubov axborot xavfsizligi bo'yicha ishlaganini aytadi. Chet el matbuotiga xizmat qilayotgan o'zbekistonliklar, xususan "Amerika
Ovozi", "Ozodlik" va Bi-Bi-Si" xodimlari va muxbirlari doimiy nazorat ostida
bo'lgani va kuzatilgani, ularning har bir qadami haqida ma'lumotga ega
bo'lganini aytadi.
"Masalan sizsiz o'shalardan biri. Men sizga suhbatdan
oldin shunday bir yopiq informatsiyalarni aytdimki, balki siz o'zingiz hayron
qolgan bo'lishingiz mumkin. Men O'zbekiston Respublikasi axborot
xavfsizligi kuratori sifatida nafaqat siz, umuman shu sohada ishlovchi barcha
odamlar haqida informatsiyaga ega edim. Sizlar mening ob'yektim edingiz".
2007 yilning oktabr oyida O'shda o'zbek jurnalisti,
"Amerika Ovozi" muxbiri va O'zbekiston hukumatiga nisbatan tanqidiy maqolalari
bilan tanilgan Alisher Soipov o'tib o'ldirilgan edi. Qotillik ortida
O'zbekiston agentlari turgani taxmin qilinadi.
Ikrom Yoqubov "bu borada hech narsa deya olmayman",-
deydi. U paytgacha Yoqubov davlat ishidan ketganini aytadi. "Biroq hukumat
o'ziga halal berayotgan odamlardan qutulishga harakat qilishi sir emas".
Ayrimlar nazarida Ikrom
Yoqubov ikki-tomonlama xizmat qilayotgan agent yoki boshpana olish, tanilish, shaxsiy
manfaatlar yo'lida shov-shuv ko'tarishga urinayotgan shaxs bo'lishi
mumkin.
"Mendan shubhalanishga, menga
ishonmaslikka haqqingiz bor",- deydi Ikrom Yoqubov. "Lekin men muhojirlikka chiqib ketishga majbur bo'lgan
oddiy bir o'zbekman".
"Men hech qanday
muxolifat yoki oppozitsion guruhga a'zo emasman. Ikki tomonga o'ynayotgan josus
ham emasman. Men oddiy, hozir o'z vatanida davlat tomonidan, maxsus xizmat
tomonidan xoinlikda ayblanayotgan va tahdidlar qilinayotgan bir shaxsman. Bu
hayot ekan, hayotning shunday bir ko'chalari bo'lar ekan, bu ko'chalarga kim va
qanday holatda kirishini aynan hayotning o'zigina biladi".