Vashingtonda joylashgan
Freedom House, Ozodlik
Uyi, vakili Arch Paddingtonning izohlashicha sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi
davlatlarda vaziyat bir so’z bilan aytganda - murakkab. Ozodlik Uyi 193 mamlakat hamda 16 strategik
hududdagi vaziyatni o’rganib, ularni ozod, qisman ozod va ozod bo’lmagan
jamiyatlarga ajratladi.
Rossiyada
Vladimir Putin prezidentligi davridan boshlab erkinlik yo’liga qator to’siqlar
qo’yilgan. Saylovlar faqat xo’ja ko’rsinga aylangan. Kreml matbuotni tamoman
jilovlab olgan.
Qo’shni hukumatlar ham
shu yo’sunda siyosat yuritmoqda, deydi tadqiqotchi.
Yevropada
Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish uchun taraddud ko’rayotgan Qozog’istonda
ham, tashkilot nazarida, islohotlar
ancha sust.
Qirg’izistonda esa ommaviy
axborot vositalari va matbuotni cheklash harakati avjida.
Ozodlik Uyi tahlilicha Turkmaniston
va O’zbekistonda ahvol tobora qiyinlashib bormoqda.
Bu davlatlarda, deyiladi
tashkilot hisobotida, prezident hukumatdan ustun turadi. Parlamentlar mustaqil ish yurita olmaydi.
Haqiqiy ma’nodagi siyosiy partiyalar yo’q.
Muxolifatga qarshilik kuchli va hukumatni tanqid qilgan guruh yoki partiya ro’yxatga
olinmaydi.
Adliya tizimi ham mustaqil
organ sifatida ishlay olmaydi.
Inson
huquqlari himoyachilari tazyiq ostida. Ularning qayd etishicha qamoqxonalarda mahbuslarni qiynoqqa
solish oddiy holga aylangan.
Huquqni himoya qiluvchi qonunlar
bor, ammo ular faqat qog’ozda, amalda tadbiq qilinmaydi, deydi “Amerika Ovozi”
bilan so’zlashgan jamoatchilik vakillari.
O’tgan yili bir necha faol qamoqdan
ozod etilgani ijobiy hol, ammo bu bilan jamiyat erkinlashib qolayotgani yo’q,
deydi huquq himoyachilari.
"Konstitutsiyada kafolatlansa-da,
O’zbekistonda matbuot va so’z erkinligi haqida gapirish qiyin",- deydi ulardan biri.
"Demokratik jamiyat qurish matbuotga erkinlik
berishdan boshlanadi", - deya ta'kidlaydi bir mahalliy jurnalist.
Matbuotni jilovlashdan maqsad,
deydi sharoit bilan yaqindan tanish mutaxassislar, jamiyatda oshkoralikka yo’l
qo’ymaslik. Ya’ni odamlar tanqidiy fikrlay boshlasa, hukumat buni o’ziga xavf
deb biladi.
"Markaziy Osiyoda mintaqaviy
barqarorlik va regional xavfsizlik yo’lida yordam taklif qilayotgan G’arb bilan
aloqalar asosan rasmiy darajada va xalq ular mahsulini xalq his qilayotgani
yo’q",- deydi yana bir o’zbekistonlik. Ozodlik Uyi AQShning yangi rahbari
Barak Obamani demokratiya va erkinlikni targ’ib qilishga chaqirmoqda.