|
Nikolas Daniloff O'zbekistonda jurnalistika rivoji uchun hissa qo'shishga uringan professorlardan
|
Shu kunlarda G’arb kitobxonlari orasida mutolaa
qilinayotgan tarixiy asarlardan biri “Josuslar va So’zlovchilar: Sovuq Urush
Muxbiri Sifatidagi Hayotim” deb ataladi. Muallif kelib chiqishi rus, biroq
Fransiya va Amerikada ulg’aygan, 1960-80 yillarda Moskvadan turib yozgan o’tkir
maqolalari bilan nom qozongan jurnalist -Nikolas Daniloff.
Daniloff 2000-2001 yillarda O’zbekiston Davlat Jahon Tillar
Universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Shuningdek, bu soha rivoji yo'lida akademik hamkorlik va almashinuv dasturi ham ishlab chiqqan. Shu asosda o'zbekistonlik bir necha talaba va o'qituvchilar Amerikaga safar qilib, jurnalistika maktablari va matbuoti bilan tanishgan.
Nikolas Daniloffning katta bobosi
Aleksandr Frolov dekabrist bo’lgan; 1825 yilning dekabrida rus podshosi Nikolay
I ni taxtdan ag’darishga uringan inqilobchilardan biri.
Daniloffning oilasi
1917 yilda Bolsheviklar Inqilobi yuz berayotgan paytda Rossiyani tark etib,
Fransiyaga yo’l oladi va keyinchalik Amerikadan panoh topadi. “Buvim Anna
Nikolayevna Danilova menga rus o’g’loni ekanimni va bir kun kelib ona vatanimga
qaytishim muhim deya uqtirar edi”,- deydi Nikolas Daniloff.
|
"Josuslar va So'zlovchilar: Sovuq Urush Muxbiri Sifatidagi Hayotim" Muallif Nikolas Daniloffning aytishicha kitob yaqin kelajakda rus tiliga tarjima qilinishi mumkin.
|
Taqdir taqozosi va ezgu maqsadi
bilan Daniloff ota-bobolari ortda qoldirgan yurtga 1961 yilda amerikalik muxbir
sifatida boradi. Rus tilini bilgani uning uchun ham foyda, ham zarar edi.
Boshqa xorijiy muxbirlar singari KGBning doimiy nazorati ostida ishlagan. 1985
yilda AQShda rus olimi Gennadiy Zaxarov josuslikda ayblanib ushlanganida, KGB
Daniloffni Moskvada hisbga oladi.
AQSh-Rossiya o’rtasida keyingi ikki hafta
davomida kechgan muzokaralar kelishuv bilan yakunlangach “josuslar”
almashinadi. SSSRning sobiq rahbari Mixail Gorbachev Daniloffning qamoqqa
olinishini “siyosiy o’yin” deya tan olib,
jurnalistning aybsiz ekanini aytgan.
“Bu Sovuq Urushning bir ko’rinishi
bo’lgan xolos”,- degan Gorbachev 1992 yilda AQShda so’zlaganida. “Sovuq Urushda
nimalarni ko’rmadik, boshdan kechirmadik”,- deydi Daniloffning o’zi.
Jurnalistlar o’shanda ham, bugungidek, eng xavfli kasb egalari edi.
"Erkinlik hamisha tor ma’noda
talqin qilinadi. Ayniqsa, Sovet Ittifoqi va undan keyin vujudga kelgan mustaqil
davlatlarda. Ko’pchilik erkinlik bu xohlagan narsangni xohlagan paytda qilish
deb o’ylaydi. Erkinlik va mas’uliyat yonma-yon yurishini, bir-birisiz inson
hech narsaga erisha olmasligini anglashmaydi. Balki shu bois bugun sobiq
SSSRdan qolgan jamiyatlar demokratiya nima ekanini anglay olmayapti. Hukumatlar
uchun so’z va fikr erkinligini bo’g’ish eng kuchli siyosatdek tuyuladi. Odamlar
tanqid va tahlil, o’z-o’zini tanqid qilish aslida foydali ekanini bilmaydi".
Nikolas Daniloff nazarida
jurnalistlardan xavfsirash, tanqidiy maqolalar yozgan muxbirlarga xalq yoki
davlat dushmani deb qarash - ham siyosiy boshqaruv, ham mentalitetga xos narsa.
Bunday fikrlash odamlar ongiga shunchalik singib ketganki, deydi Daniloff,
mustaqillikning mana 17 - yilida ham yana shu holatga guvoh bo’layapmiz.
|
Ronald Reygan va Mixail Gorbachev Gorbachev 1992 yil AQShga safar qilganida, Nikolas Daniloffning 1985 yilda "josuslikda gumon qilinib" ikki hafta qamoqda saqlanishi, Sovuq Urushning bir ko'rinishi edi xolos deya jurnalistning aybsiz bo'lganini tan olgan.
|
"Hammasi so’z erkinligiga borib
taqaladi. Amerikada, masalan, bu davlat asoschilari boshidan, matbuot
hukumatning kuzatuvchisi, jamiyatning zaif tomonlarini fosh etuvchi kuch
bo’ladi deb qaragan va buning uchun ham qonuniy, ham amaliy zamin hozirlagan.
