1979 yilda Avstriyaning Vena
shahrida asos solingan Xalqaro Folklor San’ati Tashkilotining (XFT) asosiy maqsadi
ijod va madaniyat orqali elatlararo hamjihatlikni mustahkamlash.
Yaqinda tashkilot AQShning Yuta (Utah)
shtatiga dunyoning iste’dodli yoshlarini yig’di. Yuta nasroniylarning mormon
mazhabi, konservativ va ibtidoiy qarashga ega sekta keng tarqalgan maskan. Biroq shtat madaniy o’choq ham
hisoblanadi.
Xalqaro Folklor San’ati Tashkiloti ijodkor yoshlarni
bejiz bu yerga taklif qilmagan. Yoz fasli Yutada turli mahalliy bayramlar
mavsumi. Amerikaning g’arbiy shtatlariga xos bo’lgan ko’tarinki kayfiyat hukm
suradi bu yerda. Tashkilotning ilk yoshlar kongressi shtat poytaxti Solt-Leyk-Siti (Salt Lake City)da bo'lib o'tdi.
Tashkilotning AQShdagi bosh
vakili Jorj Frandsenning aytishicha
festivaldan maqsad, yer yuzida yo’qolish xavfi ostida bo’lgan tarixiy
obida, til va madaniy boyliklarni saqlab qolish, ular haqida jahon ahlini voqif
etish.
Xalqaro Folklor San’ati Tashkiloti prezidenti Karmen
Padiyya fikricha madaniyatni asrash yoshlar qo’lida. “Ularga bu borada yo’l
ko’rsatish, qadriyat nima ekanini tushuntirish esa kattalarning vazifasi. Aks
holda kelajak avlod insoniyat o’tmishi va buguni haqida to’liq ma’lumot
ololmaydi”, - deydi Padiyya xonim.
|
Sakina Zeynalova, ozarbayjonlik rassom
|
Festivalda Gretsiya, Belgiya, Bolgariya, Kipr,
Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan kelgan ko’plab yoshlarni
uchratasiz.
“O’zarbayjon xalqining go’zal san’ati, madaniyat va
urf-odatlari bor. Bu yerda turli mamlakatlardan kelgan tengqurlarim bilan
uchrashar ekanman, o’zim bilan olib kelgan minatyura sana’atini
tanishtiryapman. Ozarbayjon rassomchilik tarixi, me’moriy obidalari va raqs
san’atini yorqin ranglarda namoyish etyapmiz”, - deydi Ozarbayjonlik yosh
rassom Sakina Zeynalova.
Kiprning turklar yashaydigan qismidan kelgan Chise
Zekay, “biz haqimizda dunyo yaxshi bilmaydi, o’z elatimni tanitish uchun bu
yerga keldim”, - deydi.
|
Xans Xoltz, XFTning bosh kotibi |
“Kipr turklari kichik jamoa. Bu yerga kelib, milliy
kiyimlarimizda chiqish qilishimiz, musiqa va raqsimizni namoyish etishimiz –
biz ham bu dunyoning bir parchasi ekanimizdan nishona”.
Tashkilot tarixi va so’nggi yillardagi faoliyati
haqida to’xtalar ekan, bosh kotib Xans Xoltz muammolar ham yo’q emas deydi.
“Madaniyat aloqalarni targ’ib qiluvchi
tashkilotlarning umumiy muammosi – moliya. Xalqaro Folklor tashkiloti a’zolik
badali yordamida faoliyat ko’rsatadi. Biroq a’zolarimizning aksariyati
iqtisodiyoti sust bo’lgan mamlakatlardan va shu kichik to’lovlarimiz ham ularga
og’ir kelyapti. Bu esa ayrim tadbirlarimizni biz istaganimizdek o’tkazishga
imkon bermaydi. Hozirgi kunda yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish xususida
muzokaralar olib boryapmiz. Biroq tashkilotga ko’proq a’zolarni jalb qilish
asosiy masalalardan”, - deydi janob Xoltz.
O’zbekistondan qatnashchilar ko’p emas, ammo ko’zga
ko’rinarli. Ulardan biri - mumtoz va
zamonaviy janrdagi qo’shiqlari bilan tanilayotgan yosh xonanda Dilmurod
Musayev.
|
Dilmurod Musaev, o'zbekistonlik yosh xonanda
|
“Men o’zim bilan o’zbek
milliy cholg’u asboblari: tanbur va dutorni olib keldim. Shu cholg’ular
jo’rligida Toshkent maqom yo’llari, Xorazm maqom yo’llari, Buxoro-Toshkent,
Farg’ona-Toshkent… Samarqand ushshog’i, Toshkent irog’i, Bozurgoniy kuylarini
aytib berdim. Bu kuylar orasidagi farqi nimada deb so’rashdi. Farqi aytilish
usulida, qochirim yo’llarida bo’lishini ko’rsatib berdim”.
Yoshlarning mumtoz
kuylarga qiziqtirish birdan bo’ladigan ish emas, bu ko’proq oilaviy tarbiyaga
bog’liq, deydi Dilmurod.
“Yoshlarning mumtoz
kuylarga qiziqishini yomon yoki yaxshi deb bo’lmaydi. Ularning bu yo’nalishga
qiziqtirish oilaga bog’liq. Masalan yoshligimizda ota-onam shu qo’shiqlarni
majburlab eshittirishgan, qulog’imizga singdirishgan, musiqaning ma’nosi haqida
tushuntirishgan. Maslahatim oilaviy sharoitdan kelib chiqib yondashilsa, har
bir sohaga qiziqish uyg’otsa bo’ladi”, - deydi Dilmurod Musaev.
Festivalda Markaziy Osiyo tarixi, o’zbek
ufr-odatlari, musiqa va ijro san’ati, cholg’u asboblari, qolaversa mamlakatdagi
me’moriy obidalarga qiziqish katta bo’ldi.
Turli millat yoshlari birlashib, Xalqaro Folklor
San’ati Tashkiloti va UNESCO homiyligidag maxsus komissiya tuzishga kelishib
oldi. Yangi komissiya jahon yoshlari bilan internet orqali bog’lanib, san’atga
e’tiborni oshirish, qadriyatlarni tiklash va avaylash g’oyalarini targ’ib
qilmoqchi.
O’zbekistonlik Dilmurod Musaev
ushbu tashkilotni tanitish uchun maxsus kuy bastalash niyatida. Ana shu kuy
orqali balki o’lkadagi boshqa iste’dodlarni o’zaro hamkorlik va madaniyat
kelajagi uchun qayg’urishga chorlay olar.
Tashkilot haqida qo’shimcha ma’lumotlar: www.iovworld.org