Sog’lom jinsiy hayot oilaviy munosabatlar poydevori, har bir
xalq yosh avlodni o’ziga xos uslub bilan ertangi kunga tayyorlaydi. Mutaxassislar fikricha yoshlarga jinsiy tarbiya berishni bolalikdan boshlash
va maktablarda bu borada darslar joriy etish lozim.
Yoshlar va jinsiy ta’lim
masalasi Amerikadagi oilalar uchun ham nozik masala.
“Kinoga borish, dugonalar bilan ko’cha-do’konlarda aylanish,
diskotekalarga borish – bu sho’xliklar ortda qoldi endi”.
Bu yosh ona Massachusets shtatida, Atlantika okeani
bo’yidagi Glausester shaharchasida yashaydi.
U qatnaydagian o’rta maktabda bu
yili 17 o’smir bir paytda homilador bo’lgani haqida ma’lumot ayon bo’lgach,
jinsiy tarbiya yuzasidan munozaralarga e’tibor oshdi.
Jinsiy va axloqiy tarbiya Amerika ta’lim sohasida anchadan beri bahslarga sabab
bo’lib keladi. Ikki qarash mavjud: birinchisi, jinsiy ta’lim faqatgina
ma’sumlik, bokiralik va to’g’rilikni targ’ib qilsin deydi ba’zilar. Boshqalar
esa keng-qamrovli jinsiy tarbiya dasturini, ya’ni kontraseptiv vositalardan
foydalanish va yoshlarga ular haqida ma’lumot berish g’oyasini olg’a suradi.
Qarama-qarshiliklar 1980-yillarda, immunitet taqchilligi virusi keng tarqalgan
davrga to’g’ri keladi. Xo’sh, maktab bolalariga jinsiy tarbiya qay tarzda
berilishi lozim?
21 yoshli Shelbi Noks Texasning Labbok shahrida, o’ta konservativ, diniy oilada
o’sib ulg’aygan. Hozirda “Yoshlar Uchun” nomli tashkilot so’zlovchisi. Yosh
avlodni to’g’ri jinsiy hayotga yo’llaydigan siyosat va dasturlarni targ’ib
qiladi. Shelbi maktabda olgan bilimlarini quyidagicha ta’riflaydi:
|
|
“Men o’sgan Labbok shahri maktablarida “saqlanish”
tushunchasiga, ya’ni jinsiy hayotni erta boshlamaslikka urg’u berilardi. Darsga
mahalliy cherkovlardan ruhoniylarni taklif qilib, dinga asoslangan holda va
dunyoviy nuqtai nazardan tushuntirish berishardi. Bunday suhbatlar ayniqsa
maktabni bitirish kechalari oldidan qizirdi. Ruhoniylar bizga juda ko’p
noto’g’ri ma’lumotlar bergan. Masalan, salomlashganda jinsiy yo’l bilan
o’tadigan infeksiyani yuqtirish mumkin; gomoseksual kishilarning yarmida SPID
bor degan gaplar. Darslardan birida ruhoniy o’zi bilan jigar rangli, xunuk bir
tish shyotkasi olib kelgan. Hojatxonalarni tozalalaydigan shyotkaga o’xshardi.
So’ng bir qizni doskaga chiqarib, “shu bilan tishingni tozalagan bo’larmiding?”
deb so’ragan. “Hech qachon” degan javobni olgach, cho’ntagidan yangi tish shyotkasi
chiqarib, savolni takrorlagan. So’ng barcha o’quvchilarga murojaat qilib,
nikohdan oldin jinsiy yaqinlik qilgan odamni jirkanch tish shyotkasiga
o’xshatgan.”
O’shandan beri AQSh bo’ylab ko’pgina maktablarda o’quv
dasturi o’zgartirilgan.
Masalan, Merilend shtatining Montgomeri okrugidagi maktablarda 2007 yili jinsiy
tarbiya darslariga yangicha yondashila boshlandi. Biroq o’zgarishdan ayrim
ota-onalar norozi.
