VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

14 Yanvar 2009 

Bugun Amerika Ovozida :

45 tilda xabarlar
Prezident Bush so'nggi marta Iroq va Afg'onistonga safar qildi

15/12/2008

[insert caption here]

Iroqda prezident Bushga tuflisini otgan jurnalist hibsga olingan. Voqea Bosh vazir Nuri al-Maliki va Bush matbuot anjumani paytida yuz bergan.

Iroq hukumati Muntazir al-Zoidiy ismli jurnalistning hatti-harakatini qoralab, u ishlovchi al-Bag’dodiya televideniyesini kechirim so’rashini talab qilgan.

Telekanal rahbarlari nazarida esa jurnalist so’z va fikr erkinligiga ega va kechagi hodisaga fojia deb qarash kerak emas.

“Muxbirimiz ko’plab fuqarolarning Bushga nisbatan qanday munosabatda ekanini namoyish etdi xolos”, - deyiladi al-Bag’dodiya televideniyesi bergan bayonotda.

Telekanal al-Zoidiyning ozod etilishini so’ramoqda. Uning poyafzali Bushga tegmagan. AQSh rahbari sarosimaga tushmaganini aytib, hodisani prezidentlik davrida yuzlashgan eng ahmoqona vaziyat deb ta’riflamoqda.

[insert caption here]

Iroqdan so'ng Afg'onistonda to'xtab o'tgan prezident Bush Tolibon bilan kurash avjiga chiqayapti degan. Mamlakatni barqarorlashtirishga vaqt ketishini aytib, Pokiston bu jarayonda faol ishtirok etishi kerakligini ta'kidlagan.

Bush Afg'onistonga prezident sifatida so'nggi bor tashrif buyurdi. Uning aytishicha, ekstremizm ustidan g'alaba qozonish uchun fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, tibbiy muassasalar va maktablarni qurish zarur. Matbuot anjumanida mahalliy jurnalistlardan biri 7 yil davom etgan urushdan so'ng ham hayot yaxshilanmadi, Qo'shma Shtatlar bu borada va'dasi ustidan chiqmadi dedi.

Ammo AQSh prezidenti bunga javoban amalga oshirilgan bir necha ijobiy ishlarni tilga olib, Tolibon hokimiyatdan ag'darilganini alohida ta'kidladi.

"Endigi vazifa - Tolibonni butunlay yo'qotish," dedi Bush.

[insert caption here]

Ammo joriy yilda Tolibon kuchayib, xalqaro koalitsiya kuchlari va oddiy afg'onlarga qarshi xurujlar ko'paygan. Jangarilar ba'zi hududlar nazoratini o'z qo'liga olgan ekan, prezident Hamid Karzay ular bilan muzokara qilishga urinmoqda, ayniqsa mamlakat konstitutsiyasini tan olgan qismi bilan. Harakat yetakchisi Mulla Umar muloqot taklifini rad etgan.

Prezident Bush yangi rahbar Barak Obama boshchiligida Afg'onistonga qo'shimcha askarlar kiritiladi deb aytmoqda. Bu ishda Pokiston bilan hamkorlik qilish o'ta muhim, deydi u.

"Pokiston jangarilarga qarshi shiddatliroq kurash olib borishi, buning uchun birgalikda batafsil strategiya ishlab chiqish kerak," deydi Bush.

Afg'oniston va Pokiston rahbariyati ta'biricha, AQSh kuchlarining ba'zida fuqarolarni tasodifan nishonga olishi xalq orasida ularga bo'lgan ishonchga putur yetkazmoqda.

"Shunga qaramay Afg'oniston oyoqqa turib olmaguncha, kuchga to'lmaguncha, xalqaro hamjamiyat bo'shashmasligi zarur. Moliyaviy yordamni to'xtatmaslik lozim. Biz sizlarni osonlikcha qo'yib yubormaymiz," - dedi Karzay hazil qilib.

Kecha Fransiyada Afg'oniston tinchligiga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi. Unda Yevropa, Hindiston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston rasmiylari ham ishtirok etgan. Yopiq eshiklar ortida o'tgan muloqotda Eron ham qatnashishi kerak edi, ammo Fransiya bilan yadro dasturi bo'yicha kelishmovchiliklar tufayli majlisda ishtirok etishdan bosh tortgan.


E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
  Bosh mavzu

  Boshqa xabarlar