Nazarimda Markaziy Osiyo davlatlarida bunday ish tutilmadi. Rahbarlar tanqiddan
qo’rqadi, chunki hokimiyatni boy berib qo’yaman deb cho’chiydi. Muxolifatga toqat
qila olmaydi. Qarabsizki, jurnalist jamiyatdagi o’zgarishlarni yoritish
vazifasini o’tay olmaydi",- deydi Daniloff.
Vaholanki O’zbekistonda, masalan,
davlat konstitutsiyasi va qator qonunlar axborot olish va tarqatish erkinligini
kafolatlaydi. Senzura man etilgan.
"O’zbekistonda bu borada sakkizta
qonun bor”, - deydi O’zbekiston radiosi muxbirlaridan biri. “Lekin oddiy
muammolarni ham yorita olmaymiz. Chunki axborot olish qiyin. Ma’lumot uchun
murojaat qilsangiz, sizga xorij josusidek qarashadi",- deydi ism-sharifini ayon
etishni istamagan bu jurnalist.
Erkinlik cheklangan muhitda,
deydi Nikolas Daniloff, jurnalist ba'zida ko’r, soqov va garang bo’lishga
majbur.
"Chet el matbuotiga ishlashning,
ba’zida buni sir tutishning aybi yo’q.
Ayrimlar, tajribamdan bilamanki, bugun guvohi bo’layotgan voqealarni
yozadi-yu, kelajakka asrab qo’yadi".
Sovet davrida, deydi Nikolas
Daniloff, faqatgina rasmiy ma’lumot xabar sifatida ko’rilar edi.
|
Erkinlik cheklangan jamiyatlarga xos narsa shuki, deydi keksa jurnalist Nikolas Daniloff, odamlar o'z-o'zini tanqid qilish aslida foydali ekanini tushunmaydi. Erkinlik bunday muhitda juda tor ma'noda talqin qilinadi. |
"Hukumat qarori emasmi,
demak yangilik sanalmas edi. Xorijiy muxbirlar ham Sovet senzurasidan o’tar
edi. Jurnalistlar xavfli mavzularni chetlab o’tishni o’rgangan va bu odat shu
kungacha ham saqlab qolingan".
Daniloff fikricha bugun ham
matbuot uchun “kompromis” – murosa qilishdan boshqa yo'l yo'qdek.
O’zbekistonda kundalik axborot
hamon rahbariyat buyruq va qarorlari, rasmiy majlislar bilan cheklanadi. Biroq
muammolar muhokama qilinmaydi. Jurnalistika xalq fikrini shakllantiruvchi kuch
ekan, deydi keksa muxbir, bu sohani cheklash bilan hukumat “xalq mushohada
qilmasin, bilmasin va o’ylamasin” demoqda.
Toshkentdan turib mulohaza
bildirgan mahalliy jurnalist “Toshkent markazida butunboshli binolar buzildi.
Biroq biz o’zbekistonlik jurnalistlar bu borada ma’lumot bermadik. Hech kim
hech narsa bilmaydi”, - deydi.
O’zbekistonda
mish-mishlar, og’izdan-og’izga o’tadigan gaplarga yetadigani yo’q. Odamlar
haqiqatni matbuotdan emas, ko’chadagi gaplardan izlaydi. Daniloff chet el gazeta, televideniye va
radiolariga ishlovchi o’zbekistonliklarning davlat axborot vositalarida tanqid
qilinayotgani achinarli hol deydi.
"Bu jurnalistlarga maslahat
berish qiyin. Kasbimiz shu. Tanqidni ko’tara olmaydigan rahbariyat har narsaga
qodir”,- deydi Daniloff.
O’zbekistonda jurnalistikadan
dars bergan professor, mamlakatda soha yuzaki o’qitilishini, kasb sirlari puxta
o’rgatilmasligini, yuqorida tilga olinganidek, erkinlik va mas’uliyat
bir-biriga chambarchas bog’liq ekanini va bunga amal qilmagan har qanday
mutaxassis qoqilishi mumkinligini eslatadi.
Jurnalistika faqatgina sensatsion,
odamlarni yo hayratga, yo vahimaga soladigan holatlarni yoritish emas deydi u.
Matbuot xalqqa uning hayoti bilan bevosita bog’liq, shaxs va jamiyat uchun
muhim o’zgarishlar haqida ma’lumot yetkazishi kerak.
Hukumatning vazifasi xalq
hayotini yengillashtirish bo’lsa, matbuot bu ish qanday bajarilayotganini
kuzatadi. Har ikkisi pand berishi yoki bir-birini tushungan holda, jamiyatga
birdek xizmat qilishi mumkin deydi Nikolas Daniloff.
Yarim asrdan oshiq davrni
yoritgan jurnalist bunday qoqilish va muvaffaqqiyatlarga ko’p marta guvoh
bo’lgan. Erkinlik keng qanot yozgan va yozmagan jamiyatlarda.