Ta’lim-tarbiyada javobgarlikni targ’ib qilayotgan bu guruh fikricha dasturni
qayta ko’rib chiqish va unga tuzatishlar kiritish juda muhim. Mishel Terner
asosan ota-onalardan iborat bu guruh nomidan gapiradi: "Homilaning oldini oluvchi vositalar, gigiyenik g’iloflardan foydalaning deb
o’rgatishyapti bolalarga. Bularning foydasini bo’rttirib ko’rsatishyapti
nazarimda".
AQSh Oilaviy Masalalar Kengashi va jinsiy tarbiyani targ’ib qiluvchi uyushma
ham shu fikrda. Har ikki guruh fikricha ba’zi ta’lim maskanlarida joriy etilgan
o’zgarishlar benomuslik va betartib jinsiy aloqalarga yetaklaydi, chunki u
nikohsiz yaqinlik normal holat deb o’rgatadi.
"Va’daga jiddiy qarashingizni so’rayman. Ota-onangiz ko’ziga
qarab, nikohgacha o’zimni tiyib yurishga va’da beraman ayting. Xudo oldida,
ota-onangiz oldida, bo’lajak turmush o’rtog’ingiz oldida va’da bu"!
Nikohsiz yaqinlikdan voz kechish diniy marosimga aylansin,
deydi ba’zi ota-onalar. Haqiqatdan ham, “poklik qasamyodi” deya atalmish to’yga
o’xshagan bu kabi tadbirlar ba’zi shtatlarda, jumladan Janubiy Dakotada
o’tkaziladi. Mehmonlar oldida shirinliklar, ota bilan birinchi raqs … Farqi
shundaki, bu tadbirda otalar qizlarini turmushga berayotgani yo’q.
"Bugungi zamonda, agar qizlar jinsiy hayotga erta qadam qo’ygan bo’lsa, to’y
bema’ni bir tadbirga aylanadi. Qiz uzatish bu axir”!
Bunday qarashlari bilan tanilgan senatorlardan biri Sem Braunbek. Besh
farzandning otasi.
”Boshqa ota-onalar singari, mening ham farzandim nikohgacha pok, bokira bo’lsin
deyman”.
“Menimcha, bunday qasamyod g’irt bema’nilik. Hayotingni
otang yoki turmush o’rtog’ingni qo’liga berib qo’yishdek gap. Daxlsizlik,
mustaqil fikrlash qayerda qoldi”? - deydi Shelbi Noks.
Aksincha, yoshlarga shahvoniy mayllarni jilovlashni o’rgatgan ma’qul, deydi
Diana Kegan, taqvodor.
”O’smirlar jinsiy hayot haqida nimani bilsin. Yengiltaklik homiladorlikka olib
boradi”.
Kolumbiya Universiteti qoshidagi ijtimoiy tadqiqotlar markazi
yaqinda so’rov o’tkazgan. Unga ko’ra amerikaliklarning 90 foizi saqlanish
haqida gapiradiyu, o’zi boshqa yo’l tutadi.
Jeyms Vagoner, “Yoshlar Uchun” tashkiloti rahbari, eng
muhimi - yoshlarga bilim beraylik deydi.
“Yosh avlod qayerda bo’lmasin, nimani xohlaydi? Do’st
orttirishni, aloqa qilishni. Jinsiy munosabatlar shundan boshlanadi. Yoshlar
jinsiy aktiv bo’lishi ham tabiiy. Lekin masalaga faqat biologik nuqtai nazardan
emas, butunligicha qarash zarur”.
Mutaxassislar nazarida jinsiy tarbiya ham ota-ona, ham
maktab burchi. Qolaversa, butun jamiyat. Ko’payish va nasliyat inson uchun
muhim ekan, jinsiy hayot haqida saboq berish tabiiy zarurat deydi olimlar.