Tabiiy boyliklar va
siyosat bobida izlangan ayrim olimlar fikricha ona zamin in’omlari har doim ham
jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilavermaydi. Markaziy Osiyo qanchalik boy
mintaqa bo’lmasin, deydi ular, oddiy xalq uning huzurini ko’rayotgani yo’q.
Mavjud boylikni ishlab
chiqarish, sanoatni yuritish, mahsulotni kimga sotish va undan tushgan
daromadni qanday sarflash – jahon tabiiy zaxiralariga ega har bir davlat
yuzlashadigan masalalar.
Xalqaro
maydonda “golland kasali” degan bir fenomen bor. Tadqiqotchi Yoxannes Linn (Johannes Linn) unga
yetaklovchi uch sababni tushuntiradi.
"Birinchidan, neft yoki gazga boy davlat ko’p hollarda butun ahamiyatni bu
mahsulotni qazish va sotishga qaratib, boshqa sohalar chetda qolib ketadi.
Ikkinchidan, tabiiy boylikdan tushgan daromad oshkor etilmaydi, byudjetda aniq
ko’rsatilmaydi va moliyaviy beqarorlik olib keladi. Uchinchidan, korrupsiya va
tajribasizlik tabiiy boyliklarni boshqarishni qiyinlashtiradi",- deydi Yoxannes Linn. “Ideal jamiyatda, demokratik tuzumda xalq saylagan vakillar sanoatni
nazorat qilib, daromadning fuqaro manfaatlari uchun sarflanishini ta’minlaydi.
Afsuski, dunyoda bunday jamiyatlar kam. Markaziy Osiyoda bu borada gapirmasa
ham bo’ladi. Ayrim davlatlarda neft yoki gaz yoki boshqa milliy mahsulot
daromadi jamg’arilib, iqtisod og’irlashgan damlarda sarflanadi. Bu ham maqbul
yo’l. Masalan Ozarbayjon neft bitganida ishlatamiz deya hozirdan alohida
mablag’ ajratib qo’ymoqda”.
Dunyo siyosiy diqqatini Markaziy Osiyoga qaratayotgan asosiy sabablardan
biri bu neft va gaz deb qaralsa, Qozog’iston qora oltin zaxirasi bo’yicha
12-o’rinda turadi. Respublikaning taxminan 26 milliard barrel nefti bor. Ishlab chiqarishning
3o foizi va exportdan tushgan daromadning yarmidan ko’pi shu boylikka to’g’ri
keladi. Mamlakatdagi tabiiy gaz rezervlari 2.8 trillion kubometr deb taxmin qilinadi. Kishi boshiga yillik daromad esa 11 ming dollar.
Turkmaniston tabiiy gaz zaxirasi
qariyb 2,9 trillion kubometrni tashkil etadi. Jahonda bu boylik bo’yicha
12-o’rinda.
Resapublika har yili xorijga 70 milliard kubometr gaz eksport qiladi. Neft boyligi esa taxminan 600 million barreldan iborat.
Ammo
bu mahsulotlar savdosidan tushayotgan daromad va xarajat sir tutiladi. Kishi boshiga yillik daromad 5300 dollar atrofida deb aytiladi, ammo mustaqil tahlilchilar buni tasdiqlamaydi.
Markaziy Osiyoning energetik jihatdan yana bir boy mamlakati –
O’zbekiston. Tabiiy gaz zaxirasi 1,8 trillion kubometr, nefti esa qariyb 600 million barrel deb taxmin qilinadi. Daromad va uning qanday
sarflanayotgani yuzasidan bu davlatdan ham aniq hisobot olish qiyin. Kishi boshiga yillik daromad esa 2400 dollar.
“Hukumat oshkora ishlamasa va xalqqa daromad haqida hisobot bermasa, bu
borada xorijiy sarmoyador va hamkorlardan biror ma’lumot olish mumkin. Lekin
chet el kompaniyalari aniq raqamlar berishdan bosh tortadi. Hukumatlar singari
ba’zi sanoatchilar ham xalq oldidagi mas’uliyatini his etmaydi”,- deydi Yoxannes Linn.
Yana bir achchiq haqiqat shuki, neft va gazga boy mamlakatlarning ko’pi
farovon jamiyatlar emas: Venesueladan
tortib, Nigeriya va Sudangacha; Iroq va Erondan tortib, Turkmaniston-u
O’zbekistongacha.
Markaziy Osiyoda bozoq iqtisodiyoti va kapitalistik raqobat haqida gapirila
boshlanganiga 17 yildan oshdi, ammo mintaqa o’z tabiiy boyliklarini jahon
bozoriga asosan Rossiya orqali chiqaradi. Strateglar fikricha buning yomon tomoni yo’q, agar mamlakat uchun shu
eng qulay va ma’qul yo’l bo’lsa.
Energetika masalalari bo’yicha mutaxassis Juliya Nanay izohicha,
O’zbekiston va Turkmanistonda energetika sanoati butunlay davlat qo’lida.
Qozog’istonda asosiy sarmoyadorlar - g’arbliklar, xususan Chevron va ExxonMobil
singari Amerikada asoslangan kompaniyalar.
Nanay fikricha shu bois Qozog’iston global
iqtisodiy inqiroz ta’siri ostida. Ishlab chiqarish sekinlashishi mumkin.
“Turkmanistonda gaz bilan bog’liq har bir qadam davlat izni ostida. Neft
sanoatida Italiyaning ENI kompaniyasi yirik hissador. Birlashgan Arab
Amirliklari Milliy Neft Kompaniyasi ham katta ulushga ega. Shuningdek, Xitoy va
Malayziya firmalari keyingi yillarda O’zbekiston va Turkmanistonda ancha faol
harakat qilmoqda. Qolaversa, Rossiya (Lukoil, Gazprom) ham o’z rolini berib qo’ymoqchi
emas",- deydi Juliya Nanay.
Sarmoya jalb qilish uchun O’zbekiston hukumati zarur sharoit yaratishga
urinyapti, deydi mutaxassislar. Ammo tizimga ishonch past. Tabiiy boyliklar
uchun xaridorlar ko’p, lekin mahsulotni ularga yetkazish, yuqorida
ta’kidlanganidek, murakkab masala. Masalan Xitoy, deydi Juliya Nanay, energiyaga
tashna bozor, biroq neft va gazni unga sotish uchun quvurlar yo’q. Hozirda
Turkmanistonda u tomon yangi quvur barpo etilmoqda. Juda qimmat va chigal
loyihalar, deya sharhlaydi ekspertlar.
Qozog’iston neft sanoatidagi korrupsiya hollarini fosh etgan jurnalist
Stiv Levin (Steve LeVine) deydiki, Markaziy Osiyo aholisi qora va oq oltin, tabiiy gaz
va qimmatbaho metallar savdosidan naf ko’rmayotganini yaxshi biladi. "Tabiiy
zaxiralardan juda tor doira vakillari foyda olmoqda",- deydi “Neft va Shuhrat”
degan kitob yozgan jurnalist.
Mazkur sanoatlarni yuritayotganlar bir narsani
anglab yetishi kerak, deydi Stiv Levin, kayfu-safo uzoqqa bormaydi.
Ishsizlik, ijtimoiy
tengsizlik keng qanot yozgan sari xalqning sabr kosasi ham to’la boshlaydi. Eng
achinarlisi, deydi Stiv Levin, “davlatimiz boy, biz hammaga kerakmiz deb bong
urayotgan amaldorlar aslida o’z yurtdoshlarini nonidan ayirmoqda”.