AQShda
respublikachi Jorj Bush (George Bush) prezidentlik muddatini yakunlash arafasida ekan, Oq
uyga saylanish uchun bel bog’lagan yana bir respublikachi Jon Makkeyn (John Makkeyn) xalqqa
ulkan o’zgarishlar va’da qilmoqda.
Lekin uning raqibi Barak Obama
(Barack Obama) fikricha Makkeyn Bushning siyosatini davom ettiradi.
"Yetadi shu sakkiz yillik Bushcha
siyosat”, - deydi Obama saylovchilarni demokratlarga ovoz berishni undar ekan.
Makkeyn esa o’zini
va vitse-prezidentlik uchun tanlagan Sara Peylinni (Sarah Palin) islohotchi arbob deb atab,
“meni Bushga qiyoslamang”,- deydi.
"Respublikachilar partiyasi nomzodlikka meni tanlab, o'zgarishga tayyor
ekanini isbotladi",- deydi u. "O'tmishdan saboq olgan holda Vashingtondagi siyosiy muhitni yangilash kerak".
Lekin respublikachilar yaqingacha ham "o'zgarish" degan so'zni tilga olmayotgan
edi. Prezident Bushni quvvatlovchi fuqarolar kun sayin kamaymoqda. Yana bir
respublikachining va'dalariga ishonish qiyin. Makkeynga oson emas, deydi
tahlilchi Jon Saydes.
"Xalqning aksariyat qismi amaldagi prezidentning siyosatidan norozi. Bu
saylovlar katta o'zgarishga turtki berishi tayin. Makkeyn odamlarga qarab, "Men
o'zgarish qilaman, chunki buning uchun tajribam yetarli" desa, Obama "Yo'q,
Makkeyn hech narsani o'zgartirmaydi, chunki xato siyosat olib borgan Bush bilan
tili va qarashlari bir" deya uni qoralab chiqmoqda",- deydi Saydes.
Jon Makkeyn Kongressga uzoq yillardan beri a'zo. 1936 yilda
admiral oilasida dunyoga kelgan. Harbiy
uchuvchi bo'lgan. AQShning Vyetnamda olib borgan urushida xizmat qilgan.
1967 yilda Shimoliy Vyetnamda samolyoti urib tushiriladi va asirga tushib, besh
yarim yil qamoqda o'tiradi. Qiynoqlardan tirik qolib, vataniga qahramon
sifatida qaytadi.
Kongressga 1982 yilda saylangan. Chorak asrdan beri senatorlik qiladi. Mudofaa va tashqi siyosat ortida turgan arboblardan.
Saylov kampaniyasida o'zini o'tkir siyosatchi, qonunchilik va dunyo ishlarini
yaxshi tushunadigan inson deb tanishtirmoqda.
"Dunyo notinch. Har tarafda tahdid. Lekin men ulardan qo'rqmayman. Ularni
yengishga tayyorman",- deydi Makkeyn.
AQSh tarixda harbiy tajribaga ega arboblarni prezidentlikka bir necha bor
saylagan. Jumladan Ikkinchi Jahon Urushida qo'mondonlik qilgan Dvayt
Ayzenxauer. Biroq, deya ogohlantiradi siyosatdon Stiven Xess, Makkeynning omadi
chopmasligi mumkin.
"Makkeyn vatan qahramoni, ammo uni Jorj Vashington, Yulissis Grant yoki Dvayt
Ayzenxauerga qiyoslay olmaysiz. Shuning uchun, armiyada xizmat qilganman,
prezidentlikka meni saylang deyolmaydi",- deydi Xess.
Respublikachilar nazarida esa Makkeynni saylashda Sara Peylinning roli katta
bo'ladi. Alyaskaning Respublikachi gubernatori, besh bolaning onasi bo'lmish bu
ayol islohotchi sifatida ko'riladi va bu borada o'z partiyasini ham tanqid
qiladigan arbob.
Sara Peylin demokratlarni va'daboz, manman, xalqparvarlikdan yiroq siyosiy
guruh deb atab, tanqidga zo'r bermoqda.
"Saylov bu tanlov. Oldingizda bir-biridan tubdan farq qiluvchi nomzodlar: bir tomon
o'z nufuzini oshirish uchun o'zgarish va'da qilmoqda. Ikkinchi tomon – Jon
Makkeyn - nufuz va tajribasiga tayanib, o'zgarish qilmoqchi",- deydi Peylin.
Ammo, Sara Peylin Barak Obama singari yosh va katta siyosatga endigina qadam
qo'ymoqda. Obama muovinlik uchun Jo Bayden (Joe Biden), nufuzli senatorni tanlagan. Buning ustiga, odatda amerikaliklar prezidentga uning o'rinbosariga
qarab ovoz bermaydi, deydi tahlilchi Stiven Xess.
"Hozircha hamma Sara Peylin kim ekan o'zi deb qiziqib qolgan. Ammo bu
vaqtincha. Tarixga qarasak, saylov natijasi hamisha aynan prezidentlikka
nomzodning kimligiga bog'liq bo'lib kelgan".
Vitse-prezidentlik Amerikada passiv lavozim hisoblanadi. Ammo Bushning muhim
qarorlari ortida vitse-prezident Dik Cheynining (Dick Cheney) turgani ayon, demak, odamlar
nazarida bu amalning ham ahamiyati oshgan.